Jahon | 10:44 / 12.02.2023
20996
11 daqiqa o‘qiladi

«Aybim tizimni yaxshilashga uringanim» – Sergey Furgal 22 yilga qamaldi

Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasi sobiq gubernatori Sergey Furgal 2000-yillar boshidagi qotillikni tashkil etishda aybdor deb topilib, 22 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Furgal 2020 yilda qo‘lga olingan va bu voqea ortidan o‘lkada boshlangan ommaviy namoyishlar bir necha oy davom etgandi.

Foto: Anatoliy Jdanov / Kommersant’ / Sipa USA / Vida Press

Prokuror Furgal uchun 23 yillik qamoq jazosi so‘ragandi, sud esa hukmda bir yil kamroq jazo berdi. Xabarovskning sobiq rahbari sudda aybiga iqror bo‘lmadi va bu hukmni uyatli deb atadi.

2000-yillardagi qotillikda ayblov

Furgal ustidan sud ishi Moskva oblastidagi Liberets rayon sudida ko‘rib chiqildi va aynan shu yerda hukm o‘qildi. 2 fevral kuni sudyalar hay’ati Furgalni tadbirkor Aleksandr Smolskiyga suiqasdda aybdor deb topdi. Shuningdek, sobiq gubernator boshqa tadbirkorlar Yevgeniy Zori va Oleg Bulatovga nisbatan qotillikni tashkil etishda ham aybdor deb topildi. Ayblovga ko‘ra, 2000-yillarda Furgal bu tadbirkorlar bilan biznes olamida raqobatlashgan.

«Balki bolalarimiz odil sudlovni ko‘rar...»

Har uch holat bo‘yicha sudyalar Furgalga berilgan jazoni yengillatish imkoni yo‘qligini bildirgan. O‘z ustidan chiqarilgan hukmni eshitgan Furgal esa qafasda turib sudyalar uchun u uyalayotganini aytdi.

Furgal ikki yildan buyon o‘ziga nisbatan ayblovlarni uyushtirilgan va siyosiylashtirilgan deb aytib keladi. Hukm o‘qilgan sud majlisida ham u aybini tan olmadi. «Mening aybim shunchaki tizimni yaxshilashga intilganim», dedi so‘ngso‘z o‘rnida sobiq gubernator.

U sud jarayonida o‘ziga chiqarilgan hukmni «adolatning butkul o‘lishi» deb atadi. «Bu adolatning butkul o‘lishi bo‘lsa, nimanidir muhokama qilish mumkinmi? Shunchaki ijobiy nimadir paydo bo‘lishini kutishga majburmiz. Balki bolalarimiz, balki nabiralarimiz odil sudlovni ko‘rar», deya Furgalning so‘zlarini keltirgan «Furgal shtabi» Telegram-kanali.

O‘ta og‘ir jinoyatda ayblov

Sudyalar hukm chiqarilgach, Furgaldan hukm tushunurlimi, deb so‘rashdi. «O‘rtoq sudya, hukm-ku tushunardi, faqat bir narsani tushunmayapman: bunday qaror chiqarganingiz uchun uyalmayapsizmi?» degan Furgal.

Furgal ayblanayotgan jinoyatlar Rossiyada o‘ta og‘ir jinoyatlar hisoblanadi va bunday jinoyatlar uchun bir umrlik qamoq jazosi so‘raladi. Ammo jinoiy javobgarlikka tortish muddati 15 yildan o‘tib ketgani uchun prokuror unga bir umrlik qamoq so‘ray olmasdi. Shu bois 23 yil jazo so‘radi va sud 22 yilga hukm chiqardi.

Furgal ishi bo‘yicha qolgan aybdorlar Marat Qodirov, Andrey Paley va Andrey Karepov ham uzoq muddatlarga qamaldi.

Marat Qodirov. 2020 yil. Foto: Anton Novoderejkin / TASS

Karepov 21 yil, Paley 17 yil, Qodirov 9,5 yil oldi. Ularning barchasi jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tashi belgilandi. Ular ham o‘z aybiga iqror bo‘lmagan. Sergey Furgalning himoyasi sud hukmidan arz qilib, oqlovga erishmoqchi.

Sergey Furgal va Andrey Karepov. 2022 yil
Anatoliy Jdanov / Kommersant’ / Sipa USA / Vida Press

Furgal nimada ayblangandi?

