O‘zbekiston | 09:57 / 03.01.2023
8833
2 daqiqa o‘qiladi

Boshlang‘ich sinf darsliklari vazni 300 grammdan oshirilmasligi belgilab qo‘yildi

Hukumatning 2022 yil 28 dekabrdagi 726–sonli qarori bilan ta’lim muassasalari uchun matbaa mahsulotlari xavfsizligi talablarini belgilashning umumiy texnik reglamenti tasdiqlandi.

Foto: Kun.uz

Reglament bilan quyidagilar belgilandi:

  • maktabgacha, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus hamda professional ta’lim sohasida foydalaniladigan matbaa mahsulotlarining xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar;
  •  yozuv uchun mo‘ljallangan matbaa mahsulotlariga ko‘yiladigan xavfsizlik talablari;
  • o‘quv nashrlari va qo‘shimcha ta’lim uchun nashrlar xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar;
  • yozuv uchun matbaa mahsulotlari, o‘quv nashrlari va qo‘shimcha ta’lim nashrlarini qadoqlashga doir talablar;
  • matbaa mahsulotini identifikatsiyalash, namunalarni tanlash va nazorat qilish uslublari.

Reglament foydalanuvchilarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, iste’molchilarning chalg‘ishiga olib keluvchi harakatlar oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan.

Jumladan, umumiy o‘rta ta’lim va o‘rta maxsus hamda professional ta’lim uchun o‘quv nashrlarida tor yoziladigan shriftlar qo‘llash mumkin emas.

Shuningdek, ta’lim muassasalari uchun matbaa mahsulotlarida gazeta qog‘ozi va yaltiroq qog‘ozdan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yosh toifasiga qarab nashrlar:

  • 1-4-sinflar;
  • 5-9-sinflar;
  • 10-11-sinflarga mo‘ljallanadi.

Nashr vazni darsliklar uchun:

  • 1-4-sinflar uchun 300 grammdan;
  • 5-6-sinflar uchun 400 grammdan;
  • 7-9-sinflar uchun 500 grammdan;
  • 10-11-sinflar uchun esa 600 grammdan oshmasligi kerak.

1-4-sinflar uchun adabiyotlarda rangli bo‘yoqlar, shriftni belgilash, chizilgan shriftlar, ko‘p ustunli terish qo‘llanmaydi.

Reglament rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach amalga kiritiladi.

Mavzuga oid