O‘zbekiston | 10:34 / 01.02.2023
11141
2 daqiqa o‘qiladi

2022 yilda 3 mingdan ortiq mansabdor shaxslar jinoiy javobgarlikka tortildi

2022 yil davomida respublika bo‘yicha jami 2 965 ta jinoyat ishi bo‘yicha 3 116 nafar mansabdor shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Foto: Shutterstock

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 110 nafari respublika, 264 nafari viloyat va 2 742 nafari tuman (shahar) miqyosidagi vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat yuritgan.

Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning: 

  • 2 103 nafari o‘zganing mulkini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish; 
  • 265 nafari mansab mavqeyini suiiste’mol qilish;
  • 243 nafari firibgarlik;
  • 169 nafari poraxo‘rlik;
  • 51 nafari mansab soxtakorligi; 
  • 22 nafari mansabga sovuqqonlik bilan qarash;
  • 14 nafari mansab vakolati doirasidan chetga chiqish;
  • 249 nafari boshqa jinoyatlarni sodir etgan. 

Mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1 trln 12 mlrd so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan bo‘lib, tergov jarayonida ushbu zararning 847 mlrd so‘mi undirilgan.

2021 yilda O‘zbekistonda 2345 ta jinoiy ish bo‘yicha 2804 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgan. Yetkazilgan zarar 913,7 milliard so‘mga baholanib, dastlabki tergov jarayonida 714,8 milliard so‘m undirilgan.

Mavzuga oid