Jamiyat | 17:11 / 07.03.2023
24442
15 daqiqa o‘qiladi

Kambag‘allikka qarshi islom moliyasi

Umummilliy masala bo‘lgani sababli, kambag‘allikka barham berishda jamiyatdagi mavjud potensialning hammasini amaliyotga joriy qilish zarur. Islom moliyasi bu borada katta imkoniyatlarni taqdim etadi.

Kambag‘allik – oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshpana kabi asosiy ehtiyojlarni qondirish uchun pul, moddiy imkoniyatlarning yetarli emasligi. Qashshoqlik esa pulning yetishmasligidan ko‘ra kengroq ma’noni anglatadi. Jahon bankining ta’rifiga ko‘ra, qashshoqlik – ochlik, boshpana yetishmasligi, kasal bo‘lib, shifokorga murojaat qila olmaslik, maktabga bormaslik, sifatli ta’lim ololmaslik, ishlab daromad topa olmaslik, umidsizlik, bir kun uchun kurashib yashashdir.

Kambag‘allikning ortishi jamiyatda xarajatlarning ortishi evaziga iqtisodiyotga ta’sir ko‘rsatadi. Pandemiyagacha qashshoqlik va kambag‘allikni qisqartirish sohasida qisman bo‘lsa-da ijobiy natijalarga erishilayotgan edi, pandemiyadan so‘ng salbiy ko‘rsatkich ortdi.

O‘zbekistonda ham qashshoqlik va kambag‘allikka qarshi bir nechta dasturlar amalga oshirilmoqda, ijobiy tajribalar amaliyotga tatbiq etilmoqda. Biroq bu budjet mablag‘lari evaziga yoki ma’lum bir investitsiyalarni jalb qilish bilan hal bo‘ladigan muammo emas. Umummilliy masala bo‘lgani sababli, kambag‘allikka barham berishda jamiyatdagi mavjud potensialning hammasini amaliyotga joriy qilish zarur.

Islom moliyasi – ijtimoiy jamiyat moliyasi

O‘zbekiston aholisining 94 foizdan ortig‘i – musulmonlar. Islom diniga e’tiqod qiluvchilar ko‘p bo‘lgan jamiyatlarda qashshoqlik va kambag‘allikni qisqartirish uchun, har qanday boshqa jamiyatdan ko‘ra samaraliroq kurashish imkoniyati bor.

Islomda nochorlikdan xalos bo‘lish uchun eng muhim omillar sifatida halol mehnat qilish, qarindoshlik haqlari, zakot, zakotdan tashqari majburiyatlar, ixtiyoriy sadaqalar va ehsonlar qilish orqali jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlash keltirib o‘tiladi. O‘zaro moliyaviy munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha Qur’oni karim, hadislarga asoslangan batafsil ko‘rsatmalar berilgan. Hozirgi kunda Islom moliyasi xizmatlarini joriy qilish nafaqat kambag‘allikka qarshi kurashishda, balki jamiyatning barqaror rivojlanishida ham muhim o‘rin tutishi o‘z isbotini topmoqda.

Islom moliyasi bo‘yicha ba’zi g‘arblik yetakchilarning fikrlari quyidagicha:

Islom moliyasi, umuman olganda, mamlakatlarda moliyaviy barkarorlikni ta’minlash potensialiga ega, chunki uning risklarni taqsimlash xususiyati moliyaviy qarzdorlikni kamaytiradi, moliyalashtirish esa aniq bir aktivlarga bog‘langan va shu sababli to‘liq kafolatlangan”. — Xalqaro valuta fondi sobiq rahbari, Kristin Lagard

London allaqachon Islom dunyosidan tashqaridagi eng yirik islomiy moliyalashtirish markaziga aylanib bo‘lgan. Bugun bizning oldimizga qo‘ygan maqsadimiz ushbu sohada yana oldinga intilishdir. Men Londonni faqatgina G‘arb dunyosidagi Islom moliyasi markazi sifatida emas, balki Dubay bilan yonma-yon, dunyo islomiy moliyalashtirish markazi sifatida ko‘rishni xohlayman” . — Charls, Uels shahzodasi

Islom moliyasining asosiy shartlari – uning pul mablag‘larini mutanosib va adolatli taqsimlash tarafdori ekanidan dalolat beradi. Dunyo globallashuvining vazifasi, bu – dunyoni insoniyat uchun yaxshiroq qilish, jamiyatlarning barcha qatlamlari uchun tinchlik, taraqqiyot va farovonlikning yangi xalqaro tartibini yaratishdan iboratdir. Islom moliyasi ushbu masalalarni hal qilib bera oladi.” — Jahon banki

Islom ijtimoiy moliyasi

Islom ijtimoiy moliyasi (IIM) sadaqa, zakot, vaqf, qarzi hasana kabi moliyaviy tushunchalarni o‘z ichiga olib, shar’iy axloq va adolat me’yorlariga asoslanadi.

