O‘zbekiston | 08:02 / 03.12.2022
6927
2 daqiqa o‘qiladi

Yagona portal orqali subsidiyaga ariza topshiruvchilar ro‘yxati kengaydi

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yangi xizmat ishga tushirildi.

Endi qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan nodavlat ta’lim tashkilotlari ham bir martalik subsidiya olish uchun onlayn ariza topshirishlari mumkin.

Buning uchun talabgorlar kalendar yil har choragi birinchi oyi 10-sanasiga qadar my.gov.uz’dagi «Qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun nodavlat ta’lim tashkilotlariga subsidiya ajratish» xizmatini tanlab, ariza yuborishlari lozim.

Bu turdagi subsidiya quyidagi maqsadlarda ajratiladi:

bino va o‘quv xonalarini zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari, mebel, asbob-uskunalar, o‘qitish texnik vositalari va boshqa anjomlar bilan jihozlashga;

zarur darsliklar, o‘quv-metodik adabiyotlar va boshqa kutubxona-axborot resurslari hamda vositalari bilan ta’minlash, ta’lim jarayonini tashkil etishga jalb etiladigan pedagog kadrlar mehnatiga haq to‘lashga.

Xizmatdan foydalanishda quyidagi hujjatlar talab etiladi: 2 yilga mo‘ljallangan biznes reja; mahsulot yetkazib berish yoki ishlarni, xizmatlarni bajarish to‘g‘risida tuzilgan xo‘jalik shartnomalari; pedagog kadrlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari; pedagog kadrlar xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatlari; ta’lim jarayonida foydalanilayotgan bino yoki o‘quv xonalari ijara shartnomasi (ko‘chmas mulk ijarasi asosida faoliyat yuritayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun).

Xizmatdan foydalanish bepuldir.

Mavzuga oid