O‘zbekiston | 14:30 / 21.01.2023
57965
2 daqiqa o‘qiladi

Bomba borligi aytilgan samolyot O‘zbekistonga majburan qo‘ndi

Moskvadan Goaga uchayotgan samolyot Azur Air aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgan.

Foto: AP

21 yanvar kuni Rossiya poytaxti Moskvadan Hindistonning Goa shtatiga parvoz qilgan samolyot bomba tahdidi tufayli O‘zbekistonga qo‘ndirildi. Bu haqda Hindiston ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda.

Azur Air aviakompaniyasiga tegishli uchoq bortida 240 kishi bo‘lgani aytilmoqda. Shundan 7 nafari ekipaj a’zolari, 2 nafari esa chaqaloq bo‘lgan.

Janubiy Goadagi Dabolim aeroportiga mahalliy vaqt bilan ertalab soat 4:15 da qo‘nishi kerak bo‘lgan samolyot bomba tahdidi ortidan O‘zbekistonga yo‘naltirilgan. Tahdidli xat Dabolim aeroporti direktorining elektron pochtasiga yuborilgan. AZV2463 reysi soat 4:30 atrofida Termiz aeroportiga majburan qo‘ngan.

Samolyot muvafaqqiyatli qo‘ngandan so‘ng yo‘lovchilarning bagaji va qo‘l yuki aeroport xavfsizlik xizmati tomonidan sinchkovlik bilan ko‘rikdan o‘tkazilgan – hech qanday xavfli moddalar yoki qurilmalar topilmagan. Uchoq Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da Goaga uchib ketishi aytilmoqda.

Mahalliy OAVga ko‘ra, bu bir hafta ichidagi ikkinchi shunday holat bo‘lib, 9 yanvar kuni Azur Air aviakompaniyasining xuddi shu yo‘nalish bo‘yicha uchgan samolyoti ham bomba haqidagi yolg‘on xabari tufayli Hindistonning Gujarat shtatiga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgan. Ko‘p soatlik tekshiruvlar davomida portlovchi modda yoki shubhali narsalar topilmagan. Samolyot 10 yanvar kuni Goaga uchib ketgan. 

Eslatib o‘tamiz, 2016 yili ham Azur Air aviakompaniyasining Moskvadan Tailandning Pxuket oroliga uchayotgan samolyoti Toshkent aeroportiga favqulodda qo‘ngan, bunga havo transporti dvigatelida moyning kamayib ketganidan ogohlantiruvchi datchikning ishlab ketgani sabab bo‘lgandi.

Mavzuga oid