O‘zbekiston | 16:21 / 06.12.2022
15520
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p qavatli uylarda issiqlik ta’minoti susaydi. Kommunal vazirlik izoh berdi

Gaz bosimining pasayib ketishi va elektrdagi uzilishlar tufayli Toshkent, Xorazm va Farg‘onadagi qozonxonalarda gaz bosimi pasaygan. 3ta qozonxona vaqtincha o‘chirilgan. Poytaxtning 3ta tumaniga issiqlik yetkazib beruvchi qozonxonalarda ham ahvol yaxshi emas.  

Foto: KUN.UZ

Kommunal vazirlik hududlarda elektr ta’minotida uzilishlar yoki gaz bosimining pastligi kuzatilayotgani uchun isitish tizimida ham bosim pasayganini ma’lum qildi

Rasmiy xabarga ko‘ra, Toshkent, Xorazm va Farg‘ona viloyatlarida joylashgan 21 ta qozonxonada gaz bosimining me’yorida bo‘lmaganligi bois iste’molchilar belgilangan parametrlardan past ko‘rsatkichda issiq suv va issiqlik energiyasi bilan ta’minlanishiga sabab bo‘lmoqda. Gaz bosimi me’yorida bo‘lmaganligi tufayli 3 ta qozonxonani vaqtincha o‘chirishga to‘g‘ri kelgan.  

Vazirlik tizimidagi 495 qozonxonadan 492 tasi mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda ish faoliyatini davom ettirmoqda. 

Shuningdek,poytaxtda ham issiqlik energiyasi “Toshkent Issiqlik markazi”, “Toshkent IYeS” va “Veolia Energy Tashkent” ning mahalliy qozonxonalarida tabiiy gazdan foydalangan holda ishlab chiqarilishi, Toshkentning Issiqlik markazi-3, 5 va 9-qozonxonalari faoliyatida ham yuqoridagi holat kuzatilmoqda. Ushbu issiqlik markazlaridan Shayxontohur, Chilonzor va Uchtepa tumanlari aholisi va ijtimoiy obektlariga issiqlik energiyasi yetkazib beriladi. 

 “Gaz bosimining yetarli emasligi qozonxonalarning avtomatik tarzda o‘chishiga sabab bo‘ladi. Albatta, bu holatda issiqlik ta’minoti uchun mas’ul tashkilotlar vaziyatni yaxshilash uchun o‘zaro hamkorlikda kuchaytirilgan rejimda ishlamoqda. Mutaxassislar muammoli hududlarni aniqlash uchun joylarga borib, issiqlik energiyasini qayta taqsimlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirib bormoqda”, – deyiladi rasmiy xabarda. 

Mavzuga oid