O‘zbekiston | 09:24 / 10.12.2022
5079
2 daqiqa o‘qiladi

Air Arabia Abu-Dabidan Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi

Air Arabia aviakompaniyasining Abu-Dabidan uchgan samolyoti Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi va bu ikki shahar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar ochilishi bo‘ldi. 

Foto: Getty Images

Toshkent xalqaro aeroportida Air Arabia kompaniyalar guruhi ijrochi direktori Adel Al Ali ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

«Biz Abu-Dabidan Toshkentga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yilganini e’lon qilamiz va bizni qo‘llab-quvvatlagan barcha hamkorlarimizga minnatdorchilik bildiramiz. Hozirda kompaniyamiz tomondan Sharjaga haftasiga olti marta reyslar amalga oshirilmoqda, endilikda Abu-Dabiga haftasiga ikkita reys qo‘shilmoqda. Biz faoliyat yuritadigan har bir mamlakatda hech bo‘lmaganda kunlik reyslarni ta’minlashga intilamiz. Bu mobillikni oshiradi va potensial yo‘lovchilarimiz uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratadi», — dedi Adel Al Ali.

«Air Arabia 2020 yildan beri bizning hamkorimiz. Asta-sekin parvozlar chastotasini oshirmoqdamiz. Joriy yil noyabr oyida Namangandan Sharjaga reyslarni ochdik. Bugun yangi Abu-Dabi — Toshkent — Abu Dabi yo‘nalishini ochmoqdamiz. Bu biz uchun ham, aviakompaniya uchun ham juda muhim voqea», — dedi Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi o‘rinbosari Bahodir Mirusmonov.

Abu-Dabi — Toshkent — Abu Dabi yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchi reyslari muntazam ravishda chorshanba va shanba kunlari Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiriladi. 

Air Arabia — shtab-kvartirasi Sharjada (BAA) joylashgan arab arzon aviakompaniyasi bo‘lib, Sharja va Aleksandriya aeroportlaridan, shuningdek, Marokashdagi to‘rtta aeroportdan Yaqin Sharq, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa, MDH va boshqa mamlakatlarga yo‘lovchi tashuvlarini amalga oshiradi.

Mavzuga oid