Islom dini boylarni, tadbirkor insonlarni, amaldorlarni saxiy bo‘lishga, o‘zlariga sinov tariqasida berilgan omonat boyliklarni yaxshilikka, halol ishlarga sarflashga hamda boyliklarini adolatli taqsimlashga buyuradi. IIM moddiy jihatdan qiynalgan, kambag‘al oilalarga yordam berish orqali ularning jamiyatdagi o‘rnini tiklaydi hamda ularning yanada nochorlik botqog‘iga botib, zaiflashib ketishining oldini oladi.

Zakot – farz qilingan moliyaviy ibodat. Musulmon kishining mol-mulki nisobga (ma’lum bir belgilangan miqdor, chegara) yetganda u boyligining 1/40 qismini zakotga ajratishi lozim. Zakot juda katta imkoniyatlarga ega moliyaviy instrumentdir, agar musulmonlar uning farzligini jiddiy anglab, mulklarini poklab, ajr va barokot umidida nisobga yetgan mulklaridan har yili zakot ajratib borsalar, jamiyatda kambag‘allar va muhtojlarning keskin kamayishiga sababchi bo‘ladilar. Chunki zakot, kambag‘allarning tirikchiligini ta’minlash bilan cheklanib qolmaydi, balki ularni boyitishga ham qaratiladi.

2021 yilda Malayziyada 1,15 million zakot beruvchi tomonidan 828,67 million ringgit (taxminan 190 mln dollarga yaqin) zakot va fitr sadaqa berilgan. Malayziya, Indoneziya, Misr va boshqa ko‘plab Yaqin Sharq mamlakatlarida zakot mablag‘larini taqsimlash hukumat va nodavlat tashkilotlari orqali institutsionalizatsiya qilingan. Ya’ni zakot beruvchilar va oluvchilar institutsional tizimdan foydalanmoqda.

Vaqf – ko‘chmas va ko‘char mulkni ushlab qolgan holda, muassis tomonidan belgilangan imtiyoz va shartlar asosida o‘z daromadlarini doimiy ravishda jamoat yoki oilaviy ehtiyojlarni qondirish uchun sarflash yo‘li bilan tashkil etilgan moliyaviy xayriya harakatidir. Mulk vaqf sifatida yaratilganidan keyin u hech qachon hadya qilinmaydi, merosga berilmaydi hamda sotilmaydi. U Alloh taoloning mulki bo‘lib, vaqf mulki sifatida saqlanib qoladi.

Vaqf mulklari ham juda katta moddiy imkoniyatlarga ega moliyaviy institut hisoblanadi, vaqf mulklarini boshqaradigan mas’ul mutaxassislar ushbu mulklarni eng samarali ishlarga yo‘naltiradilar. Insonlarni o‘z mulklarini jamoat manfaati uchun xayr-ehson qilishga targ‘ib etish orqali jamiyatda ijtimoiy barqarorlikka erishiladi, tabaqalashuvning oldi olinadi, monopoliyalarga chek qo‘yiladi, sog‘lom raqobat vujudga keladi.

Sadaqai joriya – savobi doimiy oqib turadigan xayrli amal, xayrli ish. Xalq uchun xizmat qiladigan manfaatli ish. Vaqf qiluvchilar bu dunyoda ham, oxiratda ham savob olib turadilar.

Vaqf musulmon jamiyatlarida muhim rol o‘ynaydi. U jamiyatda ko‘rsatiladigan turli xizmatlarining asosiy manbayi bo‘lib kelgan. Vaqf shariat taqiqlamagan barcha turdagi xayrli ishlarda insoniyat manfaati uchun xizmat qiladi. Bular – ta’lim (bog‘cha, maktab, universitet, talabalar yotoqxonasi), sog‘liqni saqlash (kasalxonalar, sanatoriylar), halol turizm (mehmonxona) masjid-madrasalar qurilishi va ularni qo‘llab-quvvatlash, ilm ahlini moddiy quvvatlash, infratuzilmalarni yaratish kabilardir.

Vaqf musulmon mamlakatlarida barqaror daromad olish va qashshoqlik darajasini pasaytirishda tarixan muvaffaqiyat qozongan. Hozirgi kunda Turkiya, Kuvayt, Malayziya, Indoneziya, Pokiston, Bangladesh, Singapur, ba’zi Afrika davlatlarida hamda arab davlatlarida vaqf institutlari tizimli ishlab kelmoqda. Bu – vaqf mulkchiligi qonunchilik asoslarining yaratilgani va hukumat darajasida e’tibor qaratilishidan.

