O‘zbekiston | 15:05 / 03.01.2023
16410
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zagroeksportbank»dagi davlat ulushi 5 mln dollarga sotildi

«O‘zagroeksportbank» ATB ustav kapitalidagi 100 foiz davlat aksiyalar paketi «Support Level» MChJga hech qanday tendersiz 5 mln dollarga sotildi.

Foto: Yandeks xaritalar

«O‘zagroeksportbank» ATB ustav kapitalidagi 100 foiz davlat aksiyalar paketi xususiylashtirildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, «Support Level» xorijiy korxonasi «O‘zagroeksportbank» ATB ustav kapitalidagi 100 foiz davlat aksiyalar paketini 5 mln dollarga sotib olish to‘lovini biryo‘la to‘lab berish, bank ustav kapitalini qo‘shimcha 29 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan qiymatga oshirish hamda bankning infratuzilma, texnologiya va mahsulotlarini rivojlantirishga kamida 50 mln dollar investitsiya kiritish bo‘yicha taklif bilan chiqqan. Ushbu taklif Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ma’qullangan.

«O‘zagroeksportbank ATB ustav kapitalidagi 100 foiz davlat aksiya paketlarini xususiylashtirishga avval jalb etilgan «Grant Thornton» xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan «O‘zagroeksportbank»ning 2019 yil dekabr oyidan buyon «kredit operatsiyalari» to‘xtatilgani sabab kredit portfeli 2022 yil 1 dekabr holatiga 6,1 mlrd so‘mni tashkil etib, bunda muammoli kreditlar ulushi o‘ta yuqoriligi, bankning ayni davrdagi holatiga umumiy zarari 31 mlrd so‘mni tashkil etgani natijasida jami sof aktivlari qiymati 50 mlrd so‘mligi qayd etilgan», - deyiladi Davaktiv izohida.

Shuningdek, «O‘zagroeksportbank» O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan bank nazoratiga oid iqtisodiy normativlar bajarilmagani, aktivlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi yetarli miqdorda zaxiralar shakllantirilmagani, kredit hujjatlarini rasmiylashtirishda belgilangan tartiblarga to‘liq amal qilinmagani, shuningdek, amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq tijorat banklari ustav kapitali miqdoriga qo‘yilgan talablar bajarilmagani (ustav kapitali 29 mlrd so‘mga kam shakllantirilgan) yuzasidan ogohlantirilgan.

Ma’lumot uchun, 2022 yilning 23 fevral kuni tuzilgan bitim bo‘yicha Rossiyaning «Sovkombank»i «O‘zagroeksportbank»dagi 100 foiz davlat ulushini 4 million dollarga sotib olishi kerak edi.

Ukrainaga boshlangan bosqin fonida AQSh hukumati fevral oyi oxirida «Sovkombank»ka nisbatan sanksiyalar kiritdi. Keyinchalik bir qator boshqa davlatlar tomonidan ham xuddi shu kabi qarorlar qabul qilindi.

Shundan keyin «Sovkombank» Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan tuzilgan bitimni bir tomonlama bekor qildi va «O‘zagroeksportbank»ni xususiylashtirish jarayoni to‘xtab qolgandi.

«O‘zagroeksportbank» kimga sotildi?

«Support Level» MChJ 2015 yil 27 avgustda Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan. Asosiy faoliyat turi – xodimlar bilan ishlash. Kompaniyaning 100 foiz ulushi Shodiyev Olimjon Qosimovichga tegishli, rahbari — Iskandar Usmonov.

Olimjon Shodiyev – Navoiy kon-metallurgiya kombinati Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi, kengash raisi Jamshid Qo‘chqorovning o‘rinbosari hisoblanadi.

Shuningdek, u Qozog‘iston va boshqa mamlakatlar moliya bozorlarida faoliyat yurituvchi «IFG Kontitent» investitsiya kompaniyalari guruhi affillangan shaxslari qatoriga kiritilgan.

«Yevrosiyo banki» obligatsiyalar emissiyasi prospektida Olimjon Shodiyev Izarus Investment B.V. rahbari sifatida affillangan shaxs etib belgilangan. Hujjatda milliarder Fattoh Shodiyev oilasining boshqa a’zolari, jumladan, uning ukasi Qosim Shodiyev ham ko‘rsatilgan.

Avvalroq, Xalqaro Shodiyev jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi «O‘zagroeksportbank»ning sotib olinishiga Fattoh Shodiyevning daxli yo‘qligi ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid