O‘zbekiston | 18:05 / 22.01.2023
94802
18 daqiqa o‘qiladi

Toshkentning oligarx hokimi: Ortiqxo‘jayev faoliyatiga nazar

O‘zbekiston poytaxtini salkam 5 yil boshqargan Jahongir Ortiqxo‘jayev jiddiy tanqidlar bilan ishdan olinib, o‘zidan keyin juda og‘ir muammolarni meros qoldirdi. U lavozimga o‘tirganida shahar aholisiga ko‘p va’dalar bergandi, lekin ularning aksariyatini bajarmadi.

Hokim bo‘lguniga qadar Jahongir Ortiqxo‘jayevni asosan Toshkent shahrida, biznes va siyosatdagi odamlar tanirdi. Turkiya prezidentining O‘zbekistonga tashrifi vaqtida Shavkat Mirziyoyev uni tantanavor tanishtirganidan keyin, Ortiqxo‘jayev haqida butun O‘zbekiston eshitdi.

“O‘zbekiston tarixida birinchi marta, o‘zim ishongan ishbilarmonni Toshkent shahri hokimi etib tayinladim. Tarixda bunaqasi bo‘lmagan.

Bu yigit ham hozirgi islohotlarni tushunadigan, byurokratiyadan yiroq, O‘zbekiston [ishbilarmonlik muhiti]ga toza havo kirishiga, investorlarni qo‘llab-quvvatlashga, Toshkent shahrining ertangi kunini tasavvur qiladigan hozirgi zamonaviy [yoshlardan]. Bu bizning aksariyat rahbarlardan farqli o‘laroq, “raykom”, partiya kabi hech qaysi byurokratik tizimda ishlamagan”, degandi o‘shanda davlat rahbari.

Ortiqxo‘jayev davlat tizimida ishlamagan, byurokratiya pog‘onalarini bosib o‘tmagan bo‘lsa ham, uning boshqaruv uslubi biz o‘rgangan amaldorlarnikidan katta farq qilmasligi tezda ayon bo‘lib ulgurgan edi. U tayinlovdan ko‘p o‘tmay Toshkentdagi 88 ta mahallada qurilish-ta’mirlash ishlarini e’lon qilib, bu ishlarning boshida o‘zi turdi va e’tiborlisi, kuchlar negadir kechasi, qorong‘ida jalb etildi. Ayni shu holatning o‘ziyoq yangi hokimning tizimli va tartibli boshqaruvni yo‘lga qo‘yadigan zamonaviy menejyer emasligini ko‘rsatib bo‘lgandi. Shu va boshqa holatlar hokimlikning ishlari buyog‘iga ham “qo‘l” boshqaruvida davom etaverishidan darak berayotgandi va amalda ham shunday bo‘lib chiqdi.

2018 yil aprel oyida Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lgan Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘sha yil oxirida v.b. qo‘shimchasidan xalos bo‘ldi. Shu vaqt oralig‘ida u shaharni rivojlantirish bo‘yicha rejalari haqida ko‘p chiqishlar qildi, ko‘p va’dalar berdi. Biz sobiq hokimning faoliyatiga o‘z fikrlarimizdan kelib chiqib emas, xolislik uchun uning o‘zi bergan eng muhim va’dalarni qanchalik bajarganiga qarab baho berishga harakat qilamiz.

“Toshkentning hamma joyi markazdek bo‘lishi kerak”

“Chet eldan kelgan mehmon Toshkentning markazini qidirib topa olmasligi kerak. Ya’ni u qayerga borsa, o‘sha yerni markazga aylantirish kerak. Agar chet eldan kelgan mehmon o‘zini qulay his qilsa, mahalliy aholi o‘zini ikki barobar qulay his qiladi”. (12.05.2018)

Jahongir Ortiqxo‘jayev shaharning hamma joylarini o‘zi aytgandek qulay, markazdan farq qilmaydigan darajaga keltirgani yo‘q. Chekkaroq tumanlardagi yo‘llar abgor holatda yotgan bir paytda, hokim shahar markazidagi yo‘llarni qayta-qayta ta’mirlashda davom etaverdi.

Bugun ham, xuddi 5 yil oldingidek, Toshkentga kelgan turist uning markazini boshqa hududlardan osongina ajratib oladi. Shahar markazi – ozoda, tartibli, yo‘llari ravon, bog‘lari va xiyobonlari bor, daraxtlari ko‘proq. Markazdan uzoqroqqa, aholi mavzelari tomon borganingiz sari, ayrim joylarda xavfsiz yurish uchun hatto trotuar ham topolmay qolasiz. Eng elementar masala – shaharda chiqindi qutilari hali ham yetishmaydi.

“Mulk ochiq tanlov asosida beriladi”

“Tadbirkorlarga mulk ochiq tanlov asosida beriladi. Bundan keyin hech kimning amakisi, tog‘asi yoki pochchasi bu masalada imtiyozlarga ega bo‘lmaydi”. (12.06.2018)

Ortiqxo‘jayevning eng balandparvoz, lekin aslida puch bo‘lib chiqqan va’dalaridan biri aynan shu edi. O‘tgan davr mobaynida Toshkentdagi eng qimmat, santimetri tilloga teng yerlar hokim aytganidek ochiq tanlov asosida berilgani yo‘q. Shahardagi yerlar hech qanaqa auksionsiz tarqatib yuborilishining boshida esa aynan Jahongir Ortiqxo‘jayev turdi.

Gap shundaki, 2018 yil 1 oktyabrdan boshlab uch yil davomida Toshkentda investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida davlat mulklarini shahar hokimining qarori bilan auksionsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish bo‘yicha eksperiment o‘tkazildi. Bu eksperiment amalda yer uchastkalarini bo‘lib berish bo‘yicha Ortiqxo‘jayevga berilgan kart-blansh bo‘ldi. U davlat mulklarini investorga berish haqidagi qarorlarining deyarli hech qaysisini ochiq e’lon qilgani yo‘q. Natijada odamlar o‘zining mahallasidagi yer birovga berib yuborilganini keyinroq bildi.

Ko‘p holatlarda aslida avtoturargoh, xususiy bog‘cha, mahalla guzari yoki shu kabi ijtimoiy obektlar qurish uchun ajratilgan yerlarda ko‘p qavatli uylar va biznes markazlar paydo bo‘ldi. Qarorni imzolagan hokim esa bu holatlarga jiddiy reaksiya qilmadi.

Na bosh reja, va na strategiya

“Toshkent shahri bo‘yicha muammolar juda ko‘p. Asosiy muammo – poytaxtning bosh rejasi yo‘qligi. Kelajakda bo‘ladigan rivojlanishga xalaqit berishi, tasdiqlanmaganligi. Shuningdek, uzoq va yaqin strategiya yo‘q. Shu muammo. Aniq, puxta bir strategiya qilinmagan”. (13.03.2018)

Aniq, puxta strategiyani o‘zidan avvalgi beshta hokim kabi, Jahongir Ortiqxo‘jayev ham qilgani yo‘q. Shaharning rivojlanish strategiyasi bo‘ladi deyilgan “Toshkent-2025: O‘zgarish” nomli loyiha chala qolib ketdi. Ortiqxo‘jayev “Top-500” hamjamiyati orqali Toshkentni Markaziy Osiyoning biznes poytaxtiga aylantiramiz deganida ham bilib-bilmay katta gapirib yuborgandi. Bu status uzoq yillardan beri Olma-otaga tegishli. Toshkent shahri iqtisodiyotining hajmi Olma-otanikidan naq 2 barobarga kichik. Ortiqxo‘jayev davridagidek o‘sish sur’atlari bilan bunaqa katta farqni yo‘qqa chiqarish ilojsiz.

Va’da qilingan, lekin amalda bajarilmagan strategiyalardan yana bittasi – shahardagi suv oqova tizimini tartibga keltirish edi. Betartib qurilishlar oqibatida, sal ko‘proq yomg‘ir yog‘ib qolsa, shahar ko‘chalari suvga to‘lib qolyapti. Hokimlik esa drenaj-lotoklar tizimini yaxshilash bo‘yicha va’dasini unutib yubordi, tizimli va amaliy ishlar bo‘yicha hatto rejaning o‘zi yo‘q.

