O‘zbekiston | 17:49 / 13.12.2022
20072
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 1100 so‘mga arzonlagan benzin uchun turnaqator navbatlar kuzatildi

13 dekabrdan boshlab Toshkentdagi “O‘zbekneftgaz” shoxobchalarida AI-80 benzini narxi 6800 so‘mdan 5700 so‘mga tushirildi. Buning ortidan “zapravka”larda uzundan-uzoq navbatlar kuzatildi. Kun.uz haydovchilarning narxlar arzonlashgani, navbatlar, energotaqchillik paytidagi boshqa muammolar borasidagi fikrlari bilan qiziqdi.

Havo harorati keskin tushib ketgan paytda aholining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida dastlab poytaxtdagi, so‘ngra boshqa hududlardagi metan-shoxobchalar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgandi. Bundan tashqari, bahorgacha davlat idoralariga qarashli avtomobillarga siqilgan gaz quyish taqiqlangan, ular benzinga o‘tkazilishi ma’lum qilingandi.

Energetika inqirozi sharoitida kiritilgan cheklovlar ta’sirini yumshatish maqsadida AI-80 benzini importi va realizatsiyasi 2022 yil 10 dekabrdan 2023 yil 1 martgacha aksiz solig‘idan ozod qilindi. Shu bilan birga, neft va gaz kondensati tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar qazib oluvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqaruvchilarga faqat birja orqali sotilishiga oid tartib bekor qilindi.

Buning natijasida 13 dekabr, seshanbadan boshlab “O‘zbekneftgaz” shoxobchalarida AI-80 benzini narxi 6800 so‘mdan 5700 so‘mga tushirildi. Benzin arzonlashgani poytaxtdagi shoxobchalarda turnaqator navbatlarni yuzaga keltirdi.

Kun.uz’ga intervyu bergan haydovchilar narxlar arzonlashganini olqishlash barobarida faqatgina “O‘zbekneftgaz” shoxobchalarida AI-80 benzini 5700 so‘mdan sotilayotgani, qolgan “zapravka”larda narx avvalgi holida qolayotgani, bu esa uzundan-uzoq navbatlar paydo bo‘lishiga olib kelayotganini aytishmoqda.

Internetdagi xabarlarga ko‘ra, poytaxtdagi boshqa shoxobchalarda AI-80 markali benzin 6500 so‘mdan 7500 so‘mgacha sotilmoqda.

Avvalroq Antimonopol qo‘mita benzin narxini asossiz ravishda oshirayotgan AYoQShlarga keskin chora ko‘rilishini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid