O‘zbekiston | 13:55 / 06.12.2022
30392
2 daqiqa o‘qiladi

«Toshkent metropoliteni» metro yo‘lovchilariga murojaat bilan chiqdi

Foto: Toshkent metropoliteni

Hurmatli do‘stlar!

Joriy yilning 5 dekabr sanasidan boshlab kunlar sovib ketishi munosabati bilan metrodan foydalanuvchi yo‘lovchilarning soni keskin oshib, kecha 620 ming kishini tashkil qildi. Bu o‘tgan haftaning bir kuniga nisbatan 105 ming (21%) yo‘lovchiga ko‘paydi. Bu metropolitenda ishlovchilardan ko‘shimcha mas’uliyat va javobgarlikni talab qiladi.

Ma’lumot uchun: 2020 yil dekabr oyida bir kunda 240 ming yo‘lovchilar, 2021 yil dekabr oyida bir kunda 400 ming yo‘lovchilar tashilgan bo‘lsa, 2022 yil dekabr oyida esa bir kunda 620 mingni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 380 ming (258%), 2021 yilga nisbatan 

220 ming (155%)ga oshganini ko‘rsatmoqda.

Yo‘lovchilar ushbu vaziyatga to‘g‘ri baho bergan holda metropolitendan foydalanish qoidalariga doimiy amal qilishlarini so‘raymiz. Harakatlanish vaqtida o‘zaro hurmatni saqlash, poyezd ichidagi yo‘lovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turmaslik, manzilga kelgach poyezddan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish, vagon eshiklariga suyanmaslik, shaxsiy buyumlarni vagon va metro hududida qoldirmaslik talab etiladi.

Yuqoridagi talablarga amal qilmaslik metro vagonlari eshiklari ishdan chiqishiga, har xil nosozliklar kelib chiqishiga va buning natijasida oraliq intervallarning uzayib ketishiga olib keladi.

Shu bilan birga shuni alohida ta’kidlash joizki, metrodan doimiy tarzda foydalanuvchi yo‘lovchilar to‘lovni bank va transport kartalari orqali amalga oshirishsa, o‘z vaqtlarini tejashlari hamda kassa oldidagi tirbandlikni maksimal darajada kamaytirishiga zamin yaratadi.

Yuqoridagi qoidalarga amal qilib, yo‘lovchilarga xavfsiz va madaniyatli xizmat ko‘rsatishda o‘z hissangizni qo‘shasiz degan umiddamiz.

"Toshkent metropoliteni" DUK ma’muriyati Ⓣ

Mavzuga oid