Aksariyat muammolarning markazida turgan shahar bosh rejasi esa alohida katta mavzu. Jamoatchilik va faollar buni gapiraverib charchadi, hokimlik esa yillar davomida orqaga suraverdi, hujjatlarda yozilgan muhlatlar o‘tib ketaverdi. Oxir-oqibat aynan bosh rejaning yo‘qligi, hammani bezor qilgan palapartish qurilishlar va buning oqibatida kuchaygan energiya inqirozi Ortiqxo‘jayevni kursisidan ag‘dardi. Prezident uni “noinsof” deb ishdan olarkan, bosh reja haligacha tasdiqlanmagani, qurilishlarning infratuzilmaga yuklamasi hisob-kitob qilinmaganini tanqid qildi.

Ijtimoiy infratuzilma defitsiti

“Reja bo‘yicha 10 yildan keyin Toshkent shahri aholining yashashiga qulay bo‘lishi kerak. Uy-joylar yaxshilanishi, jamoat transportini ko‘paytirish zarur. Shuningdek, bog‘cha, maktab, poliklinikalar sonini oshirish darkor. Bular hozircha bizda norma bo‘yicha yetmaydi”. (13.06.2018)

Hokim bu gapida 10 yildan keyin degan bo‘lsa ham, bu muddatning yarmida qilingan ishlarni qoniqarli deb bo‘lmaydi. Yashashga qulay deganda birinchi navbatda tushuniladigan ijtimoiy ne’matlar – toza havo, xavfsiz yo‘llar, sifatli jamoat transporti, barqaror energetika, nogironligi bor odamlarga sharoitlar kabilarning har bittasi bo‘yicha tonnalab muammolar saqlanib qoldi. Ekologik muammolar esa misli ko‘rilmagan darajada chuqurlashib ketdi. Shaharda havo sifati xavfli darajada bo‘lishi odatiy holga aylanib qoldi.

Bitta sinfda qirqtalab o‘quvchi o‘qiyotgan maktablar haligacha juda ko‘p. O‘zbekistondagi eng boy shahar maktablarga pul ajratish bo‘yicha 14ta hudud orasida 7-o‘ringa (!), ta’lim sifati bo‘yicha 5-o‘ringa (!) tushib ketdi. Tasavvur qilish qanchalik qiyin bo‘lmasin, Uchtepa tumani maktab ta’limi sifati bo‘yicha respublikadagi 207 ta tuman-shahar ichida 204-o‘ringacha (!) quladi.

Jamoat transportini epaqaga keltirmagani – Jahongir Ortiqxo‘jayevning eng katta xatolaridan biri. U sovuqda avtobus kutish nimaligini, “marshrutka”ga joy talashish nimaligini, metroda tiqilinchda ketish nimaligini bilmasligi mumkin, lekin bu haqda gapirayotgan odamlarning, jurnalistlarning, jamoatchilikning shikoyatlariga quloq tutsa bo‘lardi. Va yana aytish kerak, metro qurilishlarida ham, oxirgi 1-2 oyda avtobuslar soni ko‘payganida ham Ortiqxo‘jayevning hissasi yo‘q.

Achinarlisi shundaki, hokim o‘z va’dasida sanab o‘tgan ijtimoiy ne’matlarni sezilarli ko‘paytirish uchun unda yetarlicha vakolat ham, yetarlicha mablag‘ ham, yetarlicha vaqt ham bor edi.

“Snos”lar

“​Asosiy muammo – shaharda tasdiqlangan bosh rejaning yo‘qligi va uning ochiq emasligi. Buzilish va ko‘chirish ishlari palapartish olib boriladi. Investorlarga reja qilish imkoniyati berilmagan”. (18.06.2018)

“Buzilish va ko‘chirish ishlari palapartish olib boriladi” – Jahongir Ortiqxo‘jayev hokim sifatidagi faoliyatining boshida aytgan bu jumlani o‘zining faoliyatiga nisbatan ham ishlatsa bo‘ladi. Yangi davrdagi ommaviy “snos”larda mulk huquqi va kompensatsiya bo‘yicha qonunchilikka rioya qilmaslik bo‘yicha Ortiqxo‘jayev boshqa viloyatlar hokimlaridan qolishgani yo‘q.

