O‘zbekiston | 07:48 / 09.02.2023
7882
4 daqiqa o‘qiladi

Vetnam O‘zbekistonda sholi klasterlari tashkil etmoqchi

O‘zbekiston ishchi guruhining Vetnamga tashrifi ikkinchi kunida Xanoy shahrida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Vetnam Savdo-sanoat palatasi prezidenti hamda yetakchi kompaniya va uyushmalar rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.

Foto: Dunyo

Uchrashuv kun tartibidan ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin oldi.

Vetnam Savdo-sanoat palatasi prezidenti Fam Tan Kong bilan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi. Davra suhbati tarzida o‘tgan uchrashuvda elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda faoliyat yurituvchi 10 ta korxona rahbarlari ham ishtirok etdi. G2B va B2B muzokaralari sessiyasi ishbilarmon doiralarga hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish, qator yirik investitsiyaviy va savdo loyihalarini birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishish imkonini berdi. Gap tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, charm mahsulotlari ishlab chiqarish, Vetnam bozorida xaridorgir bo‘lgan O‘zbekiston tovarlarini yetkazib berishni tashkil etish haqida ketmoqda.

MTT direktori Nguyen Van Txan bilan kompaniya ikki loyihani amalga oshirgan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma loyihalarni hayotga joriy qilish masalalari muhokama qilindi. Korxona rahbariyati mamlakatimizda biznes yuritishning muvaffaqiyatli tajribasidan kelib chiqib, baliq yetishtirish va ozuqa ishlab chiqarish yo‘nalishlaridagi yangi loyihalar orqali faoliyatini kengaytirish niyati bilan o‘rtoqlashdi.

Vetnam Vietnam National Textile and Garment Group raisi V.Aon bilan muloqotda to‘qimachilik sanoatida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari kelishib olindi. Vietnam National Textile and Garment Group hozirda mamlakatdagi eng yirik to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Korxona 12 ta ishlab chiqarish zavodiga ega va 50 ta davlatga mahsulot eksport qiladi.

PetroVietnam davlat korporatsiyasi raisi Le Man Xun bilan neft-gaz va neft-kimyo sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar bu boradagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlab, kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, geologiya-qidiruv loyihalari bo‘yicha sarmoyaviy tashabbuslarni hamkorlikda ishlab chiqishga kelishib oldi.

Vinachem Vetnam milliy kimyo guruhi raisi o‘rinbosari Ngo Day Quangga O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi va kimyo sanoati bo‘yicha loyihaviy takliflar taqdim etildi. Bir qator investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va qo‘shma ishchi guruh tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

1954 COMPANY bosh direktori A. Phung Vetnamning ilg‘or tajribasiga asoslangan yirik sholi yetishtiruvchi klasterlarni yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi. Gap ekinlar hosildorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beruvchi unib chiqqan nihollarni ekish va uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida kimyoviy o‘g‘itlarni purkashning yangi texnologiyasi haqida bormoqda.

Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar o‘zaro hamkorlikning barcha muhokama qilingan yo‘nalishlarida hamkorlikni faollashtirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar va muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldi.

Mavzuga oid