Iqtisodiyot | 15:07 / 06.02.2023
34353
4 daqiqa o‘qiladi

Muammolarni tezroq hal qilish imkoni: “Tashabbusli budjet” boshlandi

Ochiq budjet” portalida ijtimoiy infratuzilma muammolarini hal qilishga pul ajratish bo‘yicha takliflarni qabul qilish boshlandi. Tashabbuslar 26 fevralgacha yig‘ilib, keyin ovozga qo‘yiladi. Prezident bu yil jamoatchilik takliflarini amalga oshirish uchun 3,5 barobar ko‘p – 8 trln so‘m yo‘naltirishga topshiriq bergan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2023 yilning birinchi mavsum “Tashabbusli budjet” loyihasi boshlanganini e’lon qildi.

Vazirlik matbuot xizmatining Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, tuman va shahar hokimliklari tomonidan “Tashabbusli budjet” loyihalari uchun bugungi kun holatiga 750 mlrd so‘m yo‘naltirilgan. Bu raqam ovoz berish jarayoni yakunlariga qadar yana ortishi kutilmoqda.

Fuqarolar 2023 yilning 6 fevralidan 26 fevraliga qadar “Ochiq budjet” portalida o‘z hududlaridagi mavjud muammolardan kelib chiqib takliflar qoldirishi mumkin. Taklif qoldirish muddati yakunlangach, loyihalarga ovoz berish jarayoni boshlanadi.

Tuman (shahar) budjetlari mablag‘lari doirasida jamoatchilik fikri asosida “Ochiq budjet” portali orqali tadbirlarni shakllantirish va ularga ovoz berish jarayonining birinchi mavsumi – har yili fevral-mart oylarida, ikkinchi mavsumi iyun-iyul oylarida o‘tkaziladi.

2023 yilda “Tashabbusli budjet” loyihalari uchun qancha mablag‘ ajratilgan?

Joriy yildan boshlab har bir tuman va shaharda 6 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan mablag‘lar ajratilishi hisobiga “Tashabbusli budjet” jarayonlari uchun jami 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Buning natijasida, 53 ta tuman va shaharga (tasdiqlanadigan budjetlari miqdori kam bo‘lishiga qaramay) 6 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Misol uchun, G‘ozg‘on shahriga 2022 yilda 900 mln so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, 2023 yildan boshlab mazkur hududga 6 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar budjeti qo‘shimcha mablag‘larining 30 foizi ham fuqarolar fikri asosida shakllantirilgan loyihalarni moliyalashtirishga sarflanadi.

Avvalgi yillarda faqat tuman va shahar budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining kamida 30 foizi “Tashabbusli budjet” jarayonlari uchun yo‘naltirilishi belgilangan edi.

Shuningdek, 2023 yilda “Mening yo‘lim” loyihasi uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdori ham 2 baravardan ortiqqa oshirilgan.

Bu o‘zgarishlarni inobatga olgan holda, prezident topshirig‘iga ko‘ra 2023 yilda jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishga 8 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, “Tashabbusli budjet”ning 2022 yildagi birinchi va ikkinchi mavsumlarida 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan loyihalarning hammasiga mablag‘ ajratilgan edi.

Mavzuga oid