O‘zbekiston | 09:34 / 16.12.2022
7943
4 daqiqa o‘qiladi

“Ismlar” elektron lug‘ati va mobil ilovasi yaratilmoqda

Inson dunyoga kelishi bilan unga ism qo‘yiladi va u Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish (FHDYo) organlarida tegishli tartibda qayd etiladi.

Ba’zida fuqarolik hujjatida noto‘g‘ri yozilgan ismlarga duch kelinadi. Shunda to‘g‘ri variantini yozish kerakmi yoki hujjatda keltirilgandekmi deb ikkilanib qolish holatlari ko‘p bo‘ladi.

Ushbu jarayonda fuqarolarga qulaylik yaratish, ismlarning ma’nosi va yozilishidagi o‘ziga xosliklarni e’tiborga olish, milliy qadriyatlarga mos ismlarni ommalashtirish masalalari bugungi kunda dolzarb hisoblanadi.

Adliya vazirligi tashabbusi va taklifiga ko‘ra Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Fandar akademiyasining bir guruh olimlari tomonidan o‘zbek ismlarining elektron imlo hamda izohli lug‘atini yaratish ustida ish olib borilmoqda.

Ushbu elektron lug‘atda ismlarning o‘zbek tili lotin alifbosida hamda ingliz tilida yozilishi va ma’nosi (izohi) aks etadi. Lug‘at FHDYo elektron tizimiga integratsiya qilinadi. 

Ushbu loyiha fuqarolarga ism tanlashda, FHDYo organlari xodimlariga esa ismlarni qayd etish va o‘zgartirish jarayonlarida muhim tayanch manba bo‘lishi nazarda tutilgan. Shuningdek, ismlarni lotin alifbosida yozganda yo‘l qo‘yiladigan xatolarning oldi olinadi.

Adliya vazirligida bo‘lib o‘tgan “O‘zbek ismlarining izohli imlo lug‘atini yaratish hamda uni FHDYo elektron tizimiga integratsiya qilishga doir muhim masalalar” mavzusidagi vebinar ushbu masalalar muhokamasiga bag‘ishlandi.

Seminarda adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova, O‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Saodat Muhamedova va ushbu universitet dotsenti Muyassar Saparniyazova, Xalqaro Islom akademiyasi prorektori, professor Zohidjon Islomov kabi olimlar, shuningdek, respublikamizdagi 200 dan ortiq FHDYo organlari xodimlari ishtirok etishdi.

“Bir otaxonning ismlari Marks ekan. Hajga borib kelib ismni Muhammad deb o‘zgartiribdilar. Yosh kattalashganda ism o‘zgartirish nafaqat insonning o‘zi, balki ko‘pchilikka ta’sir o‘tkazadi. Otaxonning ismlari o‘zgarishi ortidan farzandlarning ota ismi (otchestvosi), nabiralarning familiyasi (nabira kelinlarga qo‘shib) va ularning ko‘plab hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilibdi. Biroq otaxonning va oilaning irodasiga qoyil – barcha buyurokratik jarayonlarga turib berishgan. Bugun Adliya vazirligida o‘tgan seminarda shu voqeani aytib berishdi”, deb yozadi vazir maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova.

Muhokamada mutaxassislar  “Nima uchun Iymon, Yosin (Yasin) kabi ismlarni qo‘yish mumkin-u, Iymona, Yasina noto‘g‘ri”, “Shohrux, Maftuna, Gulnora” kabi ismlarni noto‘g‘ri talqin qilib, farzandlarga qo‘ymanglar deyish nima uchun xato?” kabi savollarga javob berishgan.

Avvalroq Muhammadali va Soliha – kamida uch yildan beri O‘zbekistonda chaqaloqlarga eng ko‘p qo‘yilgan ismlar bo‘lib qolayotgani xabar berilgandi.

O‘zbekiston tug‘ilish ko‘rsatkichi bo‘yicha MDHda birinchi o‘rinda bormoqda. O‘zbekistonda joriy yil yanvar-noyabr oylari davomida 850 282 nafar bola tug‘ilgan.

Mavzuga oid