O‘zbekiston | 12:33 / 17.01.2023
9084
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston-Singapur biznes-forumida 22 ta shartnoma va bitim imzolandi

O‘zbekiston prezidentining davlat tashrifi arafasida bugun Singapurda ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan O‘zbekiston-Singapur biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Keyingi yillarda Singapurning O‘zbekistonga kiritgan investitsiyalarining hajmi 700 million dollardan oshdi, Singapur kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 4, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi esa 2 barobar oshdi. 

Singapur tomoni O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli sohalarda sheriklikni mustahkamlash va kengaytirishda davom etish niyati qat’iy ekanini tasdiqladi. Kimyo, to‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi sanoati, ta’lim, sog‘liqni saqlash, logistika, shuningdek, AT-sektori o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish ustuvor sohalari sifatida belgilandi.

Forum dasturi Singapurning yirik biznes vakillari ishtirokidagi yalpi majlis bilan davom etdi. Unda Indorama Group direktori Prakash Kejrival, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti prezidenti Erik Kuan va PSA International bosh direktori Van Chi Fo ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan O‘zbekistonda samarali biznes yuritishning amaliy jihatlari, transport va logistika sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Tadbir dasturi doirasida B2B muzokaralari hamda mamlakatimiz investitsiya salohiyati to‘g‘risida va O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlari kesimidagi aniq loyihalar taqdimotlari o‘tkazildi.

Biznes-forum yakunlari bo‘yicha savdo, investitsiyalar va moliya yo‘nalishlarida, kimyo, energetika va to‘qimachilik sanoati, sanoat zonalarini rivojlantirish, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida 22 ta shartnoma va bitimlar imzolandi.

Mavzuga oid