Jamiyat | 16:26 / 14.11.2022
33431
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda kelin qaynonasini urdi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

13 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Xorazmda kelin qaynonasini urib qiynadi” sarlavhasi ostida videolavha tarqalib, unda bir ayol boshqa bir ayolning bosh qismiga qo‘li bilan urgani, jabrlanuvchi ayol esa bu vaziyatda qarshilik ko‘rsatmagani aks etgan.

Mazkur videolavha yuzasidan Xorazm viloyati IIB mas’ul xodimlari tomonidan olib borilgan dastlabki o‘rganishlar jarayonida quyidagilar ma’lum bo‘ldi.

Videolavhadagi holat Urganch tumani Shermatlar mahallasida sodir bo‘lgan. Aniqlanishicha, ushbu xonadonda yashovchi, M.J. o‘zaro kelishmovchilik sababli qaynonasi Yo.Sh. bilan nizolashib kelgan va qaynonasining betob bo‘lib yotganidan foydalanib, qo‘li bilan bosh qismiga urgan.

Ushbu holatni jabrlanuvchining turmush o‘rtog‘i qo‘l telefoni orqali videotasvirga olib, joriy yilning 4 noyabr kuni Urganch tumani IIBga taqdim etgan.

O‘z navbatida, Urganch tumani IIB tomonidan 4 noyabr kuni fuqaro Yo.Sh.ga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan, M.J.ning xatti-harakatlari yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Fuqaro Yo.Sh.ga nisbatan kelgusida kelini tomonidan zo‘rlik va tazyiq o‘tkazilishining oldini olish maqsadida Himoya orderi rasmiylashtirildi.

Mavzuga oid