Sud “Quramax”ning litsenziyasini bekor qildi
Tarkibida katta miqdorda zaharli modda topilgan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilari muomaladan chiqariladi va yo‘q qilinadi.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi “Quramax Medikal” MChJga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan 2019 yil 10 dekabrdagi P6580-sonli litsenziyani bekor qilish bo‘yicha qaror chiqardi.
Bugun, 13 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida e’lon qilingan qarorga asosan, qo‘llash uchun yaroqsiz dori vositalari muomaladan chiqarilib, yo‘q qilinishi ham belgilandi.
“Quramax” – O‘zbekistonda kamida 20 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgani aytilayotgan “Dok-1 Maks” siropi, shuningdek, “Ambronol” siropining mamlakatdagi importchisi va tarqatuvchisi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bu dorilar tarkibida etilenglikol va dietilenglikol moddalarini aniqlagan.
Fojialar ortidan SSV “Quramax” import qilgan dorilarning hammasi sotuvini taqiqlagan, vazirlik huzuridagi Farmatsevtika agentligi kompaniyaning litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sudga da’vo kiritgan edi. Sud qarori, agar apellyatsiya shikoyati (protesti) berilmasa, qabul qilinganidan keyin 10 kun o‘tgach qonuniy kuchga kiradi.
“Shuningdek, mazkur iqtisodiy ishga doir vakolatli idora va mansabdor shaxslarning xatti-harakati yoki harakatsizligi yuzasidan qonun talablari buzilgani bo‘yicha huquqiy baho berish haqida xususiy ajrim chiqarilib, Toshkent shahar prokuraturasiga yuborilishi belgilandi. Ushbu ajrim ustidan belgilangan tartibda shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin”, – deyiladi Oliy sud axborotida.
Eslatib o‘tamiz, holat yuzasidan jinoyat ishi doirasida “Quramax Medikal” MChJning ikki mansabdori, shuningdek, Dori vositalarini standartlash ilmiy markazining ikki mansabdori gumonlanuvchi sifatida qamoqqa olingan.
Kuni kecha Hindiston regulyatori bu preparatlarning ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi litsenziyalarini to‘xtatgandi. 11 yanvar kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalari bo‘yicha xalqaro ogohlantirish bilan chiqdi.
Mavzuga oid
23:22 / 18.12.2024
Mahalliy farmatsevtika korxonalariga berilgan bojxona imtiyozlari 2028 yilgacha uzaytiriladi
21:24 / 23.11.2024
Olimlar bakteriyalardan yangi antibiotik yaratdi
17:57 / 19.11.2024
O‘zbekiston milliy regulyator organi ICH'ga kuzatuvchi maqomida rasman qabul qilindi
11:40 / 16.10.2024