O‘zbekiston | 10:37 / 16.02.2023
17678
2 daqiqa o‘qiladi

Qamchiq dovonida qor ko‘chdi

Hozirda yo‘llar tozalanmoqda, yo‘lovchilar uchun isitish punktlari tashkil etilgan. Farg‘ona vodiysiga qo‘shimcha poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Foto: FVV matbuot xizmati

«Toshkent-O‘sh» yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tuvchi qismi 15 fevral kuni soat 22:40 lar atrofida qor ko‘chishi xavfi tufayli transportlar harakati uchun vaqtincha yopilgandi. Keyinroq «O‘zgidromet» tungi soat 1:30 dan boshlab yo‘lning 228−253 km qismida qor ko‘chishi mumkinligidan ogohlantirdi.

«O‘zgidromet» xodimi Erkin Abdulahatov soat 1:40 lar atrofida yo‘lning 239 km qismiga qor ko‘chkilari tushganini ma’lum qildi. Tongda esa ko‘chki 234 km.da ham qayd etilgani ma’lum bo‘ldi.

Foto: t.me/uzb_meteo.

O‘zbekiston FVV ma’lumotiga ko‘ra, tunda favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev dovonga borgan va qor ko‘chkisidan ogohlantirish hamda uning oqibatlarini bartaraf etish ishlariga boshchilik qilgan.

Xohlovchilar uchun esa dovonning o‘zida isinish nuqtalari ham tashkil etilgan.

Fuqarolarni manzillariga yetkazish maqsadida Ohangaron va Angrendan Farg‘ona vodiysi yo‘nalishida qo‘shimcha poyezdlar qatnovi amalga oshirilmoqda.

«Aholiga qulaylik yaratish maqsadida vodiy viloyatlariga borishni rejalashtirgan yo‘lovchilar uchun Angren hamda Ohangaron vokzallarida Ohangaron—Angren—Andijon qo‘shimcha temiryo‘l reysi amalga oshirildi.

Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamkorlikdagi xizmatlar ishtirokida yo‘lovchilar o‘z manzillariga xavfsiz yetib olishlari ta’minlandi», deyiladi xabarda.

Foto: FVV axborot xizmati

Mavzuga oid