Iqtisodiyot | 12:52 / 12.01.2023
39884
14 daqiqa o‘qiladi

“AESning istiqboli yo‘q” - Alisher Ilhomov bilan suhbat

O‘zbekistonda energiya yetishmovchiligi muammosini qimmat va samarasi past AESdan ko‘ra quyosh panellari yaxshiroq hal qiladi, deydi Londondagi tahlil markazi direktori Alisher Ilhomov. U Kun.uz'ga bergan intervyusida Rossiya quradigan AES O‘zbekistonning bo‘yniga bo‘yinturuq bo‘lishidan xavotir bildirdi. “Buning tovonini avlodlar to‘laydi”, dedi u.

2017 yilda O‘zbekistonda Rossiya bilan hamkorlikda atom elektr stansiyasini qurishga harakat boshlandi. Shu yili Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha kelishuv imzoladi.

Bir necha milliard dollarlik asosiy bitim imzolanishi kechikayotgan bo‘lsa-da, hukumat rasmiylari bu rejadan voz kechilmagani, muzokaralar davom etayotganini aytmoqda. Bu siyosiy loyiha mamlakatdagi energiya muammosini hal qilish uchun muhim omil sifatida taqdim etilyapti.

Londondagi “Markaziy Osiyo Due Deligence” tahlil markazi direktori Alisher Ilhomov Kun.uz bilan suhbatda AESning iqtisodiy samarasizligi va boshqa omillar haqida so‘z yuritdi.

“Loyiha cho‘zilayotgani shubha-gumonlar borligini tasdiqlaydi”

— Fikrimcha, AES qurish loyihasi O‘zbekiston tomonining tashabbusi bo‘lmagan. Ya’ni bu masalada Moskva tomonidan bosim o‘tkazilgan, loyiha Moskva tomonidan pesh qilingan. O‘shangacha AES qurish bo‘yicha ancha tanqidiy yondashuv mavjud edi. O‘zbekiston hukumati qandaydir sabablarga ko‘ra rad javobini bera olmagan ko‘rinadi. Bu yerda aynan qanday sabablar rol o‘ynaganini aytish qiyin. Ammo hozir loyiha cho‘zilyapti. Demak, bu loyiha O‘zbekiston tomoni uchun qanchalik manfaatli ekani borasida shubha-gumonlar borligini tasdiqlaydi.

Avvalboshdan mazkur loyiha manfaatli emasligi ochiq-ravshan edi. Va bu atom energiyasi xavfsizligi bilangina bog‘liq emas. Yaponiyada, Ukrainada nimalar sodir bo‘lganini hisobga olsak, bunday ehtimoliy avariyalar mamlakatga umumiy ma’noda juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ammo menda bu loyihaning iqtisodiy samaradorligi borasida shubha bor. AES qurilishi iqtisodiy nuqtayi nazaridan mutlaqo samarasiz. Birinchidan loyiha juda katta mablag‘ talab qiladi. Loyiha haqidagi ilk gap-so‘zlar gap boshlangan 2019 yilda stansiyani 2028 yilda ishga tushirish rejalashtirilgan edi. Ammo haligacha qurilish boshlanmaganini hisobga olsak, 2030 yillar boshida ishga tushishi mumkin. Loyiha qiymati taxminan 9 mlrd dollar atrofida baholangan. Biroq avval ham aytganimdek, odatda loyiha bosqichida pudratchilar, ijrochilar qiymatni pastroq ko‘rsatishadi, keyinchalik turli bahonalarni ilgari surgan holda narxni oshirib borishadi. Amaliy jarayon boshlangandan keyin esa ularning talabini rad etish mushkul bo‘ladi, chunki ish boshlangandan keyin O‘zbekiston ularga bog‘liq, muayyan miqdorda xarajat qilib qo‘ygan bo‘ladi.

“Muqobil energiya AESdan karrasiga arzon”

— Rosatom taklif qilgan narxdan kelib chiqsak ham, mamlakatda boshqa qimmatli energiya manbalari mavjud. 2019 yil ma’lumotlariga ko‘ra, 1 megavatt atom energiyasi 160 dollar turadi. Bu gaz va muqobil energiya turlariga qaraganda bir necha baravar qimmat. Hozir O‘zbekistonda uy xo‘jaliklari ta’minoti va mahalliy sanoat manfaatlari nuqtai nazaridan energetik inqiroz kuzatilmoqda. O‘zbekistonda taxminan 50 mlrd kubometrdan ko‘proq gaz qazib olinadi. Bu aslida ichki ehtiyoj va eksport uchun yetarli bo‘lishi kerak.

Iqtisodiy nuqtayi nazardan olganda bir kilovatt atom energiyasini ishlab chiqarish xuddi shuncha miqdorda gaz qazib olishdan hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan bir necha baravar qimmatroqqa tushadi.

2021 yil ma’lumotlariga qarasak, hozirda 1 megavatt quyosh energiyasini olish uy xo‘jaliklari uchun 100 sentdan arzonroq.

Gaz qiymati o‘tgan yilda ham o‘zgarmay qolgan. Ammo hozir gaz narxlari keskin oshib ketgan. Tiklanuvchi energiya qiymati esa bir xil turibdi, hatto pasaygan ham. O‘tgan yili bir megavatt quyosh energiyasi uy xo‘jaliklari uchun pasaydi, bu narx doimiy ravishda pasayib boradi. Bunda tomga quyosh panellari o‘rnatiladi, saqlash uchun akkumulyatsiya batareyalari olinadi. Yirik stansiyalarda narx yuqoriroq bo‘ladi. Hozir gazning narxi ko‘tarilganini hisobga olsak, gaz va quyosh energiyasi o‘rtasida deyarli ikki baravar farq bor.

“Energiya yetishmovchiligi masalasini AESdan ko‘ra quyosh panellari yaxshiroq hal qiladi”

— Bir necha yil oldingi statistikaga ko‘ra, Buyuk Britaniyada taxminan 40 ming uy xo‘jaligida quyosh panellari o‘rnatilgan. Oxirgi ma’lumotlarga asosan esa mamlakatda bir million atrofidagi uy xo‘jaligi bu panellardan foydalanadi. Vaholanki, Britaniyada quyoshli kunlar O‘zbekistondagiga nisbatan ancha kam. Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda yil davomida 300 kun quyoshli havo kuzatiladi. Ya’ni shu davrda quyosh energiyasi olish mumkin.

Ilgari quyosh energiyasining kamchiligi sifatida har kuni quyosh chiqmasligi va energiya olish mumkin bo‘lmay qolishi ko‘rsatilardi. Hozirda energiyani akkumulyatsiya qilish bo‘yicha texnologiyalar ishlab chiqilmoqda. Akkumulyator batareyalaridan foydalangan holda energiyani uzoq muddat saqlash mumkin.

Amazon'da turli quyosh panellar taklif qilinmoqda. Misol uchun, smartfonni, poverbankni quvvatlash uchun, kemping va sayohatlar uchun panellar mavjud. Uy xo‘jaliklari uchun esa taxminan 1000 funt sterling atrofidagi narxga panel xarid qilish mumkin. To‘liq komplektni o‘rnatish va xonadonni energiya bilan ta’minlash taxminan 4000 funtni, shuningdek, akkumlyator batareyasi xarajatlarini talab qiladi.

Bunday investitsiyalar uy xo‘jaliklari bilan birga, hukumatlar tomonidan ham amalga oshirilishi kerak. Britaniyada uy xo‘jaliklarida panellarni o‘rnatish uchun grant ajratishga qaratilgan dastur bor. Bu orqali loyihaning qiymati ancha pasayadi. O‘z uyingizga quyosh panelini o‘rnatsangiz, boshida xarajat qilasiz, ammo bu qisqa muddatda qoplanadi. O‘zini o‘zi ta’minlovchi mustaqil tuzilma bo‘la olasiz. Deyarli har yili energiya ta’minotida inqirozli vaziyat yuzaga kelayotganini hisobga olsak, energiyadagi uzilishlardan xoli bo‘lasiz.

Menimcha, bu borada hukumat dastur qabul qildi, stansiya, katta maydonda quyosh panellari qurilyapti. Lekin uy xo‘jaliklarini ta’minlash bo‘yicha biror bir harakatni kuzatganim yo‘q.

