Sport | 20:15 / 18.11.2022
15376
18 daqiqa o‘qiladi

JCh-2022 tanishtiruvi: qo‘rquv nimaligini bilmaydigan, sovuqqon «nemis mashinasi»

Mundiallardagi chempionliklar soni bo‘yicha faqat Braziliyadan (5) ortda qolayotgan Germaniya Qatarda ham favoritmi? Rossiyada o‘tgan 2018 yilgi musobaqada buzilib qolgan (guruhda qolib ketgan) «nemis mashinasi» yana katta sahnaga qaytadimi?

Foto: Getty Images

FIFA reytingidagi o‘rni — 11

JCh-2022 sari yo‘l — 9 g‘alaba, 1 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 36:4.

Saralashdagi eng yaxshi to‘purar — Serj Gnabri (5), Ilkay Gundo‘g‘an (5), Timo Verner (5).

Mundiallardagi eng yaxshi natijasi — chempionlik (1954, 1974, 1990, 2014).

Guruh bosqichidagi o‘yinlari

23 noyabr, 18:00. Germaniya — Yaponiya

27 noyabr, 23:59. Ispaniya — Germaniya

1 dekabr, 23:59. Kosta-Rika — Germaniya

TARKIB

Hans-Diter Flik tarkibga 26 futbolchini kiritdi.

Darvozabonlar: Manuel Noyyer («Bavariya»), Mark-Andre ter Stegen («Barselona»), Kevin Trapp («Ayntraxt»);

Himoyachilar: Armel Bella-Kochap («Sauthempton»), Mattias Ginter, Kristian Gyunter (ikkisi ham – «Frayburg»), Tilo Kerer («Vest Hem»), Lukas Klostermann, David Raum (ikkisi ham – «RB Leypsig»), Antonio Ryudiger («Real»), Niko Shlotterbek, Niklas Zyule (ikkisi ham – «Borussiya» Dortmund);

Yarimhimoyachilar: Yulian Brandt («Borussiya» Dortmund), Leon Goretska, Yozua Kimmih, Tomas Myuller, Jamal Musiala, Leroy Sane (barchasi – «Bavariya»), Mario Gyotse («Ayntraxt»), Ilkay Gundo‘g‘an («Manchester Siti»), Kay Haverts («Chelsi»), Yonas Hofmann («Borussiya» Menxengladbah);

Hujumchilar: Niklas Fyullkrug («Verder»), Serj Gnabri («Bavariya»), Karim Adeyyemi, Yussufa Mukoko (ikkisi ham – «Borussiya» Dortmund)

Jarohati bois Marko Roys («Borussiya» D) va Timo Verner («Leypsig») musobaqani o‘tkazib yuboradi.  Mats Hummels («Borussiya» D), Emre Jan («Borussiya» D), Robert Gosens («Atalanta») kabi futbolchilar tarkibdan tushib qoldi.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Noyyer – Hofmann, Zyule, Ryudiger, Raum – Kimmih, Gundo‘g‘an – Gnabri, Myuller, Sane – Haverts.

MURABBIY VA O‘YIN USLUBI

Hans-Diter Flik Germaniya milliy jamoasi bosh murabbiyi hisoblanadi. Flikning faoliyati 1996 yili «Viktoriya Bammental»da o‘ynovchi murabbiy sifatida boshlangan. 2000 yilda Hansi Hoffenhaymga jo‘nab ketdi. U o‘zining debyut mavsumidayoq klubni 3-divizionga olib chiqdi, ammo keyingi to‘rt mavsumda ikkinchi Bundesligaga o‘tish vazifasi bajarilmadi, shuning uchun 2005 yilda klubni tark etdi.

Keyin Flik dunyoning eng mashhur murabbiylaridan biri bo‘lgan Jovanni Trapattoni qo‘l ostida ko‘p narsalarni o‘rgandi, ayniqsa, taktika va futbolchilar bilan munosabatlarni rivojlantirishni. Lekin u Trapattonining himoyaga qaratilgan yondashuviga qo‘shilmasligini ham aytgan.

2006 yil 23 avgustda Flik Germaniya milliy jamoasining yordamchi murabbiyi etib tayinlandi va u yerda 8 yilni o‘tkazdi. 2017 yil 16 yanvarida Germaniya futbol assotsiatsiyasining sport direktori lavozimini egalladi.

