Jahon | 07:28 / 08.12.2022
13558
3 daqiqa o‘qiladi

Peru prezidenti impichmentdan keyin hibsga olindi

Peru vitse-prezidenti Dina Boluarte yangi prezident sifatida qasamyod qildi va shu tariqa mamlakat tarixidagi birinchi ayol prezident bo‘ldi. Avvalroq davlat rahbari Pedro Kastilo hokimiyatdan chetlatilgan edi.

Pedro Kastilo / Foto: AFP

Peru politsiyasi bir necha soat avval mamlakat parlamenti tomonidan impichment e’lon qilingan prezident Pedro Kastiloni hibsga oldi, deb xabar bermoqda 7 dekabr, chorshanba kuni mahalliy axborot agentliklari.

Peru Kongressi prezidentga impichment e’lon qilish uchun uchinchi urinishni amalga oshirish niyatida edi. Bunga, AFP xabariga ko‘ra, Kastiloning bir qator inqirozlar, jumladan, unga qarshi oltita tergov, beshta vazirlar mahkamasi o‘zgarishi va ommaviy noroziliklardan so‘ng hokimiyatni amalga oshirishga «ma’naviy nochorligi» sabab bo‘lgan.

Peru Kastiloga qarshi poraxo‘rlik, adolatga to‘sqinlik qilish, jinoiy tashkilotni boshqarish va universitet dissertatsiyasini yozish paytida plagiat ayblovlarini tekshirmoqda.

Mamlakat konstitutsiyasi impichment jarayonini huquqiy emas, balki siyosiy ayblar asosida boshlashga ruxsat beradi, bu esa Peruda impichmentni odatiy holga aylantiradi, deya qayd etadi AFP. Kastilo 2018 yildan beri konstitutsiyaning «ma’naviy qobiliyatsiz» bandiga ko‘ra ishdan bo‘shatilgan uchinchi prezidentdir.

Parlament yig‘ilishini kutmasdan, Kastilo xalqqa murojaat qilib, Kongressni tarqatib yuborishi, komendantlik soati joriy etishi va farmon bilan hukmronlik qilishini e’lon qildi. Bunga javoban parlamentariylar impichment taklifini muhokama qilish uchun rejalashtirilganidan ertaroq yig‘ilishdi. Natijada 130 deputatdan 101 nafari qaror uchun ovoz berdi.

O‘sha kuni kechqurun Kastilo hibsga olindi, deb xabar berdi mamlakat prokuraturasi. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, u konstitutsiyaviy tuzumga suiqasd va davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanmoqda. Mahalliy RPP radiostansiyasi manbalari politsiya va harbiylar Kongress tomonida ekanini aytdi.

Parlamentning navbatdan tashqari yig‘ilishida Peru vitse-prezidenti Dina Boluarte Peruning yangi prezidenti sifatida qasamyod qildi va shu tariqa mamlakat tarixida bu lavozimni egallagan birinchi ayol bo‘ldi.

AQSh Davlat departamenti impichment e’lon qilinishidan oldin ham Kastiloni «qarorini bekor qilishga» undagan. «Mening tushunishimcha, Kongressning xatti-harakatlarini inobatga olgan holda, u hozir sobiq prezident Kastilo hisoblanadi», - dedi Davlat departamenti vakili Ned Prays parlament qaroridan so‘ng. U qonun chiqaruvchilar demokratik qoidalarga muvofiq «tuzatish choralari» ko‘rganini aytdi.

Lotin Amerikasi hukumatlari chuqur tashvish bildirdi va demokratiyani hurmat qilishga chaqirdi. AFP agentligi eng sodiq ittifoqchilaridan biri deb ataydigan Meksika prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador Kostiloni qo‘llab-quvvatladi. U Peruning «iqtisodiy va siyosiy elitasini» Kastiloning «qonuniy prezidentligi» boshlanganidan beri dushmanlikda aybladi. Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro hukumati «barcha siyosatchilar» ishtirokida muloqot o‘tkazishga chaqirdi.

Mavzuga oid