O‘zbekiston | 18:39 / 16.02.2023
8012
3 daqiqa o‘qiladi

Elektron hukumat, IT va biznes – O‘zbekiston qanchalik raqamlashmoqda?

2022 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda jami internetdan foydalanuvchilar soni 31 milliondan oshdi, aloqa va kompyuter xizmatlari hajmi esa 22,9 trillion so‘mga yetgan. Bugungi kunda 4 milliondan ortiq fuqarolar yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilayotgan 370 ta davlat xizmatlaridan onlayn foydalanmoqda.

Raqamli texnologiyalar vazirligi Kun.uz'ga taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, aloqa va axborotlashtirish hamda kompyuter xizmatlari hajmi 2016 yilda 6,5 trln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 17,8 trln so‘mga yetdi. 2022 yilda esa bu miqdor 22,9 trln so‘mga yetdi. O‘z navbatida raqamli iqtisodiyot sohasining YaIMdagi ulushi 2019 yilda 1,8 foizdan 2022 yilda 2,77 foizgacha oshgan.

Sohada aholi jon boshiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi esa 2016 yildan 2022 yilga qadar 3,2 barobarga oshgan. Xususan, 2022 yilda aholi jon boshiga 642,9 ming so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, axborot va aloqa sohasida faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslar soni 2016 yilda 8 ming 46tadan 2022 yilda 16 ming 641taga ko‘paygan.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari ham oshib bormoqda. Xususan, 2021 yilda 300 ta (100 ta mobil ilovalar orqali) davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022 yilda 370 (+70, 165 ta mobil ilova orqali) tani tashkil qildi. 2023 yilda ularning sonini 570 taga (265 tasi mobil ilovalar orqali) yetkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, yagona portaldan foydalanuvchilar soni 2019 yilda 77 ming nafar bo‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2020 yilda 372 mingni, 2021 yilda 1 millionni, 2022 yilda 4 millionni tashkil qilgan. 2019 yilga qaraganda foydalanuvchilar soni 52 baravarga ortgan. Bu jarayonda 135 mlrd so‘mga yaqin yo‘lkira va qog‘oz xarajatlari tejalgan.

2022 yilga kelib, O‘zbekistonda jami internetdan foydalanuvchilar soni 31,1 millionga yetgan bo‘lsa, ularning 29,5 millioni mobil internet foydalanuvchilaridir.

2022 yilda aholi maskanlarining 4G aloqa tarmog‘i bilan qamrovi 74 foizga chiqdi. Shuningdek, 170 ming km optik tolali aloqa liniyalari tortilib, aholi maskanlarining 80 foizi qamrab olindi.

Xalqaro reytinglarda internet tezligi va narxi borasida O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari quyidagicha yaxshilandi.

Mobil internet narxi (1 Gb uchun) 2020 yilda 1,34 dollar (55-o‘rin), 2022 yilda 0,37 dollar (15-o‘rin).

Simli internet narxi: 2020 yilda 16 dollar (25-o‘rin), 2022 yilda 14,38 dollar (19-o‘rin).

Mobil internet tezligi: 2020 yilda 10,07 Mbit/s (133-o‘rin), 2022 yilda 13,95 Mbit/s (122-o‘rin);

Simli internet tezligi: 2020 yilda 29,92 Mbit/s (95-o‘rin), 2022 yilda 45,03 Mbit/s (89-o‘rin).

Mavzuga oid