O‘zbekiston | 17:50 / 07.12.2022
45646
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Hayraton – Mozori Sharif temiryo‘lini boshqarish huquqini boy berdi

Hayraton – Mozori Sharif temiryo‘lini boshqarish huquqi "O‘zbekiston temiryo‘llari”dan Qozog‘istonning Mansour Fatih kompaniyasi ixtiyoriga o‘tdi. Yangi kompaniya shu paytgacha 15 mln dollar to‘lab kelingan xizmat ko‘rsatish ishlarini 4,1 mln dollar evaziga amalga oshiradi.

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston tomonidan qurilgan va xizmat ko‘rsatib kelinayotgan Hayraton – Mozori Sharif temiryo‘lini boshqarish huquqi Qozog‘istonning Mansour Fatih kompaniyasi ixtiyoriga o‘tadi. Bu haqda Tolo News xabar bermoqda

Ma’lum qilinishicha, Qozog‘iston kompaniyasi Afg‘onistonning 106 kilometrlik butun temiryo‘l tizimini boshqarish va xizmat ko‘rsatish huquqini qo‘lga kiritgan.

«Biz shu paytgacha «So‘g‘diyona-Trans» ShK (“O‘zbekiston temiryo‘llari” AJga qarashli) kompaniyasiga 15 million dollar to‘lab kelardik va ular Hayraton portidagi 22 kilometr yo‘lga xizmat ko‘rsatardi. Yangi kompaniya esa 106 kilometr yo‘lga xizmat ko‘rsatadi», — deya ta’kidlagan Afg‘oniston temiryo‘llari boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Baxtulrahmon Sharafat.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Afg‘oniston tomoni yangi kompaniyaga yiliga 4,1 million dollar to‘laydi.

Mansour Fatih kompaniyasi rahbari o‘rinbosari Bisenbay Mahanoxning ma’lum qilishicha, kompaniya ushbu shartnomani tender orqali qo‘lga kiritgan.

Avvalroq, Afg‘onistondagi nashrlar «Tolibon» hukumati Hayraton — Mozori-Sharif temiryo‘li boshqaruvini o‘z qo‘liga olmoqchi ekani haqida xabar tarqatgandi. Xususan, Afg‘oniston temiryo‘llari boshqarmasi (ARA) mamlakat temiryo‘l vokzallarini qo‘shni davlatlar bilan ishlatish bo‘yicha shartnomalar Afg‘oniston manfaatlarini hisobga olmasdan tuzilgani, bu shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. Ammo «O‘zbekiston temiryo‘llari» matbuot xizmati bu xabarlarni rad etib, Afg‘oniston tomoni o‘zaro hamkorlikdan mamnun ekanligini ta’kidlagandi.

Ma’lumot uchun, loyiha qiymati 129 mln dollar, uzunligi 75 km bo‘lgan "Hayraton – Mozori-Sharif" temiryo‘li 2010 yilning noyabr oyida qurib bitkazilgan. Uni boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini 2011 yilning dekabridan beri "O‘zbekiston temiryo‘llari" aksiyadorlik jamiyati shu’ba korxonasi "So‘g‘diyona Trans" amalga oshirib kelayotgan edi. 

Mavzuga oid