Sport | 15:28 / 19.12.2022
33549
6 daqiqa o‘qiladi

Soya borki, nur bor... Mundialning ko‘rinmas qahramoni haqida

Foto: Getty Images

Albatta, Messining g‘alabasi, Mbappening het-trigi, Emiliano va boshqalar, hammasi final oqshomining asosiy mavzulari, to‘g‘ri, lekin yana shunday bir qahramon borki, uning mehnatini e’tirof etmaslik mumkin emas.

Lionel Skaloni. Argentina terma jamoasi murabbiyi. Messi 17 yildan beri futbolda, qancha murabbiy bilan ishladi, ammo aynan Skaloni uni chempionga aylantirdi. Futbolchilarning ajoyib harakatlaridan tashqari, Skalonining bir qator qarorlari, ishlari bor va usiz hali uzoq davom etadigan kechagi bayram ham bo‘lmasdi.

Avvalo, ikki yil oldingi Braziliyadagi g‘alaba – Argentinaning bugungi avlodiga o‘ziga bo‘lgan ishonchni paydo qildi. Messi atrofida qanday jamoa qurish mumkinligini barchaga aynan Skaloni ko‘rsatdi, axir Messi bilan g‘olib bo‘lgan avvalgi jamoalarda Xavi – Inesta, Neymar – Suares kabi boshqa yulduzlar ham bo‘lganini unutmaslik kerak.

Ikkinchidan, dastlabki o‘yindagi mag‘lubiyat. Mundialda eng katta bosim ostida bo‘lgan ikki murabbiydan biri (ikkinchisi Santush) bo‘lishiga qaramasdan, mana shunday omadsiz startdan keyin ham jamoani saqlab qola bildi. Bu oson emas. Ayniqsa, yulduz va yosh futbolchilar qorishmasidan iborat tarkibda ajoyib muhitni saqlab qolish, Argentina tarixidagi eng qiyin raqiblardan biri Meksika bilan o‘yinga tayyorlash... Umuman, Saudiyadan mag‘lubiyatdan so‘ng, Argentinaning har keyingi o‘yini final maqomida bo‘lgan, jamoaning yutqazishga haqqi yo‘q edi. 

Uchinchidan, Skaloni turnir davomida o‘z xatolarini ham tuzatib bordi, futbolchilarning aynan mundialdagi qatnashuvlariga qarab, kerakli reaksiyalarni berdi, tuzatishlarni o‘z vaqtida amalga oshirdi. Masalan, asosiy bo‘lishi kerak bo‘lgan Lautaro Martinesning omadsiz o‘yinidan keyin e’tiborni Alvaresga qaratish, Enso Fernandes kabi mundialning o‘zida porlagan futbolchini qisqa muddatda muhim figuraga aylantirish, Di Mariyadan kam, ammo kerakli pallalarda foydalanish... 

Masalan, Di Mariyaning finalga qaytishini olaylik. Aslida murabbiy hatto Xorvatiya, Avstraliyaga qarshi o‘yinlarda ham ancha ehtiyotkor tarkib tushirayotgandi. Mbappe, Dembele kabi tezkor hujumchilarga qarshi yanada risk qilmasligi va hatto uch himoyachi bilan ham sxema tanlanishi mumkinligi taxmin qilingandi. Xuddi Niderlandiya bilan bo‘lganidek. Ammo Di Mariyaning asosiyga qo‘yish orqali, raqibni ehtiyotkor bo‘lishga undash, ortga qaytishni uncha xushlamaydigan Mbappe va Dembelening qanotlaridan xavf tug‘dirish orqali, raqib hujumining «qo‘lini bog‘lash» rejasini hatto Desham ham kutmagandi. Skaloni Mbappe va Dembelening ustunliklariga emas, kamchiliklariga urg‘u berdi, ustunliklarini kamaytirishga urinish o‘rniga kamchiliklaridan foydalanishni tanladi. Aynan o‘sha nuqtalarga zarba berdi – dastlabki ikki gol aynan shu ikki qanotdan sodir bo‘lganini eslang. Qisqa turnir uchun bu qarorlar ancha katta va riskka ega bo‘lsa-da, yakunda Skaloni uddaladi. 

To‘rtinchidan, deyarli har bir muhim o‘yinda Skaloni taktik va tayyorgarlik jihatidan hamkasblarini yengdi. U tajribali va tulki Lui van Gaal bo‘ladimi, chempion Desham bo‘ladimi, har bir o‘yindagi dastlabki reja Argentinada ish berdi. Niderlandiya bilan ham, Fransiya bilan ham dastlabki bo‘limlarni ancha kuchli o‘ynadi. Va albatta, ikkinchi punktda tilga olingan holat nafaqat turnir, alohida o‘yinlarda ham ishladi – ham Niderlandiya, ham Fransiya o‘yinda kambek qilganiga qaramasdan, Argentina sochilib ketmadi, ruhan yana o‘yinga qaytdi, yana hujumkorlikka qayta bildi. Juda ko‘p ssenariylarni, futbol uchrashuvlarini ko‘rgan bo‘lsangiz, raqibning kambekini boshidan kechirgan jamoaning o‘yinga qaytishi o‘ta qiyin.

Beshinchidan. Biz turnir boshida Argentina tarkibi «Messi va boshqalar» bo‘lganidan, ko‘proq o‘sha Maradonaning jamoasi yoki JCh-2014 kabi, himoyaga ko‘proq e’tiborga qaratadigan va Messining individual harakatlariga tayanadigan futbol ko‘rsatishini kutgandik. Ammo ushbu Argentina nafaqat ushbu turnirning, balki boshqa jahon chempionlari bilan solishtirganda ham, eng hujumkor, eng ko‘p vaziyatlar yaratgan, eng ko‘p to‘pni nazorat qilgan, darvozaga eng ko‘p zarba bergan jamoasiga aylandi. Finalda 4 ga yaqin XG yaratish hali hech qaysi jamoaga nasib qilmagandi.

Eng muhimi esa, Skaloni jamoadagi o‘zining o‘rnini to‘g‘ri tushundi, «soyadagi qahramon» vazifasini a’lo darajada uddaladi. Go‘yoki chetda turgandek, hammasini maydondagilar o‘z-o‘zidan hal qilayotgandek, uning ishi faqat xalaqit bermaslik bo‘lgandek ko‘rsatdi o‘zini. Aslida unday emasligini yuqoridagi jumlalarda tushuntirishga harakat qildik. 

Skaloni Messining ilk jahon chempionatida, 2006 yili Argentina tarkibida edi

Quyidagi video esa, juda ta’sirli. Skaloni avvaliga nima bo‘lganini tushunmadi, uni kelib tabriklay boshlashgach, voqeaning butunicha anglab yetdi...

... keyin esa, o‘sha o‘zining sevimli joyi bo‘lmish soyaga, eng ortga o‘tib, yig‘lab yubordi.

Mavzuga oid