2019 yil 1 iyulda u Niko Kovach boshqaruvidagi «Bavariya»ga yordamchi murabbiy sifatida qo‘shildi. 2019 yil 3 noyabrda xorvatiyalik mutaxassis Myunxen klubini tark etganida, Flik vaqtinchalik murabbiyga aylandi. Qoniqarli ishi natijasida 2019 yil 22 dekabrda Hansi mavsum oxirigacha murabbiy sifatida qolishi e’lon qilindi. 2020 yil aprel oyida «Bavariya» Flik bilan 2023 yilgacha yangi shartnoma imzoladi. 2021 yil 17 aprelda murabbiy klubga mavsum oxirida ketishni xohlayotganini, milliy jamoaga ustozlik qilish istagini bildirdi.

Flik «Bavariya»ni zamonaviy futbol tarixidagi eng katta g‘alabali rekordlardan biri bilan tark etdi. Uning davrida «Bavariya» bor-yo‘g‘i 7 ta o‘yinda mag‘lub bo‘ldi va 7 ta sovrinni qo‘lga kiritdi — ikki marta Bundesliga, Germaniya Kubogi, Chempionlar Ligasi, Germaniya Superkubogi, UYeFA Superkubogi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati.

Flik futbol tarixidagi eng yuqori g‘alaba qozonish ko‘rsatkichlaridan biriga ega bo‘lib, o‘yinlarning 83 foizida g‘alaba qozongan va uning «Bavariya»si barcha musobaqalarda har bir o‘yinda o‘rtacha 3 ta gol urgan. 2020 yil oktyabr oyida u Yevropaning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.

2021 yilning 25 may kuni Germaniya futbol assotsiatsiyasi Flikni bosh murabbiy sifatida tanishtirdi. 3 yillik shartnoma 2021 yil 1 avgustdan kuchga kirdi.

Germaniya milliy jamoasi o‘yin sxemasi: 4-2-3-1.

O‘yin uslubi: dominant futbol, ​​minimal yo‘qotishlar, tayanch zonasini nazorat qilish.

Germaniya milliy jamoasi uslubining o‘ziga xos xususiyati to‘pga egalik qilish hududlarida o‘yinchilarning zich joylashishidir. Bu nafaqat hujum variantlarini oshirishda, balki qarshi pressing sifatida ham samarali. Bu uslub o‘yinchilarda xatolar soni kamayishiga va ularning to‘g‘ri pozitsiya tanlashlariga olib keladi.

Nemislar markazni nazorat qilishda sezgir, bu ularga qarshi hujumga tushish xavfini kamaytirishga va hujumni ikkinchi tempda davom ettirishga imkon beradi. Ta’kidlash kerak bo‘lgan asosiy narsa — Germaniya o‘ynaydigan pozitsion hujumlar vaqtida himoya chizig‘i tayanch hududiga o‘tib, maydon markazini egallaydi.

Hujum guruhi chalg‘ituvchi manevrlar bilan shug‘ullanadi, raqib himoyasi e’tiborini o‘ziga qaratadi va bo‘sh hududlarga yuguradi.

YeTAKChILAR

Yozua Kimmih — yashirin yetakchi.

Lam, Gomes va Kroos milliy jamoani tark etar ekan, doim jarohat oladigan Roys o‘rniga Germaniyaga yangi qahramon kerak edi. Va u Yozua Kimmih bo‘ldi.

Uni tizimning barcha asosiy mezonlariga javob beradigan 100 foiz nemis futbol maktabi mahsuloti deyish mumkin.

Kimmihning asosiy xususiyatlari — samaradorlik va maydonni ko‘rish. U juda ko‘p qirrali va himoyadan tortib to hujumga qadar istalgan joyda o‘ynay oladi, lekin Kimmih ko‘pincha tayanch zonasida harakat qiladi. Agar Germaniya milliy jamoasida almashtirib bo‘lmas futbolchi bo‘lsa, u albatta Yozuadir.

Antonio Ryudiger — mudofaa qo‘rg‘oni.

Ryudiger bir necha yil ichida yaxshi himoyachidan yuqori darajali futbolchiga aylandi. Himoyaviy sifatlardan tashqari Antonioda hujumkorlik mahorati ham bor – uzatma, bosh bilan gollar, kuchli zarbalar.