Ayblovda Xabarovsk oblasti sobiq gubernatori Sergey Furgal 2004-2005-yillarda tadbirkorlar Yevgeniy Zori va Oleg Bulatovni o‘ldirgan va yana bir tadbirkor Aleksandr Smolskiyga suiqasd uyushtirgan jinoiy guruh rahbari ekani aytilgan. Tergov go‘yoki Furgal bu jinoyatlarni o‘z tijoriy manfaatlari uchun amalga oshirganini isbotlagan.

Tergovga ko‘ra, Furgal tijoriy hamkori Nikolay Mistryukov bilan birgalikda metallom qabul qilish punktlariga egalik qilgan va ularga raqobatchi bo‘lgan tadbirkor Aleksandr Smolskiyni yo‘qotmoqchi bo‘lgan. Tergov xulosasiga ko‘ra, Smolskiy bo‘lgan garajga hujum qilingan vaqtda uning o‘zi ham ichkarida bo‘lgan. Garajga ikkita granata tashlangan. Bitta granata darvoza oldida portlagan, ikkinchisi esa garaj ichiga tushib portlamagan. Shu sabab Smolskiy tirik qolgan. Tergovga ko‘ra, bu voqeadan keyin Smolskiy metall sotib olish narxini pasaytirgan.

Tergov xulosasida aytilishicha, keyinchalik Furgal va sherigi Mistryukov temirbeton zavodini qo‘lga kiritgan tadbirkor Yevgeniy Zorini uzoq davom etgan suddagi kelishmovchilikdan keyin o‘ldirtirishadi. «Jabrlanuvchi tortishuvli obekt bo‘yicha sud hukmi o‘qilishidan bir kun avval otib ketiladi. Bu qotillikni jinoiy guruh a’zolaridan biri Paley tashkillashtiradi. U ham hozirda qamoqqa olingan», deyiladi xulosada.

Andrey Paley sudda. 2020 yil. Foto: Sergey Kiselev / Agenstvo «Moskva»

2004 yilda Furgal, Mistryukov va sobiq gubernatorning yana bir hamkori Oleg Bulatov Zorining o‘limidan keyin ochilgan jinoiy ish doirasida qo‘lga olinadi. Lekin yetarli isbot topilmagani uchun ish yopiladi.

Tergovga ko‘ra, sobiq militsiya xodimi bo‘lgan Bulatov ham sheriklari Zorini o‘ldirishni tashkil qilishda gumonlanganini aytadi. Uning «gullab qo‘yishi»dan qo‘rqqan Furgal va Mistryukov esa Bulatovni o‘ldirishni yana Paleyga buyurishadi.

Bulatov uyi oldida otib ketiladi. Uni hali tirikligida voyaga yetmagan qizi ko‘rib qoladi, ammo olgan jarohati sabab voqea joyida halok bo‘ladi.

«Xalq gubernatori»

Sergey Furgal Rossiyadagi kam sonli chinakamiga xalq tomonidan saylangan gubernator ekani aytilardi. 2018 yilgi gubernatorlik saylovlarida Furgal Jirinovskiy yetakchiligidagi Liberal-demokratlar partiyasidan o‘z nomzodini ilgari surib, Kreml qo‘llayotgan nomzodlarni mag‘lub etgan to‘rt gubernatordan biriga aylanadi.

Xabarovsk o‘lkasi gubernatori  Sergey Furgal lavozimga kirishish marosimida. Xabarovsk, 2018 yil 8 sentabr
Dmitriy Morgulis / TASS

2020 yil 9 iyul kuni Furgalni ishga ketayotganida Xabarovskda qo‘lga olib, samolyotda Moskvaga olib ketishadi. Sobiq gubernator o‘shandan buyon «Lefortovo» qamoqxonasida saqlanayotgandi.

O‘sha vaqtda BBC'ning Rossiya prezidenti administratsiyasidagi manbasi Furgalning qo‘lga olinishiga o‘z ixtiyori bilan gubernatorlikdan ketishni istamaganini sabab qilib keltirgan. Furgalning Xabarovskda obro‘si baland bo‘lgani uchun uning qo‘lga olinishi o‘lkada jiddiy namoyishlarga olib keladi. Dastlabki kunlarda o‘n minglab xabarovskliklar Furgalni qo‘llab namoyishga chiqishdi, keyinchalik norozilik aksiyalari bir necha oy davom etdi.

