O‘zbekiston | 00:48 / 29.01.2023
15312
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda topilgan ayiq bolasi Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi

Nimjon jonivor hayvonot bog‘idagi reabilitatsiya markaziga o‘tkazildi.

Foto: Toshkent hayvonot bog‘i

Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanidagi «Uzun» davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida topilgan qo‘ng‘ir ayiq bolasi Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi.

Hayvonot bog‘i ma’muriyatining qayd etishicha, ochlik sababli ayiqchaning hayoti xavf ostida bo‘lgan.

«Kichkintoyning vazni juda oz. Ayiqlar, odatda qishki uyquga ketishdan oldin, ko‘klamga yetib olishga imkon beruvchi qalin yog‘ qatlamini to‘plashi lozim ekani inobatga olinsa, ayiqcha omon qolmasligi mumkin edi», deyiladi xabarda.

Shu sabab jonivor reabilitatsiya markaziga o‘tkazilgan va mutaxassislar nazoratiga olingan. Unga qulaylik yaratish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.

24 yanvar kuni «Uzun» davlat o‘rmon xo‘jaligida topilgan ayiqcha o‘rmon xo‘jaligida vaqtinchalik saqlab turilgan edi. O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i bolasi adashib qolish oqibatida onasidan ajralgani taxmin qilindi. O‘rmon xo‘jaligi xodimlari bahor kelishi bilan ayiqchani tabiat bag‘riga qo‘yib yuborish rejalashtirilayotgani aytilgan edi. 

Mavzuga oid