Ryudiger markaziy himoyachi uchun aql bovar qilmaydigan tezlikka ega — bir yil oldin u 36,7 km/soat tezlik qayd etib, Premer-liganing eng tezkor futbolchisi sifatida tan olingandi. Himoyada barqarorlik yetishmayotgan Germaniya uchun Antonio nihoyatda muhim.

Leroy Sane — eng xavfli futbolchi.

Sane ko‘p tanqidga uchraydi, ba’zida haqli, ba’zida esa yo‘q.

Lekin u qoyilmaqom driblingi orqali chap qanotda keskinlik hosil qiladi. U ko‘p gollar urishi shart emas, Leroy bir necha raqibni ketma-ket aldab o‘ta oladi, Aren Robbendagidek texnikasi bor. Shuningdek, Sane — ajoyib pleymeyker.

KUChLI VA KUChSIZ TOMONLARI

Kuchli tomonlari: tizim, baza, g‘oliblik mentaliteti.

Kuchsiz tomonlari: hujumchi ampluasi, avlodlar inqirozi, do‘stona muhit yo‘qligi.

Germaniya futbol tizimi — bu katta plyus. Germaniya 2006 yilgi jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng futbol inqilobini amalga oshirdi.  Milliy jamoada kim murabbiy bo‘lishidan qat’i nazar, har doim shunday o‘ynaydi. Germaniya futbol ittifoqida murabbiy tushishi kerak bo‘lgan o‘ziga xos dastur va shartlar mavjud. Futbolga qarashlar o‘xshash bo‘lishi kerak. O‘yinchilar o‘smirlar va yoshlar jamoalari orqali asosiy jamoaga chiroyli tarzda olib kelinadi, ularning barchasi bir xil dastur bo‘yicha ishlaydi.

Qolaversa, «Bavariya»dek tayanch klub ham xuddi shu tizim bo‘yicha o‘ynaydi, bu esa futbolchilarning moslashuvini osonlashtiradi.  Futbolchilar mahoratli. Nemis o‘yinchisini to‘p bilan muomalada yoki uzatmalarda xato qilishini kamdan kam ko‘rasiz. Germaniyada milliy jamoaning o‘yin uslubiga moslashishda muammo yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas, chunki yuqorida aytilganidek, tizim barcha futbolchilarga tanish.

Nemislardan tortib olib bo‘lmaydigan narsa bu g‘oliblik mentalitetidir. Maydonga tushgach, faqat bitta maqsad – g‘alaba borligini bilishadi. Jamoaning o‘tmishdagi muvaffaqiyatlari va yoshlarga tarbiya nemis tizimi hukmronligiga ishonch uyg‘otadi. Germaniya har doim ishonchli o‘ynaydi. Ko‘zda qo‘rquv va oyoqlarda qaltirash yo‘q.

Nemis futbolining so‘nggi yillardagi asosiy muammosi — top-hujumchi yo‘qligi. Yaxshi hujumchilar bo‘lgan va bor — hozir esa Timo Verner, lekin uni yulduz deyish qiyin, ayniqsa, individual mahorat borasida. Ehtimol, bu nemis tizimiga bog‘liq, unda hujumchilik noaniq tushunchadir. Verner — buning eng yaxshi isboti. U mexanizmning bir qismi sifatida yaxshi, lekin individual ravishda unchalik yorqin emas, sheriklar yordamisiz yo‘qoladi.

Germaniyada avlodlar almashinuvida inqiroz kuzatilyapti. Bunday holat katta jamoalarda tez-tez sodir bo‘lmaydi. O‘ylab ko‘ring: 26 yoshgacha bo‘lgan qancha kuchli nemis futbolchilarini bilasiz? Musiala 19 yoshda, kelajagi qanday bo‘lishi hozircha noma’lum. Yodga faqat Haverts keladi, u yaxshi, lekin Roys yoki O‘zil darajasida emas. Kimmih va Sane kabi kuchli futbolchilar bor, ammo juda kam.

Muhit. Germaniya milliy jamoasiga jahon chempionati arafasida o‘z atrofida yaratayotgan muhit xalal berishi mumkin. Ular futboldan ko‘ra inson huquqlarining buzilishi haqida ko‘p gapirishmoqda. Katta turnir oldidan shov-shuvlar hech qachon yaxshilikka olib kelmaydi. Har doim maksimal natijaga intiladigan jamoa futbolchilarining bunday mavzularga chalg‘ishi g‘alati.

