O‘zbekiston | 08:54 / 24.02.2023
23067
4 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda hokim maktablarga tekshirish yubordi. Bu hukumat qaroriga zid

Navoiy shahri hokimi Murodxon Egamqulov hududdagi maktablar faoliyatini o‘rganish uchun hokimlik xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzdi. Mazkur ishchi guruh a’zolari maktablarga borib, direktorlar va o‘qituvchilarga bosim o‘tkazayotgani aytilmoqda. Hokimning bu harakati hukumat qarori, balki davlat rahbari olib borayotgan siyosatga zid.

Muratxan Egamqulov

Navoiy shahri hokimi Muratxan Egamqulov 2023 yil 21 fevral kuni shahardagi umumta’lim maktablari faoliyatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzdi.

Ishchi guruh a’zolarining aksariyati hokimlik xodimlaridan iborat. Jumladan, ishchi guruh raisi sifatida hokim o‘rinbosari I.Rahmatov, rais o‘rinbosari sifatida hokimlik Tashkiliy-kadrlar guruhi yetakchi mutaxassisi M.Shodiyev, ishchi guruh kotibi sifatida esa hokimlik yetakchi mutaxassisi R.Xo‘jamurodov ko‘rsatilgan. Ishchi guruh a’zolari shahar hokimi maslahatchisi F.Rahmonov, shahar moliya bo‘limi boshlig‘i A.Husanov, shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori o‘rinbosari K.Xudayberganov hamda shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi kadrlar bo‘yicha mutaxassisi N.Ahmedovadan iborat.

Hujjatda ishchi guruh a’zolariga Navoiy shahridagi umumta’lim maktablari faoliyatini o‘rganish natijalari yuzasidan asoslantirilgan ma’lumot va hujjatlarni joriy yilning 28 fevral kuniga qadar hokimlikka taqdim etishi topshirig‘i qo‘yilgan.

Hokimning mazkur harakati Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 apreldagi “Maktabgacha va umumta’lim tashkilotlari faoliyatini tekshirish ishlarini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga zid.

Mazkur qaror bilan “Umumta’lim muassasalari faoliyatini tekshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom hamda maktabgacha va umumta’lim muassasalari faoliyatini tekshirish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlari ro‘yxati tasdiqlangan.

Yuqoridagi Nizomga ko‘ra, ro‘yxatdagi davlat organlari maktablarda o‘z vazifalari doirasida tekshiruv o‘tkazishga haqli. Masalan, Ichki ishlar vazirligi va uning voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi maxsus bo‘linmalari o‘quvchilar o‘rtasida nazoratsizlik hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga amal qilinishini o‘rganishi, voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilish masalalari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishi mumkin.

Ammo hukumat qarori bilan tasdiqlangan Nizom va ro‘yxatda hokimlik ko‘rsatilmagan. Demak, shahar hokimi ishchi guruh tuzib, maktablarni tekshirishga haqli emas.

Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, hokim tuzgan ishchi guruh 22 fevral kuni Navoiy shahridagi 5-umumta’lim maktabiga, 23 fevral kuni esa 12-umumta’lim maktabiga borgan. Ishchi guruh a’zolari tomonidan maktab direktorlariga bosim ham o‘tkazilayotgani aytilmoqda.

Ular maktabdagi har bir sohani tushunib-tushunmay tekshiryapti. Shahar hokimligi maktablarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘qituvchi va o‘quvchilarga sharoit yaratish bilan shug‘ullansa yaxshi bo‘lardi”, — deya ta’kidlaydi ismini oshkor qilishni istamagan ta’lim sohasi vakillaridan biri Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda.  

Bu Muratxan Egamqulovning ta’lim tizimi xodimlariga bosim va tahdid qilgan ilk holat emas. 2021 yilning mart oyida, Konimex tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritayotgan paytda mahalliy kengash sessiyasida tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiriga faoliyati bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atishini aytib, tahdid qilgandi. U mazkur sessiyada ham prezident farmoni talablariga zid ish tutgan edi.

Navoiy shahar hokimining bu harakati mamlakatda o‘qituvchilarga, o‘qituvchilik kasbiga qaratilayotgan e’tiborni orqaga tortishdan o‘zga narsa emas. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi holatga e’tibor qaratishi zarur.

Angren shahar prokurori maktab hovlisi qordan tozalanmaganini tanqid qilganda bunga jiddiy e’tiroz bildirgan vazir Hilola Umarova ushbu masalani ham bee’tibor qoldirmasa kerak, deb umid qilamiz.

Ruslan Saburov, Kun.uz

Mavzuga oid