Uy xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi hamda davlat muassasalari O‘zbekistondagi energiya iste’molining 60 foizini tashkil qiladi. Uy xo‘jaliklarining o‘zi iste’molning taxminan 26 foizini tashkil qiladi. Hech bo‘lmaganda 26 foizni emas, shuning yarmini muqobil energiya bilan ta’minlagan taqdirda ham ish osonlashadi. Buni xususiy xonadonlarda qilish osonroq. Uy egasi o‘zi qaror qabul qiladi va tomiga o‘rnatadi. Ko‘p xonadonli uylarda sal murakkabroq, chunki hammaning roziligini olish kerak, xarajat o‘rtada taqsimlanishi kerak. Ammo hammaning ham bunga imkoni bo‘lmasligi mumkin.

Agar logistika, sotuv, sifat kafolati va moliyaviy yordamni nazarda tutuvchi dastur bo‘lsa, xususiy uylar, ayniqsa qishloq joylaridagi uylarda, qishloq xo‘jaligining o‘zida buni amalga oshirish mumkin. Ya’ni hukumat tomonidan quyosh panellari va akkumulyatorlar xarajatlarining 20-30 foizini qoplab beradigan grantlar ajratilishi kerak.

Bunday strategiyalar amalga oshirilishi lozim. Bu joriy inqirozli vaziyat bilan bog‘liq muammolarni hal qiladi. AES uchun real muqobilni paydo qiladi. AES umumiy energiya balansiga faqat 10-15 foiz qo‘shishi mumkin. Uy xo‘jaliklari o‘zlariga panellarni o‘rnatgan taqdirda esa balans kamida 20 foiz qoplanishi mumkin. Panellar energiya yetishmovchiligi masalasini AESdan ko‘ra yaxshiroq hal qiladi.

Hukumat tomonidan ham, tahliliy markazlar tomonidan ham u yoki bu variant qanchaga tushishi bo‘yicha iqtisodiy tahlillarni ko‘rmayapmiz. Ustuvor yo‘nalishlarini iqtisodiy nuqtayi nazardan tahlil qilgan holda strategiyalarni ko‘rib chiqish kerak.

“AES qurish hech qanday iqtisodiy istiqbolga ega emas”

— Menda ish nega cho‘zilayotgani bo‘yicha ma’lumot yo‘q. Hammasi alaloqibat iqtisodiyotga borib taqaladi. Hukumatda loyiha samaradorligi borasida shubhalar paydo bo‘lgan. Ichkarida muhokamalar ketyapti. Chunki bu bir tomondan siyosiy qaror. AES qurilishiga rozilik berilganining ham siyosiy sabablari bor edi. Yil sayin ijtimoiy-iqtisodiy muammolar tobora taranglashib bormoqda. Hukumat bu boshog‘riqqa qo‘shilishga ikkilanib qolmoqda. Hukumatlar turli loyihalarga pul kiritishda ustuvorlikni to‘g‘ri belgilay olishi kerak. Energiya muammo borasida qaysi variant iqtisodiy nuqtayi nazardan eng samarali ekani bo‘yicha tahlillar olib borilishi kerak.

Iqtisodiy nuqtayi nazardan AES qurish hech qanday istiqbolga ega emas. Bu bilan O‘zbekiston o‘z bo‘yniga bir ishkalni osib oladi, keyingi avlod esa tovon to‘lashi kerak bo‘ladi.

“Marketing o‘yini”: loyiha boshlangach, narxlar oshiriladi

— Bu odatiy amaliyot. Qandaydir iqtisodiy yoki texnik asos bo‘lgan taqdirda ham katta loyiha bo‘yicha qurilish boshlanganda jarayon davomida kutilmagan holatlar yuzaga kela boshlaydi. Misol uchun, butlovchi qismlarning narxlari oshishi mumkin, fors-major holatlari yuzaga kelishi mumkin. Turli sabablar bilan pudratchi narxni oshiradi. Muayyan xarajat qilgan, shartnoma qilgan davlatning esa ko‘nishdan boshqa chorasi qolmaydi. Bu faqatgina Rosatom bilan bog‘liq emas, bu G‘arbda ham kuzatiladi. Katta loyiha boshlanganda jarayon mobaynida vaziyat o‘zgarib boradi.

