Farg‘ona hayvonot bog‘idagi jirafa nobud bo‘ldi
Farg‘onadagi hayvonot bog‘ida Qozog‘istondan keltirilgan Maksim laqabli jirafa nobud bo‘ldi. U yanvar oyida O‘zbekistonda kuzatilgan sovuq kunlarda shamollab qolgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatidagi hayvonot bog‘ida Maksim laqabli jirafa nobud bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Hayvonot bog‘i direktori Tursunali Mamajonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda holatni tasdiqladi.
«Jirafaning xonasi kichikroq bo‘ladi. Shuning uchun Maksimni tez-tez toza havoga, shamollatishga olib chiqib turardik. Lekin oxirgi paytlarda u ko‘p yotadigan bo‘lib qoldi, ovqat yeyishi ham o‘zgargandi. Shu holda oradan ikki, uch kun o‘tgach, 20 yanvar ertalab uning o‘lib qolganini ko‘rdik.
Jirafa shamollashdan o‘lganini faqatgina mutaxassislarni chaqirtirib, jasadini tekshirtirganda bildik. Go‘shtini esa hayvonlarga tarqatdik», — dedi Mamajonov.
Hayvonot bog‘i direktoriga ko‘ra, O‘zbekistondagi sovuq kunlar davomida boshqa mayda jonzotlar, xususan, bir necha qush ham nobud bo‘lgan, ammo yirik hayvonlarga zarar yetmagan.
Tursunali Mamajonov prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘onaga tashrifida viloyat hayvonot bog‘ini kengaytirish va hayvonlar sonini ko‘paytirish uchun ham mablag‘ ajratilganini ma’lum qildi.
“Hayvonot bog‘ini kengaytirish va yangi hayvonlar olib kelish uchun 15 mlrd ajratiladigan bo‘ldi. Ammo qurilish qachon boshlanishi hali noaniq”, – dedi u.
Avvalroq “Xalq so‘zi” nashri Farg‘ona viloyatidagi hayvonot bog‘i muammosi, jumladan, «Farg‘ona hayvonot bog‘i» MChJning infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasiga oid muammolarga e’tibor qaratgan edi.
Shuningdek, Toshkent hayvonot bog‘idagi Alatau laqabli jirafa ham miya ishemiyasi sabab nobud bo‘lgandi.
U Toshkentga Olmaota hayvonot bog‘idan, sovg‘a sifatida yuborilgan bo‘lgan.
Mavzuga oid
16:56 / 22.12.2024
Farg‘onada portlash sodir bo‘lgan zapravka buzilmoqda - video
22:57 / 21.12.2024
Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti
21:23 / 21.12.2024
Farg‘onadagi sexda yuz bergan yong‘in oqibatida bir kishi halok bo‘ldi
16:56 / 20.12.2024