O‘zbekiston | 18:10 / 16.11.2022
27019
5 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Usmon Nosir qabri Rossiya o‘rmonlarida hamon tashlandiq holda qolib ketyapti

Jurnalistlar shoirning jiyani Nodira Rashidova bilan suhbat qilib, uning qabri nega hanuzgacha qarovsiz qolayotgani masalasini ko‘tarishdi. Yozuvchilar uyushmasining izoh berishicha, shoir qabrini obodonlashtirish ishlari Rossiyadagi tahlikali vaziyat sabab kechikyapti.

O‘zbek she’riyatiga “shamolday kirib kelgan” ta’rifi beriladigan marhum shoir Usmon Nosir tavalludiga 13 noyabrda 110 yil to‘ldi. “Markaziy studiya” ko‘rsatuvining 13 noyabrdagi efirida jurnalistlar shoirning jiyani Nodira Rashidova bilan suhbat qilib, uning qabri nega hanuzgacha qarovsiz qolayotgani masalasini olib chiqishgan.

Usmon Nosir singlisining qizi dramaturg Nodira Rashidova bo‘ladi. U tog‘asi haqida xotiralarini hikoya qila turib, Usmon Nosirning ayanchli taqdiriga sabab bo‘lgan voqeani shunday eslaydi.

“Moskvada Pushkinga bag‘ishlangan plenium bo‘lganda Aleksandr Bezymenskiy degan odam Gyotedan o‘qib bermoqchiligini aytib, she’r o‘qib bersa, tog‘am siz Shillerdan o‘qib berdingiz, degan. Keyin u tog‘amning yelkasidan quchoqlab, “Sharqda Pushkin paydo bo‘ldi. Mana u”, deb tog‘amni ko‘rsatgan. Shu voqea sababmi tog‘am o‘zi bilan bir davrda qalam tebratgan ba’zi adiblarning hasadi qurboniga aylangan”, – deydi u.

Shoir jiyanining aytishicha, 1952 yilda Magadan lageri surgunidan omon qolganlarga Usmon Nosir o‘limi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatish topshirig‘i beriladi.

“Tog‘am haqida uning fe’li yomonligi uchun muzlab, daraxtlarga bog‘langan, oyoq-qo‘llari kesib tashlangan. Faqat tana va boshi qolgan deb gap tarqatishgan”, – deydi u.

O‘sha paytda 15 yoshda bo‘lgan Nodira Rashidova Magadan Ichki ishlar bo‘limlariga xat yozib, tog‘asining xastalik sabab 1944 yil 9 martda Kemerovada vafot etganini aniqlaydi.

“Agar tog‘am fe’li ortidan qiynoqqa solinib o‘lgan bo‘lsa, 1940 yil Stalinga yozgan xati manziliga yetib bormagan bo‘lardi. Zonaning rahbarlari Usmon Nosir bilan gaplashib, u butunlay boshqa inson ekanini tushunib yetishgan. O‘shda ham bosti-bosti qilishgan. Usmon Nosir qamoqda Stalinga 3ta pesa yozganini aytgan. Men ularning tagiga yetdim. Ekspertlar topib berishdi”, – deydi Rashidova.

Shu o‘rinda ko‘rsatuv mualliflari Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini nishonlash bo‘yicha 2022 yil 10 fevralda prezidentning “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi sust bajarilganiga e’tibor qaratishgan.

Usmon Nosir tavalludi 110 yilligi munosabati bilan Namanganda uning haykali qurilgani, adib hayotida oid spektakllar qo‘yish kabi qator ma’rifiy ishlar bajarilganini ko‘rish mumkin. Biroq prezident qarorida aytilgan Usmon Nosirning hayoti va faoliyatini, xususan, uning qatag‘on davrida kechgan yillarini o‘rganish, hozirga qadar noma’lum bo‘lib kelayotgan qo‘lyozma asarlarining taqdiri haqida ma’lumotlar to‘plash qismi bajarilmay qolmoqda.

Bunga javoban O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi G‘ayrat Majid Usmon Nosirning qatag‘on davridagi faoliyatini o‘rganish Rossiyadagi siyosiy vaziyat tufayli to‘xtab qolganini ma’lum qilgan.

“Rossiyadagi hozirgi tahlikali vaziyat sabab to‘xtab qoldi. Keyingi yilning 1-choragida shu ishlarni amalga oshiramiz”, – degan u.

Lavha mualliflari Usmon Nosir qabri joylashgan manzil Kemerovo viloyatining Suslovo qishlog‘i madaniyat uyi rahbari Tatyana Stepanova bilan bog‘lanishgan. Tarixchining so‘zlariga ko‘ra, oxirgi marta bundan bir necha yil oldin qabr ziyoratiga faqat adib singlisining qizi kelgani va ayni paytda qabrga olib chiquvchi yo‘lning o‘zi ham yo‘qligini, qabrga borish uchun yetarlicha yayov yurishga to‘g‘ri kelishini ma’lum qilgan.

“Qabrga olib boradigan yo‘l, qabr atrofini madaniylashtirish uchun qandaydir moliyaviy ko‘mak kerak bo‘ladi. O‘zbeklar o‘zlarining shoirlari xotirasini abadiylashtirishsa juda yaxshi bo‘lardi”, – degan Madaniyat uyi rahbari.

Umuman Suslova qishlog‘ida faqat Usmon Nosir emas, u bilan bir paytda yashagan o‘nlab o‘zbek ziyolilari ham otib tashlab ko‘mib yuborilgan. Shunday ziyolilardan biri Fayzullla Xo‘jayev qabrini ziyoratgohga aylantirish masalasiga Kun.uz bilan suhbatda Xo‘jayevning jiyani Sulaymon Inoyatov ham e’tibor qaratgandi. O‘zbekiston hukumati qatag‘on davrida rus o‘rmonlarida ko‘mib yuborilgan vatandoshlari qabrini obod joyga aylantirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratishi kerak. Bu bilan nohaq qatag‘on qilinganlar xotirasiga qisman bo‘lsa-da hurmat ko‘rsatilgan bo‘lardi.

Mavzuga oid