Yana dezaktivatsiya narxi ham hisobga olinishi kerak. Ya’ni ish yakunlangach, stansiyani dezaktivatsiya qilish ham xarajat talab qiladi. Bu qurilishning taxminan 10-15 foizi atrofidagi xarajat degani. Shuningdek, ekologiya uchun ham katta zarar. Bu jihatlar hisobga olinmagan. Ular e’tibordan qochirilmasligi, asoslantirilishi kerak.

“Ekologiya omilini unutmaslik lozim”

— AES xavfsizligi to‘liq kafolatlansa ham avariyalar, baxtsiz holatlar ehtimolini nolga tushirish imkonsiz. U baribir quyosh yoki shamol energiyasiga nisbatan ekologik toza emas. Ustuvor yo‘nalish sifatida tiklanuvchi energiyaga e’tibor qaratilsa, buning iqlimiy samarasi AESga qaraganda ancha yuqori bo‘ladi. AES qurilishida suv havzasi atrofi o‘rab olinishi kerak bo‘ladi. Uran qayta ishlangach sovitilishi kerak. Bu suv havzasida, ya’ni Aydarko‘lda amalga oshiriladi. Bunda esa suv orqali zararlanish ehtimoli paydo bo‘ladi.

Bunaqa holatlar amaliyotda kuzatilgan. Fransiyada Yaponiya, Ukrainadagi kabi katta avariyalar bo‘lmasa ham, atrofdagi suv havzalarining zararlanish holatlari kuzatilgan. O‘zbekiston uchun suv havzalari juda muhim resursligini hisobga olsak, ustiga-ustak, suv yetishmovchiligi muammosi fonida tahlillar davomida shu kabi ehtimollar ham inobatga olinishi kerak.

“Bir necha davlatlar AESdan foydalanishdan voz kechyapti”

— Germaniya va boshqa davlatlarda AES qurishdan voz kechildi. Ishlab turganlari ham yopildi. Ularda iqtisodiyot nuqtayi nazaridan sabablar bo‘lmagan. Bu asosan Fukusimadagi avariya oqibatida ro‘y bermoqda. Anchadan beri ishlab kelayotgan, energiya ishlab chiqarayotgan bo‘lsa ham, falokat xavfi borligi uchun shu yo‘lni tanlashdi.

AQSh esa juda katta hudud, stansiyalarni aholi punktlaridan uzoqda joylashtirish mumkin. Shu bois bu borada mamlakat hududi, aholi joylashuvi zichligi, AESning qayerda joylashishi ham hisobga olinishi kerak. O‘zbekistonda, albatta, aholi istiqomat qilmaydigan cho‘l zonalari bor. Ammo stansiya suv havzasi bo‘lishini talab etadi. Aydarko‘l mana shunday manba bo‘ladi. AES qurilishi bu suv havzasi uchun xavfni paydo qiladi.

Aholi zichligi, stansiya suv obektlariga yaqinligi hisobga olinishi kerak. O‘zbekistonda stansiyada ishlangan uranni dezaktivatsiya qilish nuqtayi nazaridan bu juda xavfli.

“Inqiroz qachon qurilishi noma’lum bo‘lgan AES masalasini yangi darajaga olib chiqadi”

— Yana bir bor ta’kidlamoqchimanki, AES qurish masalasini joriy energiya inqirozi nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqish kerak. Prezident xonadonlarga borib ahvol bilan tanishdi. Inqiroz har yili takrorlanyapti. Bu borada biron strategiyani qabul qilish masalasi ko‘ndalang turibdi. Muammo shuki, hukumat yirik stansiyalarga pul tikyapti, ammo muqobil energiyani uy xo‘jaliklarida tatbiq etish bo‘yicha loyiha yo‘q. Bu qachon qurilishi noaniq bo‘lgan AES masalasini yangi darajaga olib chiqadi.

Hech bo‘lmaganda bir qism xonadonlar ta’minlansa, maksimum 5 yilda o‘z ta’minotiga ega uylarda muammo hal qilinishi mumkin. Menda bu borada aniq hisob-kitoblar yo‘q. Buni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha tahlillar qilish kerak. Ferma xo‘jaliklari, uy xo‘jaliklari, davlat muassasalari, maktablar uchun ham bu dasturni joriy qilish lozim.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid