Eng nufuzli 100 ayol: “Forbs” bu yil ro‘yxatga kimlarni kiritdi?
Har yilgi an’anaga muvofiq “Forbes” nashri 2022 yilgi dunyoning nufuzli 100 ayolini e’lon qildi. Nashrga ko‘ra, hozirda dunyoning eng qudratli ayoli – Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen. Ro‘yxatga o‘limi sabab Eronda namoyishlar boshlanib ketgan Mahsa Aminiy ham kiritilgan.
“Forbs”ning ro‘yxati 4 ta jihatni hisobga olgan holda tuzilgan: boylik, media, samaradorlik va ta’sir doirasi.
Siyosiy liderlar o‘z mamlakatlarining YaIM va aholi soniga qarab, korporativ rahbarlar esa xodimlar soni va daromadiga qarab ro‘yxatga kiritilgan.
Pandemiya va urush davridagi yetakchi
Yevropa komissiyasi prezidentligiga 2019 yilda kelgan Ursula fon der Lyayyen og‘ir vaziyat – koronavirus pandemiyasi davrida, hozir esa Rossiya-Ukraina urushi davrida rahbarlik qilmoqda.
Ursula fon der Lyayyen yiliga 300 milliard dollar mablag‘ni boshqaradi, 450 million aholisi bo‘lgan 27 ta Yevropa davlati rahbarlari bilan konsensusga erishish uchun ishlaydi.
Forbsning o‘tgan yilgi ro‘yxatida Yevrokomissiya prezidenti sakkizinchi o‘rinda bo‘lgan. Bu yil uning birinchilikka chiqishida nashr urush vaqti Ukrainani dadil qo‘llab-quvvatlagani va pandemiya davridagi faoliyatini hisobga olgan.
Fon der Lyayyenning Ukrainaga qo‘llovi juda tez amalga oshdi. Putin Kiyev tomon ilk raketalarni jo‘natganidan bir hafta o‘tgach Rossiya markaziy bankidan pul o‘tkazmalarini bekor qilish, Yevropa osmonini rus samolyotlari uchun yopish, Kremlga aloqador axborot agentliklarini taqiqlashga va’da berdi. Aprelda Ukrainaga borib prezident Zelenskiy bilan ko‘rishgan Yevropaning yuqori reytingli rahbarlaridan biri bo‘ldi. May oyida esa Ursula fon der Lyayyen Yevropa rahbarlarini Rossiyaning qayta ishlanmagan neftiga butunlay taqiq qo‘yishga chaqirdi. Garchi o‘sha payt bu taklif tanqidlarga uchragan bo‘lsa-da, iyunga kelib u Rossiyadan Yevroittifoqqa neft importini 90 foizga cheklaydigan taqiqni e’lon qilishga muvaffaq bo‘ldi.
7 farzandning onasi – Yevropa lideri
Fon der Lyayyen 7 farzandning onasi, kasbi vrach. U ilk ish faoliyatini Germaniyada shifokor sifatida boshlagan. To 40 yoshga kirmaguncha siyosatga aralashmagan. Yevroittifoq prezidentining siyosiy karerasi mahalliy idoralarda ishlash va keyinroq Germaniya oila va yoshlar ishlari bo‘yicha federal vazir bo‘lish bilan boshlanadi. Ayni shu payti Fon der Lyayyen german bolalar tibbiyot tizimida sezilarli yangiliklar qila oladi. 2013 yildan 2019 yilgacha esa Germaniyaning ilk ayol mudofaa vaziri sifatida ishlaydi. Ayni paytda esa u Yevroittifoqni boshqarayotgan birinchi ayol hamdir.
Mahsa Aminiy ham ro‘yxatda
Ro‘yxatda oxirgi o‘rin minglab eronlik ayollar timsoli sifatida Mahsa Aminiyga berilgan. U ro‘yxatga huquqlari uchun kurashgan ayollarning vakili sifatida kiritilgan.
Mahsa Aminiy – Eronning Kurdiston provinsiyasida yashovchi 22 yashar qiz. U sentabr oyida Axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri kiyinganlikda ayblanib qamoqqa olingan. Mahsaning oilasidagilar va OAVga ko‘ra, qiz politsiya tomonidan kaltaklangan va shu sabab komaga tushib vafot etgan. Uning o‘limi sabab Eronda boshlangan namoyishlar dekabrga qadar davom etdi va mamlakat siyosiy tuzumini o‘zgartirish talabiga aylanib ketdi.
Mahsa Aminiy sabab boshlangan namoyishlar Eron tarixiga eng uzoq davom etgan protest bo‘lib kirdi. Inson huquqlari himoyachilari baholashicha, bu namoyishlarda hozirgacha 400 dan ortiq kishi vafot etgan, 18 ming kishi qamoqqa olingan.
Top beshlik
Ro‘yxatda keyingi o‘rinlarni Yevropa Markaziy banki rahbari Kristin Lagard, AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris, General Motors kompaniyasining ilk ayol rahbari Meri Barra, AQShlik tadbirkor ayol Ebigeyl Jonson egallagan.
Oldingi yilgi reytingda kim birinchi edi?
“Forbs”ning nufuzli ayollar top 100taligida o‘tgan yili birinchilikni Amazon asoschisi Jyeff Bezosning sobiq rafiqasi Makkenzi Skot egallagan.
Bundan oldingi yillarda – 2011 yildan to 2020 yilgacha reytingda birinchilikni Germaniya sobiq kansleri Angela Merkel egallab kelgan.
Bu yilgi reytingda marhum Angliya qirolichasi Yelizaveta II ham yo‘q, qirolicha oldingi reytinglarga doimiy kiritilardi.
Mavzuga oid
11:47 / 03.12.2024
BBC o‘zbekistonlik tadbirkor - Dilorom Yo‘ldoshevani «dunyo bo‘ylab ilhomlantiruvchi va nufuzli 100 ayol» ro‘yxatiga kiritdi
15:53 / 28.11.2024
Fon der Lyayyen mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirdi
22:58 / 27.11.2024
Yevroparlament Yevropa komissiyasining yangi tarkibini tasdiqladi
18:52 / 27.11.2024