Xalq oldidagi hisobdorlik

“Har bir yirik islohot xalq fikri o‘rganilgan holda amalga oshiriladi”. (13.06.2018)

“Men sizlarni Toshkentdagi o‘zgarishlarning hammuallifi bo‘lishga va shaharda aynan nima yetishmayotganini bizga aytishga chaqiraman”. (21.06.2018)

Jahongir Ortiqxo‘jayevning xalq oldidagi hisobdorlik haqida bu gaplari ham vaqtinchalik bo‘lib chiqdi. Aholi bilan muloqot uchun ochilgan “Toshkent sizni yaxshi ko‘radi” nomli platforma uzoq vaqtga bormay yo‘qolib ketdi. Juda ko‘p holatlarda odamlar shahardagi loyihalar haqida ularning rejasi allaqachon tasdiqlanib, amalga oshirish boshlanganidan keyin xabar topdi.

Shahar ko‘chalarini kengaytirish bo‘yicha loyihalarning hech qaysisi jamoatchilik bilan kelishilmadi. Butun shahar bo‘ylab daraxtlarning ayovsiz kesilishi shiddat bilan davom etaverdi. Odamlar xalq bilan maslahatlashmaydigan hokim va tadbirkorlardan o‘z bog‘larini himoya qilishga majbur bo‘ldi. Jamoatchilik faol munosabat bildirmaganida, “Moviy gumbaz”larda “Istiqlol” majmuasi qurilishi mumkin edi. Jahongir Ortiqxo‘jayev daraxt kesishga moratoriy amal qilib turgan paytda daraxtzor yerlarni qurilish qilish uchun tadbirkorlarga berib yuborganini esa aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi.

Bu yillar davomida O‘zbekiston Milliy bog‘ining katta qismini sun’iy saroy va qurilmalardan iborat Magic City egalladi. Bog‘ hududining yana bir qismida esa Ma’naviyat shaharchasi qurilyapti. Shu bog‘ hududining yana bir qismi – Oliy Majlis yonidagi ko‘l qayta tiklanmaydigan qilib quritildi.

Sobiq hokim o‘zining asosiy loyihasi bo‘lgan Tashkent City'dagi bog‘ bo‘yicha va’dasida ham turmadi: u yerga kirish pulli qilib qo‘yildi. Oradan 10 oy o‘tgach, bog‘ga kirish yana tekin bo‘ldi, lekin bu bejizga emasdi: tez orada bog‘ sotib yuboriladi. Xususiylashtirishdan keyin bog‘ga kirish bepul bo‘lib qolishiga esa albatta kafolat yo‘q.

Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, Jahongir Ortiqxo‘jayev nafaqat soliq to‘lovchilar va saylovchilar bilan, balki kezi kelganda qonun bilan ham hisoblashmadi: masalan, “Kosmonavtlar”ni ta’mirlashdan oldin madaniy meros organining xulosasini olish majburiy ekanini faollar unga tushuntira olmadi. E-qaror tizimi ishga tushganida esa o‘zi imzolayotgan hujjatlarning katta qismini, ayniqsa budjet pullarini allaqanday tadbirlar-u loyihalarga sarflash haqidagi qarorlarini odamlarga ko‘rinmaydigan qilib, yashirib qo‘yishni odat tusiga aylantirdi.

“Biznesdan chetlashdim”

Jahongir Ortiqxo‘jayev yangi davrda O‘zbekistonda manfaatlar to‘qnashuviga oid tanqidlarning qoq markazida turdi. Ayni shu tanqidlar sabab korrupsiya faqat pora oldi-berdisidan iborat emas, uning manfaatlar to‘qnashuvi va boshqa ko‘rinishlardagi murakkab turlari ham borligini ko‘pchilik oddiy odamlar ham bilib oldi.

Ortiqxo‘jayev o‘z intervyularida biznesdan chetlashganini, lekin hokimlikka tayinlanayotgan paytda unga o‘z kompaniyalaridagi ulushlaridan kechish talabi qo‘yilmaganini aytgan. Lekin, 2022 yilda qabul qilingan qonun bilan davlat xizmatchilariga biznes egasi bo‘lish taqiqlangan bo‘lsa ham, u baribir biznesdan ketgani yo‘q, lavozimdan olingan paytda ham “J-United Group”ning yuz foizlik ta’sischisi edi.

