O‘zbekiston | 16:58 / 08.12.2022
13781
4 daqiqa o‘qiladi

“Hozirgi kunda gaz eksportimiz 100 foiz to‘xtatilgan” - Behzod Normatov

“O‘ztransgaz” raisining aytishicha, xorijiy kompaniyalar avvallari O‘zbekistonda qazib olgan gazining 100 foizini chet elga olib chiqib ketgan, hozir esa bu ko‘rsatkich 15-20 foizga tushgan. Talab yuqori bo‘lgan hozirgidek vaqtlarda esa eksport to‘liq to‘xtatilib, davlat bu majburiyatini yoz, bahor va kuzning boshlanishida bajaryapti, deya tushuntirdi u.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston shu kunlarda gaz eksportini to‘liq to‘xtatgan. Bu haqda “O‘ztransgaz” raisi Behzod Normatov “Sevimli” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“4 yil oldingi raqamlar bilan bu yilgi eksport hajmini solishtiradigan bo‘lsak, [bu yilgi eksport] kamida 3 baravar kam. Chunki ko‘p elektrostansiyalar qurildi, iqtisodiyotimiz rivojlanyapti, ko‘proq gaz ishlatadigan quvvatlar paydo bo‘lyapti, aholi soni o‘syapti, yangi uylar qurilyapti. Shularni inobatga olib har yili bizga (“O‘ztransgaz”ga – tahr.) aholiga yetkazib beriladigan gaz hajmi reja sifatida 7-10 foizga ko‘paytirib beriladi, biz shunga qarab eksport-importni rejalashtiramiz.

Hozirgi kunda sovib ketgani, asosiy maqsadimiz – aholi xonadonlariga yetkazib berish ekanini inobatga olib, hamma eksportlarimiz, o‘sha hammaning og‘zida bo‘lgan, Xitoyga qilinayotgan eksport 100 foiz to‘xtatilgan. Bo‘shagan hajmlar aholiga yo‘naltirilgan”, – dedi Normatov.

U O‘zbekiston ayni paytda gaz import qilayotganini aytdi: “Oldingi yil qishda ham import qilganmiz. Aholiga yetkazib berayotgan ko‘rsatkichlarimiz oldingi yil bilan bu yilni solishtirsak, bir xil darajada ketyapti”.

“O‘ztransgaz” raisi aholiga gaz yetkazish ko‘rsatkichi pasaymayotgan bo‘lsa-da, bu yil viloyat markazlari va hatto Toshkentning qator tumanlarida gaz bosimi pastligini talab o‘sayotgani bilan izohladi.

“Respublika bo‘yicha iste’mol oshgan, lekin resurs oshmagan. Yangi ishlab chiqarish quvvatlari qo‘shilyapti, yangi xonadonlar qurilyapti, ko‘p qavatli binolar... Lekin yetkazib beruvchi tarmoqlar o‘sha eskiligicha qolyapti”, – dedi u.

Behzod Normatov jurnalistning savoliga javoban O‘zbekiston hozir gaz eksport qilmayotganini yana bir marta tasdiqlab, vaziyat barqarorlashmagunga qadar eksport tiklanmasligini bildirdi. “Kerak bo‘lsa, qish tugaguncha [chetga gaz sotmaymiz]”, dedi u.

O‘zbekistonning gaz eksport qilish bo‘yicha qandaydir majburiyatlari bormi? “O‘ztransgaz” rahbari bu savolga javoban majburiyatlar borligi, bu gaz qazib oluvchi xorij kompaniyalari bilan kelishuvlarda ko‘zda tutilganini aytdi.

“O‘zbekistonga investitsiya qilgan chet el korxonalari bor. Davlatimiz ular bilan kelishuvga erishib, loyihaning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini bajarish maqsadida ma’lum bir majburiyatlarni o‘z bo‘yniga olgan. Ularni bajarish uchun biz qazib chiqarilayotgan jami hajmning bir qismini eksportga qo‘yib beramiz.

Boya aytganimdek, 4 yil oldinga solishtiradigan bo‘lsak, eksportimiz 3-4 barobarga kamaygan, chunki ichki iste’mol oshib boryapti. Ular bilan gaplashiladi. Oldinlari ular qazib chiqarayotgan gazi 100 foiz chet elga chiqib ketgan bo‘lsa, hozirgi paytda bu gazning 15-20 foizigina yil davomida eksport qilinyapti. Eksportni asosan yoz, bahor va kuzning boshlanishida qilamiz, ya’ni elektr energiya va gaz iste’moli kamroq bo‘lgan paytda qilib beramiz”, – deya tushuntirdi Behzod Normatov.

Normatov gaz shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar qachongacha davom etishi haqidagi savolga javoban, bu havo haroratining ko‘tarilishiga bog‘liqligini aytdi.

Mavzuga oid