O‘zbekiston | 18:50 / 02.03.2023
37674
2 daqiqa o‘qiladi

Diniy nashida uchun 5 yilga qamalgan Sardor Rahmonqulov ozodlikka chiqarildi

Apellyatsiya sudining ajrimiga muvofiq, 21 yoshli sudlanuvchiga tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hukmga o‘zgartirilib, 2 yil sinov muddati belgilandi va u sud zalida ozod qilindi.

Foto: Kun.uz

Sinfdoshiga Telegram messenjeri orqali diniy nashida yuborgani ortidan 5 yilga qamalgan 21 yashar Sardor Rahmonqulov 2 mart kuni apellyatsiya sudi yakunida ozodlikka chiqdi.

Toshkent shahar sudi JIB sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining ajrimiga muvofiq, birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgartirildi: tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi Jinoyat kodeksining 72-moddasi (shartli hukm qilish) qo‘llanilgan holda shartliga o‘zgartirilib, 2 yil sinov muddati belgilandi va u sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida Rahmonqulovning 7 oy 9 kun qamoqda saqlangani inobatga olinib, asosiy jazodan chegirib tashlandi.

Oliy sudning bu haqdagi bayonotida sud hukm chiqarishda “jamoatchilikning keng muhokamasi emas, balki qonunchilikda nazarda tutilgan adolat va shaxsni axloqan qayta tarbiyalash singari tamoyillarga asoslangani” ta’kidlangan.

21 yoshli Sardor Rahmonqulov 3 yil oldin sinfdoshiga yuborgan diniy qo‘shiq (nashida) diniy qo‘mita xulosasiga ko‘ra, aqidaparastlik g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan edi. Tergov vaqtida 7 oydan ko‘proq qamoqda o‘tirgan Rahmonqulovga 2023 yil 30 yanvar kuni sud hukmi o‘qilib, u 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Holat jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Sa’dullayev holatni o‘rganib, unga yordam berishini bildirgandi.

Mavzuga oid