Jahon | 16:52 / 23.12.2022
12214
2 daqiqa o‘qiladi

Tataristonda yana prezident unvonidan voz kechish taklif qilinmoqda

Foto: Rustam Minnixanovning rasmiy Telegram-kanali.

Tatariston davlat kengashi respublika konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritishi loyihasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, hudud rahbari «Tatariston respublikasi rahbari» yoki «Tatariston respublikasi raisi» deb atalishi ko‘zda tutilgan.

«Bu orqali biz «Rossiya federatsiyasi sub’yektlarida mahalliy hokimliklarni tashkil etish prinsiplari» to‘g‘risidagi qonun talabini bajargan, shuningdek, Tataristonning an’anaviy madaniyatini ko‘rsatgan bo‘lamiz», degan qonun ijodkorlaridan bo‘lmish Tatariston davlat kengashi qurilish bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Albert Xabibulin.

Yuqorida aytilgan qonunga ko‘ra, Rossiya hududiy rahbarlari prezident deb atalmasligi qayd etilgan. Ya’ni, qonun Rossiyada faqat Putin prezident deb atalishi mumkin degan mazmunda.

Ammo Xabibulinning aytishicha, Tataristonning uzoq yillik va amaldagi rahbari Rustam Minnixanov prezident deb atalishda davom etishi mumkin va qonun loyihasiga ko‘ra, prezident degan nomga taqiq hududning keyingi saylovlarda g‘alaba qozongan rahbarlariga tegishli bo‘ladi. «Minnixanov prezident sifatida saylangan, odamlar unga prezident lavozimiga nomzod sifatida ovoz berishgan», deydi Xabibulin.

Tatariston konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar respublikani 2010 yildan buyon boshqarib kelayotgan Minnixanovga 2025 yilgi saylovda ham o‘z nomzodini ilgari surish imkonini beradi.

Rossiyada faqat Putin prezident deb atalishi kerakligi haqida siyosat 2010 yildan mavjud. Masalan, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov prezident lavozimidan namoyishkorona voz kechgandi. Minnixanov esa o‘shanda «Mening lavozimim o‘zimga juda ma’qul, axir men prezident sifatida qasamyod qilganman», degandi.

Rossiyada Minnixanov prezident unvonini saqlab qolish uchun «kurashishi» haqid ko‘p gapirishadi. Ammo bu borada Minnixanov va Kreml o‘rtasida qandaydir keskinlik mavjudligi ma’lum emas.

Mavzuga oid