Jahon | 13:40 / 26.11.2022
8706
2 daqiqa o‘qiladi

Greta Tunberg va yana 600 nafar ekofaol Shvetsiyani sudga berdi

Foto: AP

Greta Tunberg va uning tarafdorlariga ko‘ra, Shvetsiya davlati iqlimni yetarlicha himoya qilmagani bilan ularning fuqarolik huquqlarini poymol qilmoqda

Ekologik faol Greta Tunberg va uning Aurora yoshlar harakatidan bo‘lgan tarafdorlari 25 noyabr, juma kuni Shvetsiya davlatiga qarshi sudga murojaat qilishdi. Da’vogarlarning fikriga ko‘ra, u hozirgi va kelajak avlodlar uchun sog‘lom muhitga olib keladigan barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish bo‘yicha konstitutsiyaviy talabga javob bermaydi. 

Arizani okrug sudiga topshirishdan oldin 600 dan ortiq atrof-muhit faollari Stokholm bo‘ylab yurib o‘tishdi. Tunberg qo‘lida «Endi biz davlatni sudga beramiz» degan karton plakat ko‘tarib oldi. 

Aurora harakati ikki yildan beri Shvetsiyaga qarshi da’vo tayyorlab keladi. Uning ishtirokchilariga ko‘ra, mamlakatning yangi, o‘ng markazchi hukumati iqlimni muhofaza qilish masalalariga e’tibor qaratmaydi. 

87 betlik hujjatni tayyorlagan Aurora vakili Anton Folining ma’lum qilishicha: «Shvetsiya hech qachon iqlim inqirozini inqiroz deb hisoblamagan». Shvetsiya o‘zi javobgar bo‘lgan majburiyatlarni bajarmayapti va qonunni buzmoqda, dedi u. 

Oktabr oyi oxirida Shvetsiya meteorologiya va gidrologiya instituti qirollikdagi o‘rtacha harorat 19-asr oxiridan beri Tselsiy bo‘yicha ikki darajaga ko‘tarilganini isbotlovchi ma’lumotlarni e’lon qildi. 

Mavzuga oid