Vaqflar ko‘chmas mulk (bino va inshootlar, ekin maydonlari) va ko‘char mulk (naqd pul, asbob-uskunalar, stanoklar) ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Ulardan foydalanganda, mulkning asli yo‘qolmaydi, ammo foydasi sarflanadi.

Quyida naqd pul vaqfi va uning kambag‘allikni qisqartirishdagi o‘rni bo‘yicha qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

Naqd pul vaqfi yer va mulk turi kabi mashhur bo‘lmasa-da, asta-sekin keng jamoatchilik e’tiborini qozonmoqda. Naqd pul vaqfining moslashuvchanligi vaqfning potensial foydasini ularning geografik joylashuvidan qat’i nazar, kambag‘allarga taqsimlash imkonini beradi. Naqd pul vaqfi kambag‘allikni bartaraf etish strategiyalarida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan istiqbolli samarali vositalardan biri sifatida belgilangan.

Qashshoqlikni yumshatish dasturlari katta miqdordagi mablag‘ni talab qiladi, bunda hukumat yagona moliyalashtirish manbayi bo‘la olmaydi. Shu boisdan, bu yerda vaqf fonddagi o‘z rolini o‘ynashi mumkin.

Vaqf fondlari vasiylari mablag‘larni vaqfdan (vaqf asoschisi) yig‘ib, pulni real sektorga yoki islomiy investitsiya fondlariga investitsiya qiladilar. Bu investitsiyadan olingan daromadlar keng jamoatchilikka foyda keltiradigan tashabbuslarni, jumladan, qashshoqlikni bartaraf etish dasturlarini moliyalashtirish uchun ishlatilishi mumkin. Yig‘ilgan naqd pul vaqf mablag‘lariga savdo maskanlari, bozorlar, mehmonxonalar barpo qilish mumkin, bu esa bo‘sh ish o‘rinlari va daromad manbalarini yaratadi.

Misol uchun, Malayziyadagi Hotel Grand Puteri, Hotel the Regency Seri, Hotel Pantai Puteri vaqf mehmonxonalari naqd vaqf mablag‘lari hisobiga qurilgan bo‘lib, ko‘plab ish o‘rinlari yaratdi. Bundan tashqari, mehmonxonaning tashkil etilishi atrofdagi turizm industriyasining rivojlanishiga ham sabab bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida hunarmandchilik, zargarlik kabi daromad keltiruvchi faoliyat turlarining ham rivojlanishiga zamin yaratadi.

Bundan tashqari, naqd pul vaqfi pul oqimi bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan ta’lim muassasalariga zaxira fondini yaratish orqali yordam berishi mumkin. Naqd pul vaqfi ta’lim dargohlarining hukumatga qaramligini kamaytirish bilan birga, moliyaviy mustaqillikka erishishni ta’minlaydi. Bu esa, oliy ta’lim muassalarini diqqat-eʼtiborini iqtidorli yoshlarni tanlab olib, ularni vaqf mablag‘lari (endowment) evaziga moddiy ta’minlab, jamiyat uchun foydasi tegadigan yetuk mutaxassislarni tayyorlab berishga qaratishga hamda o‘z mavqelarini ko‘tarishga zamin yaratadi.

Ta’lim sohasida naqd vaqfdan foydalanishning yorqin namunasi Misrdagi Al-Azhar universitetidir (milodiy 975 yil tashkil etilgan). Al-Azhar universiteti naqd vaqf hisobidan qurilgan. Turkiyada 70 ga yaqin oliy ta’lim muassasalarining vaqf fondi moliyalashtirilishiga asoslangan. Singapurda naqd pul vaqfining noyob loyihasi amalga oshirilgan, unga ko‘ra ish haqidan vaqf uchun tashabbusi amalga oshirilib, taxminan 130 million Singapur dollari yig‘ishga muvaffaq bo‘lindi. Natijada, Singapur bo‘ylab 22 ta masjid barpo etildi. Bangladeshda naqd pul vaqf fondidan foydalangan holda ijtimoiy investitsiya banki ochilgan. Bank qashshoqlik holatida bo‘lganlarga tadbirkorlik faoliyati orqali turmush darajasini yaxshilashga yordam berish uchun mikromoliyalash vositalarini taqdim etadi.

Qarzi hasana – zakot va sadaqa bilan bir qatorda, islomda daromad va boylikni boydan kambag‘alga taqsimlash vositalaridan biri.