Ekspertlar fikricha, Sergey Furgal 2018 yilgi Xabarovsk gubernatorligi uchun saylovda o‘lka rahbariyati bilan kelishgan va yutqazishi aniq bo‘lgan «o‘tkinchi nomzod» sifatida qaraladi. «Reja bo‘yicha» Furgal o‘lkaning Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan amaldagi gubernatori Vyacheslav Shportga yutqazib berishi kerak bo‘lgan, ammo oxir-oqibat saylovda yutib ketgan.

«Prezidentning odami»

Mutaxassisligi bo‘yicha vrach-nevrolog bo‘lgan sobiq tadbirkor Sergey Furgal 2007 yildan 2018 yilgacha Rossiya Davlat dumasiga LDPRdan saylangan deputat bo‘lgan.

«Prezident administratsiyasi uzoq vaqt u bilan ishlagan. Furgal vazifalarni bajarar va doim prezidentning odami ekanini aytgan», deydi BBC bilan suhbatda Tinch okeani davlat universiteti professori Ildus Yarulin.

Ildus Yarulin Xabarovsk gubernatori qo‘lga olinganda ham VVS bilan suhbatda bu voqealar haqida fikr bildirgandi.

«Bu sabab emas, bahona. Hoynahoy bu haqda «matroslarcha sukut saqlovchilar» ko‘rsatma bergandir. Metallni qayta ishlash sohasi kriminalga juda yaqin soha», degan professor. Yarulin Furgal 1990-yillardayoq huquqni muhoqaza qiluvchi organlar nazariga tushganiga ishonmaydi. «Aks holda u qanday qilib uch muddat deputatlikka saylangan?» degandi bu haqda professor.

Furgal va boshqa sudlanuvchilar o‘z aybini tan olmadi. Ular o‘z ishlarini sudyalar hay’ati ko‘rib chiqishini so‘rashdi. Faqat Mistryukovdan tashqari – u sudgacha kelishuv imzolab, tergov bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan. Mistryukov boshqa ayblanuvchilarga qarshi ko‘rsatma bergach, uning ishi alohida ko‘riladigan bo‘ldi.

Nikolay Mistryukov Basman sudida. 2020 yil
Kirill Zikov / Agenstvo «Moskva»

Furgal sudda sobiq hamkori Mistryukov o‘ziga va boshqalarga tuhmat qilib ozod bo‘lmoqchi ekanini aytdi.

«Mamlakatning sharmandali holatini ko‘rib qo‘yishsin»

LDPR partiyasining vafot etgan sobiq rahbari Vladimir Jirinovskiy Furgalning qo‘lga olinishi sabab liberallar partiyasi dumadan ketishi bilan tahdid qilgandi.

«Agar chindan 2004-2005 yilda u qandaydir jinoyat qilgan ekan, 15 yil nimani kutdingiz? Uning qo‘lga olinishi ham noto‘g‘ri holda amalga oshirildi. U jinoyatchi emas, gubernator. U hech qayerga qochib ketayotgani yo‘q-ku?! Banditlar bilan shunaqa munosabatda bo‘lishadi. Furgalni hech qachon partiya safidan chiqarmaymiz. Bu bizga berilgan zarba bo‘ldi. Xabarovsklik saylovchilar Furgal o‘lka tarixidagi eng zo‘r gubernator bo‘lganini ko‘rishsin.

O‘ylaymanki, gubernatorimizning qo‘lga olinishiga barcha partiyadoshlarimiz munosabat bildirishadi. Kerak bo‘lsa, LDPR dumadan chiqib ketadi, odamlar mamlakatdagi sharmandali ahvolni ko‘rib qo‘yishsin», degandi u.

Qamalgan gubernatorlar

So‘nggi 10 yil davomida Rossiyada ko‘plab gubernatorlar qamalgan. Tula oblastining sobiq rahbari Vyacheslav Dudka, Bryansk rahbari Nikolay Denin, Saxalin gubernatori Aleksandr Xoroshavin, Komi Respublikasi sobiq rahbari Vyacheslav Gayzer va Kirov oblasti sobiq rahbari Nikita Belix shular jumlasidan. Yana ko‘plab gubernatorlar hukmlarini kutishmoqda, Chelyabinsk sobiq gubernatori Boris Dubrovskiy esa tergovdan qochib yuribdi.

Mavzuga oid