Toshkent xalqaro aeroporti eng «stressli» aeroportlar ro‘yxatiga kiritildi
Dunyodagi stress darajasi eng yuqori bo‘lgan aeroportlar orasida Buyuk Britaniya, Gretsiya va Fransiya havo portlari «yetakchilik» qilmoqda. Ro‘yxatda Toshkent xalqaro aeroporti ham bor.
Hawaiian Islands axborot portali dunyodagi stress darajasi eng yuqori bo‘lgan aeroportlar reytingini tuzdi.
Reytingda Britaniyaning Manchester shahri aeroporti birinchi o‘rinni egalladi – internetda ushbu maskan haqidagi sharhlarning qariyb 82,5 foizida salbiy ma’lumotlar yoki shikoyatlar bor. Yo‘lovchilar sharhlarda «sharmandalik», «yetishmaslik», «navbatda turish» va «fars» so‘zlarini eng ko‘p ishlatishgan.
Stress darajasi yuqori bo‘lgan ikkinchi aeroport Gretsiyaning Iraklion shahridagi «Nikos Kazandzakis» havo porti (82,12 foiz) bo‘ldi, uchinchi o‘rinda Angliya poytaxti London shahridagi Stansted havo porti (77,5 foiz). Ulardan keyingi o‘rinlarni Kanadaning Toronto, Fransiyaning Bordo, Angliyaning Luton va Bristol, Germaniyaning Berlin, Belgiyaning Bryussel aeroportlari egallagan.
Hawaiian Islands axborot portali reytingiga ko‘ra, O‘rta Sharq va Markaziy Osiyo hududi bo‘yicha eng stressli aeroport – Turkiyaning Istanbul shahridagi Sabihe Go‘kchan aeroporti (62,65 foiz) hisoblanadi. Isroilning Ben Gurion aeroporti (53,58 foiz) ikkinchi, Turkiyaning Antaliya aeroporti (53,04 foiz) uchinchi o‘rinda qayd etilgan.
Shuningdek, ro‘yxatda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti ham bo‘lib, 46,02 foiz ko‘rsatkich bilan 7-o‘rinda qayd etilgan.
Reytingda Qozog‘istonning Olmaota aeroporti (46,84 foiz) beshinchi, Chimkent aeroporti (40,03 foiz) o‘n to‘rtinchi, Astana aeroporti (35,96) yigirmanchi, Qirg‘izistonning Manas aeroporti (37,48 foiz) o‘n oltinchi o‘ringa loyiq ko‘rilgan.
Reytingni tuzishda tadqiqotchilar dunyoning 500 dan ortiq aeroportlari bo‘yicha Google platformasida qoldirilgan 1500 dan ortiq sharhlarni o‘rganib chiqishgan. Aeroportlar noroziliklar chastotasi va shikoyatlari soniga qarab tartiblangan.
Mavzuga oid
19:37 / 19.12.2024
Xitoy sun’iy orolda dunyodagi eng yirik aeroportlardan birini quradi
13:24 / 16.12.2024
AQShdagi aeroport noma’lum dronlar tufayli yopildi
13:21 / 16.12.2024
Toshkent aeroporti hududidan fuqaroga do‘kon ochishda yordam va’da qilgan shaxs ushlandi
00:04 / 03.12.2024