Jahon | 22:37 / 03.02.2023
11877
2 daqiqa o‘qiladi

Blinken havo shari bilan bog‘liq hodisa tufayli Xitoyga tashrifini qoldirdi 

Xitoy havo shari AQSh ustidan uchib o‘tganidan keyin vaziyat chigallashgan edi. 

Foto: Chase Doak / AFP - Getty Images

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken mamlakat shimolida havo shari topilgani sababli Xitoyga tashrifini qoldirdi. ABC News xabariga ko‘ra, Vashington ushbu havo sharini Xitoyga tegishli meteorologiya aerostati va g‘arbiy shamollar ta’sirida tasodifan AQSh havo hududiga kirgan deb hisoblaydi. 

ABC News manbasiga ko‘ra, Blinken havo shari bilan bog‘liq vaziyat bo‘rttirilishini istamaydi, shuning uchun u kelasi haftadagi tashrifini bekor qilmaydi, balki keyinga qoldiradi. Shuningdek, u aerostat masalasi Xitoy bilan bo‘lajak muzokaralarda asosiy muhokama mavzusiga aylanishini istamaydi, deb qo‘shimcha qildi telekanal suhbatdoshi. 

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi, o‘z navbatida, sodir bo‘lgan voqeadan afsusda ekanligini bildirdi. Vazirlik matbuot xizmati Xitoy tomoni ushbu fors-major vaziyatni to‘g‘ri hal etish maqsadida AQSh bilan aloqalarni davom ettirishini qayd etdi. 

3 fevral kuni tongda Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder departament bir necha kundan beri mamlakat shimoliy hududlarida Xitoy razvedka havo sharini kuzatganini ma’lum qilgandi. NBC telekanali xabariga ko‘ra, havo shari 31 yanvar kuni Billings shahri (Montana), shuningdek, Aleut orollari va Kanada ustidan ham uchib o‘tgan. Aholi uchun xavf tug‘dirishi sababli shar urib tushirilmagan. 

Mavzuga oid