O‘zbekiston | 19:50 / 08.12.2022
31853
7 daqiqa o‘qiladi

Gaz qish uchun g‘amlanishi kerak. Energetik inqiroz – strategik xatolar oqibati

Ma’lum-u mashhur haqiqat – qish fasli sovuq keladigan mamlakatlar yerosti gaz omborlari yaratishadi, ularni muntazam to‘ldirib turishadi va shu orqali iste’molchilarni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlashadi. Zotan, yangiliklarda tez-tez “Yevropa mamlakatlari o‘z omborlarini gaz bilan to‘ldirdi” kabi jumlalarni o‘qiymiz.

Gazni yer ostida saqlash (Gas Storage Technology) texnologik jarayoni gazni kollektorlar, ya’ni qatlamlar, toshtuz va boshqa tog‘ jinslari qazib bo‘lingandan qoladigan sig‘imlar ichiga joylash, saqlash va u yerdan olishdan iborat.

Yerosti gaz omborlari – injyener-texnik inshootlar majmuasi bo‘lib, magistral gaz quvurlari va yirik gaz iste’mol qiluvchi markazlar yonida quriladi va iste’mol miqdori oshib ketgan “cho‘qqi” davrlarda operativ ravishda yetishmovchilikni qoplash, iste’moldagi fasliy, hafta va kunlik o‘zgarishlarni kompensatsiya qilish, quvurlardagi avariya holatlari oqibatini yengish hamda strategik zaxiralarni yaratish uchun xizmat qiladi.

So‘z birikmalari haqida

“Energetik inqiroz” so‘z birikmasi hayotimizga sanoqli kunlar ichida bostirib kirdi. Mazkur so‘z birikmasini nega ishlatishga majbur bo‘lyapmiz degan savolga mas’ullar “gaz yetmayapti” degan, so‘z birikmasiga aylanib ulgurgan so‘zlarni ishlatishyapti. Bu so‘z birikmasiga esa biz “nega gaz qish uchun g‘amlab qo‘yilmadi” degan so‘zlar birikmasini iste’molga kiritishga majburmiz, zero... vaziyat jiddiy...

“Gazni g‘amlash” deganda esa istaymizmi, yo‘qmi yerosti gaz omborlari yodga keladi.

Havoga uchgan mantiqiy takliflar

Ikki yil oldin mustaqil tadqiqotchi Gulbahor Sultonova Kun.uz bilan suhbatda gaz omborlarini ko‘paytirish kerakligini aytib chiqqan edi.

Aslida Gulbahor Sultonova kashfiyot qilgani yo‘q, u shunchaki ba’zi obektiv haqiqatlarni tilga oldi:

  • yangi gaz omborlari qurilmayapti;
  • albatta, gaz g‘amlanishi kerak, busiz inqiroz tayin;
  • gaz omborlari yetarli bo‘lsagina qatta-yu kichik quvurlarda bosimni barqarorlashtirish mumkin;
  • SSSRdan qolgan kompressor stansiyalari yangilanmagan;
  • iste’mol o‘sishiga qarab, kompressorlar soni ko‘paytirilmagan;
  • iste’mol hajmi o‘sishiga mos ravishda gaz yetkazish infrastrukturasi yangilanmagan;
  • soha ilmiy yondashuv, hisob-kitobsiz yuritilyapti;
  • xonadonlarda yuz beradigan gaz bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar ham bosim beqarorligi sabab.

“Mantiqiy” bahonalar

Sabablar so‘ralganda mas’ullar iste’mol va iste’molchilar (aholi) o‘sganini aytishadi. Shu o‘rinda savol berging keladi – aholi o‘smay, kamayishi kerakmidi?..

Iste’mol o‘sishi – o‘sayotgan iqtisodiyot va o‘sayotgan aholi uchun – tabiiy hol. Har bir davlat idorasi buni obektiv sharsiz faktor sifatida qabul qilishi va hisob-kitoblarida, ishlar rejasida, murakkab tugul oddiy prognozlarida hisobga olishi kerak.

Joriy iste’mol hajmini, yillar davomida hajmning o‘sishi tendensiyasini bilgan holda, oddiy hisob-kitoblar orqali iste’molning kelajakdagi hajmini bilib olsa bo‘ladi. Tabiiyki, potensial yetishmovchilikni ham, istiqbolda kutayotgan inqirozni ham.

Va albatta, ufqda inqiroz ko‘rinsa, bu haqda bong urish ham – oddiy mantiq taqozo qiladigan, mas’ullarning majburiyati bo‘lgan tasarruf. Bo‘lajak inqiroz haqida bong urmaslik esa – jinoyat... Zero aynan tegishli tashkilotlar bong urishi ortidan tegishli choralar ko‘riladi va... inqirozning oldi olinadi.

