Jahon | 13:11 / 30.01.2023
22871
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqining sharqiy qismi Ukraina arzon donidan shikoyat qilyapti

Jahon bozorini to‘ldirish uchun Yevropa Ittifoqi Ukrainadan don tashishni osonlashtirdi. Ammo ma’lum bo‘lishicha, bu donning bir qismi Yevropa Ittifoqining Sharqiy Yevropa mamlakatlarida qolib ketyapti hamda bu mahalliy fermerlar uchun muammo tug‘diryapti.

Foto: aussiedlerbote

Ukrainadan arzon don Yevropa Ittifoqining Sharqiy Yevropa mamlakatlari fermerlari uchun tobora ko‘proq muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu Rossiyaning ushbu mamlakatga qarshi urushi fonida Ukraina bilan savdo-sotiq osonlashtirilishi sababli, Ukrainadan eksport qilinadigan ozuqa va oziq-ovqatning muhim qismi Bolgariya, Chexiya, Vengriya, Polsha, Ruminiya va Slovakiyada qolib ketayotgani, bu esa mahalliy fermerlar uchun muammo tug‘dirayotgani bilan bog‘liq. Bu haqda 30 yanvar, dushanba kuni e’lon qilingan ushbu oltita Yevropa Ittifoqi davlatining qo‘shma hisobotida aytilgan.

«Hozirda bu o‘sish nazoratsiz qolsa, Yevropa Ittifoqi ishlab chiqaruvchilari uchun qishloq xo‘jaligi sohasida jiddiy qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkinligi haqidagi prognozlar ortib bormoqda», deyiladi hujjatda. 30 yanvar kuni Yevropa Ittifoqi qishloq xo‘jaligi vazirlari Bryusselda qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavjud vaziyat va muammo yechimlarini muhokama qiladi. 

Ayniqsa, Yevropa Ittifoqining oltita Sharqiy Yevropa davlatining g‘allachilik sohasida muammoli vaziyat yuzaga keldi. Misol uchun, bu mamlakatlarga Ukrainadan makkajo‘xori importi o‘tgan yilning yanvaridan noyabrigacha bir necha ming tonnadan bir necha million tonnagacha oshdi. 

Yevropa Ittifoqi Rossiya tajovuzkorligi fonida Ukrainadan eksport to‘xtatilishi sababli jahon bozorida g‘alla taqchilligiga yo‘l qo‘ymaslik uchun birdamlik yo‘laklarini yaratdi va shu bilan Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashish va chegaradan o‘tish nazoratini osonlashtirdi. Biroq, ma’lum bo‘lishicha, Ukraina g‘allasining muhim qismi jahon bozoriga chiqmayapti, balki Yevropa Ittifoqining Sharqiy Yevropa mamlakatlarida chorva uchun ozuqa sifatida qolib, u yerda arzonligi tufayli mahalliy fermerlarning mahsulotlarini bozorlardan chiqarib yuboryapti. 

Germaniya Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vazirligi vakili dpa nashriga bergan intervyusida Yevropa Ittifoqining birdamlik yo‘laklarini kuzatib borish muhimligini ta’kidladi. Bu «Ukraina doni ushbu yo‘laklar tugaydigan joyga – YeI portlariga kelgusida belgilangan mamlakatlarga tashish uchun yetib borishi jihatidan muhimdir». 

Yevropa Ittifoqining oltita Sharqiy Yevropa davlatlari o‘zlarining qo‘shma hisobotida Ukrainadagi qishloq xo‘jaligi sektorini qo‘llab-quvvatlashda davom etishga tayyor ekanini bildirdi, bunda holat mahalliy bozorlar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi kerak emas. Ular, shuningdek, zarar ko‘rgan mahalliy fermerlarga tovon to‘lash kerak, deb hisoblayapti. 

Rossiya harbiy harakatlaridan oldin Rossiya va Ukraina tomonidan jahon bozorlariga eksport qilinadigan donning ulushi Yevropa komissiyasi tomonidan taxminan 34 foizga baholangan. 

Mavzuga oid