Qarzi hasana, “foizsiz xayrli qarz” sifatida ham tilga olinadi. Maqsadi – Allohning roziligini qozonish bo‘lgan kishi qarzi hasanani munosib nomzodga (muhtoj, ehtiyojmand kishiga) berishdan yuz o‘girmasligi lozim. Qarzi hasanada, qarz beruvchi (kreditor) bu ixtiyoriy qarzdan hech qanday daromad kutmaydi va hatto qarzdorni o‘z xohishiga ko‘ra aniq muddat ichida qaytarishni talab qilmaydi, ammo qarzdorda ma’naviy majburiyat bo‘ladi: imkon bo‘lishi bilan uni qaytarishi kerak. Lekin u o‘zining bor kuch-g‘ayrati va yaxshi niyatiga qaramay, iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli uni to‘lay olmasa, kreditor qarzdan voz kechadi.

Kambag‘al odamlar qarzi hasana orqali moliyalashtirilsa, munosib va tejamkor tarzda daromad keltiruvchi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu amaliyot muhim ijtimoiy kapitalni yaratadi, chunki u jamiyatning barcha qatlamlari o‘rtasida ishonch va hamjihatlikni kuchaytiradi. Shunday ekan, qarzi hasanani targ‘ib qilish orqali ko‘proq hamkorlik va g‘amxo‘r jamiyat qurish mumkin.

Kichik biznes va startaplar qarzi hasana tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin. Qarz oluvchilar qarzlarini kelishilgan muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lashlari mumkin. Ushbu moliyalashtirishning foizsiz ekani, ularning yengil majburiyat yuki evaziga tezroq oyoqqa turishiga ko‘mak beradi.

Buning amalga oshishi uchun uni institutsionalizatsiya qilish juda muhimdir. Odamlar qarzi hasanaga asoslangan muassasadan o‘z saviyasi, malakasi va tajribasiga ko‘ra foizsiz kredit olib, samarali faoliyat bilan shug‘ullanishlari mumkin. Muassasa, qarz olgan insonlarga tadbirkorlik mahoratini o‘rgatishi, iqtisodiy va moliyaviy savodxonligini oshirishi hamda ularga doimiy ravishda maslahat berib turishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Natijada, ular qashshoqlikdan qutulib, jamiyatdagi ishtiroklari faollashadi.

Islomiy mikromoliyalashtirish

Islom mikromoliyasi foizsiz kreditlar (qarzi hasana) konsepsiyasi hamda biznes (yoki iqtidor) va investorlar o‘rtasida mablag‘larni safarbar qilish g‘oyasiga asoslanadi. Islomiy mikromoliyalashtirishda vaqf va zakotdan moliyalashtirish manbalari sifatida ham foydalanish mumkin.

Islomiy mikromoliyalashtirish ijara, savdo (murobaha va istisna) va sheriklik (mushoraka va mudoraba) islomiy shartnomalar asosida ham amalga oshirilishi mumkin. Xususan, mudoraba va mushoraka kapitalga asoslangan shartnomalar bo‘lib, unda tomonlar kelishilgan nisbatga muvofiq foydani bo‘lishadilar. Bunda kam mablag‘ egalari sheriklik orqali yoki mablag‘i bo‘lmasa-da iqtidor egalari sifatida biznes boshqaruvchi bo‘lib islom moliyasi afzalliklaridan bahramand bo‘lishi mumkin. Murobahaga ko‘ra, mikromoliyachilar aktivlar yoki asbob-uskunalarni sotib olib, so‘ngra aktivni mikromoliyaviy qarz oluvchiga ustama qo‘shib sotadilar.

Mikromoliyalashtirish jamiyatning quyi darajasigacha yetib boruvchi va ularga moliyaviy yordam ko‘rsatuvchi moliyaviy inklyuzivlik tizimining bir qismidir. Mamlakat iqtisodiyoti barqarorligini hamda inklyuziv moliya tizimini yaratishda islomiy banklar, takaful islom sug‘urtasi, sukuk qimmatli qog‘ozlari ham muhim o‘rin tutadi. Islom moliyasining rivojlanishi an’anaviy moliya bozoriga sog‘lom raqobat muhiti yaratadi va unga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, O‘zbekiston islom moliyasini rivojlanishi uchun yuqori potensialga ega bo‘lib, hattoki Markaziy Osiyoda islom moliyasi habi bo‘lishi ham mumkin. Islom moliyasini joriy qilish orqali u keltiradigan manfaatlardan bahramand bo‘lish, nafaqat musulmonlar uchun, balki millati va e’tiqodidan qat’i nazar barcha millat va elatlar uchun foydali bo‘lishini bugungi kun jahon tajribasidan ko‘rish mumkin.

Iskandar Tursunov,
INCEIF – Islom moliyasi xalqaro universiteti magistranti,
islom moliyasi mutaxassisi

Kun.uz kolumnistlarni hamkorlikka chorlab qoladi. Dolzarb mavzulardagi mualliflik maqolalarini @Muhammadshakur Telegram-manziliga yuborishingiz mumkin.

Mavzuga oid