Shuni aytishimiz kerakki, Energetika vazirligi mas’ullaridan biri “biz yangi gaz omborlari yaratishni taklif qilgan edik, ammo ba’zilar bunga qarshi chiqishdi” dedi. Kim o‘sha “ba’zilar”, bilolmadik.

Kim aybdor va nima qilish kerak?

Rossiya Ukrainaga bostirib kira boshlagan paytda G‘arb Rossiya yoqilg‘isiga sanksiya joriy qildi, butun Yevropa hamjamiyati energetik inqiroz yuzaga kelishi mumkinligini bilib, bezovta bo‘ldi. Bezovta bo‘lish bilan cheklanmasdan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Rossiya gazi o‘rnini bosishga qat’iy kirishdi. Xususan AQSh, Qatar va Nigeriyadan suyultirilgan gaz sotib olish hajmi oshirildi.

4 dekabrga kelib, YeI o‘z gaz omborlarini 91 foizga to‘ldirdi.

Ayonki, bunday tezlikda amalga oshirilgan import restrukturizatsiyasi va, alaloqibat, o‘tkir energiya defitsitining oldini olish uchun Yevropa keng miqyosli va daqiq reja tuzdi, uni hayotga tatbiq etdi.

O‘zbekistonda yuzaga kelgan energetik inqirozga aynan rejalashtirishdagi xatolar sabab bo‘lgani aniq. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ma’lumotlariga qarasak, elektr energiyasiga bo‘lgan talabning 20 foizi mamlakatdagi joriy ishlab chiqarish bilan qoplanmaydi (ya’ni aholi 100% svet bilan ta’minlanishi uchun yana 3 trillion kilovatt soat ishlab chiqarilishi kerak). Qish faslida bu ko‘rsatkich yanada kattalashadi.

Mamlakatdagi mavjud 6ta IESdan 5tasi gaz bilan yetarlicha ta’minlanmaydi; ba’zilarida yoqilg‘i yetishmovchiligi 50 foizni tashkil qiladi.

Bunga qaramasdan, gaz importi (gaz – O‘zbekistondagi 85% elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun yoqilg‘i hisoblanadi) keraklicha tempda ko‘paymayapti, Xitoy kabi mamlakatlarga gazni eksport qilish esa nafaqat davom etyapti, balki hajmi ko‘payyapti, energetika vazirligi mulozimlarining bunga teskari bayonotlariga qaramasdan.

Nega vazirlik, yaqinlashib kelayotgan xatarga ishora qiluvchi barcha indikatorlarga qaramasdan, joriy vaziyatni oldini olish uchun qat’iy choralar ko‘rmadi – tushunarsiz.

Yangi gaz omborlarini yaratish muammoning uzoq muddatli yechimi bo‘la olmasligi ayon. Mamlakat energetik infrastrukturasi batamom eskirgani haqida ko‘p gapirildi. Masalan, issiqlik elektr stansiyalaridagi eskirgan energobloklar bug‘-gaz uskunalariga nisbatan kamida ikki barobar samarasiz. Aksar transformatorlar ortiqcha yuklama bilan ishlayapti. Elektr energiyasi yetkazishdagi yo‘qotishlar esa 20 foizdan ortiq. Tizimni modernizatsiya qilish uchun jiddiy liberalizatsiya lozim, xorijiy kapital va nou-xauni jalb qilish kerak. Shunga qaramasdan, noma’lum sabablarga ko‘ra, 2022 yilga mo‘ljal qilingan islohotlar noma’lum muddatga to‘xtatildi.

Aholimizning gaz iste’moli 13 milliard kubmetr miqdorga yetdi, IESlarga esa 17 milliard kubmetr ajratilyapti. Biroq ishlab turgan gaz omborlari sig‘imi esa 4 milliard kubmetrdan oshmaydi. Boshqacha qilib aytganda, omborlarimiz tabiiy gazga bo‘lgan talabning 14 foizini qondirishga yaraydi, xolos.

Bizda hozir uzoq muddatli islohotlar mevalarini kutishga vaqt yo‘q. Islohotlarni boshlash bilan birga tezlik bilan mavjud gaz omborlarini kengaytirish va yangi yerosti gaz omborlarini yaratish lozim. Va ularni qish mavsumiga tayyor bo‘lish uchun yil davomida to‘ldirish kerak – tabiiy gaz importi vositasida.

Shokir Sharipov,
Shahzod Yo‘ldoshboyev

Mavzuga oid