OMADSIZ ROYS, GYoTseDAN QAYTISh

Marko Roys Qatardagi jahon chempionatida Germaniyaga yordam bera olmaydi. «Borussiya» Dortmund sardori sentabr oyida to‘pig‘idan jarohat olgandi va tiklanishga ulgurmadi.

Bu — hujumchi sog‘ligi sababli o‘tkazib yuboradigan beshinchi yirik turnir.

Hansi Flik oxirigacha Marko tuzalib, jarohat olgan Timo Vernerning o‘rnini bosishiga umid qilgandi. Hatto futbolchi va Flik o‘rtasida og‘zaki kelishuv bo‘lgan — Marko turnirgacha kamida bitta to‘liq o‘yin o‘tkazsa ham Qatarga borardi.

Bu — Marko uchun navbatdagi shaxsiy fojia. U JCh-2014da — Braziliyaga ketishdan bir kun oldin jarohat olgandi. O‘sha mavsum Roys uchun muvaffaqiyatli bo‘lgan — nemis barcha turnirlarda gol+pas tizimida 43 ochko to‘plagan va turnir oldidan milliy jamoaning asosiy yetakchilaridan biri sifatida e’tirof etilgandi. Braziliyaga jo‘nab ketishdan bir kun avval nemislar Armaniston o‘rtoqlik bahsini o‘tkazishgan va hujumchi safdan chiqqan. Braziliyada nemislar hammani mag‘lub etishdi, finalda Argentina (1:0) ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng Mario Gyotse Markoning libosini ham olib chiqdi, biroq Roys marosimni ko‘rmadi – u final hushtagi chalinganidan so‘ng televizorni o‘chirib, darhol uxlashga yotdi. 

Roys Yevro-2016dan oldin Germaniya Kubogi finalida yana jarohat oldi  va navbatdagi yirik turnirni o‘tkazib yubordi. Marko 6 oy maydonga tushmadi, qaytganidan keyin ham doimiy jarohatlardan aziyat chekdi.

Futbolchi Konfederatsiyalar Kubogi-2017 oldidan ham safdan chiqdi. O‘ng tizzasidagi xochsimon paylari yirtilib ketgani sababli operatsiya qilindi. «Eng yomoni shundaki, siz doimo yolg‘iz qolasiz. Jarohatdan tiklanish — eng qiyini. Biz top o‘yinchilar sifatida ko‘p pul olamiz, lekin ba’zida sog‘lig‘imizni qurbon qilib, katta tovon to‘laymiz. Men yana sog‘ bo‘lish uchun barcha pulimni bergan bo‘lardim. Yoqtirgan ishim — futbol o‘ynash», — dedi keyinroq Roys.

JCh-2018 — Roys borgan ilk turnir. Murabbiy Yoaxim Lyov so‘zida turdi, Marko turnir oldidan mavsumni deyarli butunlay o‘tkazib yuborganiga qaramay tarkibga jalb etildi. U Germaniya guruh bosqichining 1-turida Meksikaga yutqazayotganda, maydonga tushdi. Bu Marko uchun muhim edi. U orzusiga yetdi, ammo nemislar muvaffaqiyatsizlikka uchradi — jamoa hatto pley-offga ham chiqa olmadi. Lyov turnirdan so‘ng Roys og‘riqlar bilan o‘ynaganini aytdi.

Futbolchi Yevro-2020ga shaxsiy sabablarga ko‘ra bormadi. U koviddan keyingi mashaqqatli mavsumdan keyin tanasi stressga bardosh bera olmasligini ma’lum qildi.

Mario Gyotsedan qaytish.

Ha, Germaniyaga so‘nggi chempionlikni (JCh-2014 finalida yagona golni urgan) keltirgan hujumkor yarimhimoyachi 2022 yilgi jahon chempionatiga boradi. 10 yil oldin Frans Bekkenbauer uni Germaniyaning eng yaxshi hujumkor o‘yinchisi deb atagan, Feliks Magat esa asrda bir marta tug‘iladigan iqtidorni ko‘rganini aytgan. O‘shanda 2022 yilda 30 yoshli Gyotse mundialga borishidan ajablanishmasdi. Ammo hozir Gyotsening qaydnomada bo‘lishi Hansi Flikning eng kutilmagan qarorlaridan biri sifatida kutib olindi.