Ortiqxo‘jayevga tegishli kompaniyalarning ko‘pligi va xilma-xilligi sabab xorij nashrlari uni biznes imperiya deb ataydi. Birmuncha vaqt avval, aksariyat kompaniyalarini boshqalar nomiga o‘tkazishidan oldin, u egalik qiladigan brendlarning sanog‘i yo‘qdek edi. Bu kompaniyalar milliardlab so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanadi, ularning ayrimlarini himoya qilish uchun alohida import cheklovlari kiritilgan. Va albatta, bu kompaniyalar muntazam ravishda juda katta hajmdagi davlat buyurtmalarini oladi.

Hokimga tegishli yoki unga yaqin kompaniyalar deb ko‘rilgan Discover Invest, Eco-House Group, Mimar Group, Grand Road va boshqalar shahardagi qurilishlar bo‘yicha milliardlab so‘mlik davlat buyurtmalarini hech qanaqa tendersiz qo‘lga kiritib keldi. Matbuotda gaz hisoblagichlar, liftlar, darsliklar, koronavirus paytida qurilgan karantin zonalari haqida ham surishtiruvlar e’lon qilindi.

Vaziyat shu darajaga borib yetdiki, tuppa-tuzuk turgan bruschatkalarning ustidan hokimga aloqador firmadan sotib olingan bruschatkalar yotqizildi. Yana bir holatda hokimga begona bo‘lmagan, ochilganiga 15 kun bo‘lgan kompaniya hokimlikdan milliard so‘mlik buyurtma oldi. Artel maktabining direktori Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmasiga boshliq bo‘ldi, Mimar'ning bosh arxitektori Toshkent hokimligida ishladi, keyin qurilish vaziriga o‘rinbosar bo‘ldi.

O‘tgan besh yillik davrda shaharda yo‘llar, ko‘priklar, binolarni loyihalash va qurishga turk kompaniyalari keng jalb qilindi. Bunda tadbirkor hokimning Turkiya bilan uzoq yillik o‘tmishga ega biznes aloqalari alohida o‘rin tutgan bo‘lsa ajab emas.

Jahongir Ortiqxo‘jayevning ommaviy axborot vositalari bilan munosabatlari ham alohida mavzu. O‘zbekistonda hali hech kim jurnalistlarni u ishlatgan so‘zlar bilan haqorat qilmagan, u tasavvur qilgan holatda yomonotliq qilish bilan tahdid qilmagandi. Vaqt o‘tgani sari, tanqidlar ko‘payib boravergach sobiq hokimning jurnalistlarga nisbatan “allergiyasi” oshib boraverdi.

Iste’fo

Toshkent hokimining lavozimdan olinishi Prezident administratsiyasida o‘tgan yili o‘rtalaridan boshlangan o‘zgarishlar bilan aloqador ekani shubhasiz. Bu o‘zgarishlar u bilan yaqin aloqalarga ega ekani aytiladigan administratsiyaning sobiq rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov va prezident maslahatchisi, Ortiqxo‘jayevning qudasi Abdujabbor Abduvohidovning ishdan olinishidan boshlangan edi. Qattiq sovuq kunlari Toshkentning ko‘plab hududlari bir necha sutkalab energiyasiz qolgani esa yakuniy qaror uchun turtki bo‘lgan ko‘rinadi.

“Qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik qilmagani uchun Toshkent shahri hokimi Ortiqxo‘jayevni kechasi shtabda ishdan oldim. Quruq gap bilan, yolg‘on “svodka” bilan pastga tushmagani uchun, noinsof, oyog‘i yerdan uzilgani uchun uni ishdan oldim”, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev.

Jahongir Ortiqxo‘jayevning Toshkent shahri hokimi sifatidagi faoliyati hali ko‘p tahlil qilinadi. Va bu tahlil faqat jamoatchilik faollari o‘rtasidagina bo‘lib qolishi to‘g‘ri emas. Toshkentda o‘tgan 5 yillik davrdagi voqealarga ham siyosiy, ham huquqiy baho berish kerakligini ko‘rsatuvchi holatlar keragidan ortiq darajada ko‘p.

Komron Chegaboyev

Mavzuga oid