Jahon | 16:09 / 10.01.2023
10254
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi «kalamushga boy» shaharlar reytingi tuzildi 

Chikago va Los-Anjyeles kalamushlar miqdori bo‘yicha dunyoda «yetakchi» ekani ma’lum bo‘ldi. 

Foto: Getty Images/iStockphoto

Olimlar dunyoning qaysi shaharlarida kalamushlar eng ko‘p yashashini hisoblab chiqdi. 

Zoologlar fikriga ko‘ra, kalamushlar soni bo‘yicha yetakchilik Amerikaning Chikago shahriga tegishli, deb yozdi Express. 

2,7 milliondan ortiq aholiga ega bu shaharga 2018 yilda 58 millionga yaqin sayyoh borgan. Bu AQSh bo‘yicha ikkinchi mashhur turizm yo‘nalishidir. Olimlarning fikriga ko‘ra, shahar ko‘chalarida juda ko‘p miqdorda chala iste’mol qilingan fast-fud qoldiqlari kalamushlarning ko‘payishiga sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, shaharda chiqindilarni olib chiqish ham samarasiz tashkil etilgan. 

«Shahar ko‘chasida kalamushdan atigi ikki metr uzoqlikda bo‘lasiz, ammo buni ko‘rmaysiz», deydi zoologlar Chikago haqida. 

Ro‘yxatda ikkinchi o‘rinni Los-Anjyeles egallagan. Yumshoq iqlim, chiqindixonalarning ko‘pligi va kalamushlarni zaharlab o‘ldirish taqiqlangani tufayli, bu joy kulrang qaroqchilar uchun «jannatga» aylangan. 

Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlar Yevropa poytaxtlariga tegishli. Olimlarning fikricha, Londonda kamida 20 million kalamush, Parijda esa 9 millionga yaqin kalamush yashaydi. 

Ammo mashhur Karni Mata kalamushlar ibodatxonasi joylashgan Hindistonning Deshnok shahri reytingning atigi beshinchi pog‘onasini egallagan. Bu ibodatxonada 20 mingga yaqin kemiruvchi yashaydi, ular uchun maxsus oshxonada ovqat tayyorlanadi. Har yili minglab ziyoratchilar kalamushlarni sharaflash uchun ibodatxonaga boradilar. 

Mavzuga oid