Sabablar bor. 2016 yilda «Bavariya»dan «Borussiya»ga qaytgach, Marioning faoliyatida pasayish boshladi. Yildan yilga o‘yinlar, gol va assistlar soni kamayib bordi. 2020 yil Dortmund klubi Gyotse bilar xayrlashdi, hujumchi PSVdan qo‘nim topdi va Rojyer Shmidt qo‘l ostida formasini tiklab oldi. O‘tgan yozda esa Bundesligaga — «Ayntraxt»ga qaytdi.

Germaniyada agar Gyotse jahon chempionatiga bormaganida ham, hech kim Flikni tanqid qilmagan bo‘lardi. U 2017 yildan beri milliy jamoada o‘ynamaydi, uning markaziy hujumkor yarimhimoyachi sifatida o‘rnida Tomas Myuller va Jamol Musiala bor.

«Biz Marioning olmos ekanligiga aminmiz, u porlashga qodir. Hozir u jismoniy jihatdan yaxshi, haftasiga 3 marta 90 daqiqa o‘ynashga tayyor. Gyotse bog‘lamlarda foydali, jamoa harakatini ajoyib his qiladi», — dedi Flikning o‘zi tanlovini izohlab.

Mario yana qanday xususiyatlari uchun jalb qilindi? Bular — jamoaviyligi, yarimhimoya va hujumni bog‘lay olishi, pressingda foydali.

Shuningdek, Flikning shaxsiy simpatiyasi ham muhim ahamiyat kasb etgan. Sport Bild xabariga ko‘ra, Hansi 2020 yilda Gyotse bilan uning «Bavariya»ga qaytishi haqida gaplashgan. Murabbiyning fikricha, koronavirus pandemiyasi tufayli iqtisodiyotda bunday erkin agentlar foydali bo‘lardi. Ammo klub rahbariyati bunga qarshi bo‘lgan.

Gyotse sxemaga mos keladi — ham klassik 4-2-3-1, ham Flik sinab ko‘rayotgan 3-4-2-1da o‘ynay oladi. «Ayntraxt»da hozir ikkinchi sxemada o‘ynayapti. Ammo Frankfurt klubi qarshi hujumda harakat qiladigan jamoa, Flik boshchiligidagi Germaniya esa dominant futbol o‘ynaydi. Murabbiy qo‘l ostida 15 o‘yinda faqat bir bor to‘pga egalik qilish 60 foizdan pastga tushgan (Niderlandiya bilan bahsda).

Germaniya hududiy dominator, lekin guruh bosqichida Ispaniya bor, ular ham to‘pni aniq berib qo‘ymaydi. Ha, Gyotse endi avvalgidek emas, lekin uning kesuvchi uzatmalari himoya chizig‘i yuqori ko‘tarilib o‘ynaydigan jamoalarga qarshi foydali bo‘ladi.

Xulosa qilganda, Marioning chaqirilishi mantiqiy ekan.

Mariodan foydalanishning ikki varianti bor: 4-2-3-1da «o‘nlik» va 3-4-2-1da hujumchi ortidagi pozitsiya. Shuningdek, u vaziyatga qarab chap qanot yarimhimoyachisi sifatida ham o‘ynashi mumkin.

PROGNOZ

Germaniyaning guruhdan chiqishiga shubha yo‘q. Ular Yaponiyadan ham, Kosta-Rikadan ham ancha kuchli, ammo Ispaniyani yengish qiyin. Nemislar katta ehtimol 2-o‘rin bilan pley-offga yo‘llanma oladi.

Bu holda ular 1/8 finalda Belgiya bilan to‘qnash kelishi ehtimoli yuqori, Bundestimga oson bo‘lmaydi. Agar jamoa Belgiya to‘sig‘idan o‘ta olsa, yarimfinalgacha borish imkoniyati bo‘ladi. Chunki chorakfinalda nemislarga odatda qulay raqib bo‘lib kelgan Portugaliya yoki Urugvay duch kelishi mumkin. Yarimfinalda Fransiya yoki Angliya to‘g‘ri kelishi ehtimoli bor. Guruh va pley-off yo‘lidan kelib chiqsak, Flik shogirdlarining yarimfinalga yetib borishini ham yaxshi natija sifatida qabul qilish mumkin. Ammo nimchorakfinaldayoq musobaqani tark etish xavfi ham bor.

Mavzuga oid