O‘zbekiston | 18:18 / 10.12.2022
17092
1 daqiqa o‘qiladi

Chilonzordagi maktab o‘quvchilari sham yorug‘ida dars o‘tishganiga izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanidagi 280-maktabda o‘quvchilar sham yorug‘ida mashg‘ulot o‘tayotgani aks etgan suratlar tarqalgan. Chilonzor tumani hokimiyati izohiga ko‘ra, bu surat shu yilning 6 dekabrida olingan bo‘lib, o‘sha kuni maktab joylashgan mavzeda katta nosozlik yuz bergan, shu sababli o‘quvchilar chiroqsiz dars o‘tishgan.

Rasmiy munosabatda qayd etilishicha, maktab joylashgan hududda ortiqcha yuklama bo‘lgani tufayli transformator podstansiyasida shaxmat taxtasi tartibida elektr quvvati vaqtincha o‘chirilgan.

“O‘sha kuni maktabdagi 66 ta sinfxonadan 17 tasida elektr ta’minoti bo‘lmagan. Bulutli ob-havo tufayli ertalab sinfxonalarda odatdagi kunlarga qaraganda yorug‘lik pastroq bo‘lgani uchun o‘qituvchilardan biri o‘z tashabbusi bilan sham yoqqani ma’lum bo‘ldi”, – deyiladi izohda.

Qo‘shimcha qilinishicha, elektr ta’minotidagi muammo bo‘yicha maktab ma’muriyatining Chilonzor tuman xalq ta’limi bo‘limi va hokimlik huzuridagi shtabga xabar yetkazilgan va shunga ko‘ra 7 dekabr kuni tarmoqdagi muammo tuman Elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan bartaraf etilgan.

Hozirda maktab elektr quvvati bilan to‘liq ta’minlangan.

Mavzuga oid