Toshkentda jamoat transportidan ko‘proq ayollar va yoshlar foydalanmoqda – PMTI
Poytaxtdagi tirbandlikdan avtobus va mikroavtobus yo‘lovchilari boshqalarga qaraganda ko‘proq aziyat chekmoqda. Avtobusdan foydalanuvchilarning 82,9 foizi, mikroavtobus yo‘lovchilarining 83,3 foizi tirbandlikni poytaxtning asosiy muammolaridan biri sifatida qayd etgan.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari tomonidan Toshkent shahri aholisining yo‘llardagi tirbandlikka munosabati o‘rganildi.
Tirbandliklar jahondagi aksariyat yirik shaharlar uchun katta muammoga aylanib ulgurgan. Inrix ma’lumotlariga ko‘ra, tirbandlik tufayli Londonda bitta haydovchi yiliga o‘rtacha 156 soat, Chikagoda 155 soat, Parijda 138 soat ortiqcha vaqt sarflaydi.
Tirbandlik Toshkentda ham jiddiy muammo hisoblanadi. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Toshkent shahrida jismoniy shaxslarga tegishli avtomashinalar soni 562,1 mingtani tashkil etgan va doimiy yashovchi har 1 000 kishiga 178 ta avtomobil to‘g‘ri kelgan.
Tadqiqot davomida Toshkent shahri aholisining tirbandlikka munosabati va uni kamaytirish bo‘yicha takliflarini o‘rganish maqsadida ijtimoiy so‘rov tashkil etilib, unda jami 891 kishi ishtirok etgan. Ishtirokchilarning 60,8 foizi avtomobil haydovchilari bo‘lib, shundan 10,3 foizi ayollar.
So‘rov natijasiga ko‘ra, respondentlarning 41,8 foizi avtobus, 27,5 foizi metro, 24,1 foizi taksi, 1,7 foizi mikroavtobus xizmatidan foydalanishini va 4,9 foizi piyoda yurishini bildirgan. Jamoat transportidan ko‘proq ayollar (33,1 foiz) va yoshlar (36,5 foiz), shaxsiy transportdan esa ko‘proq erkaklar (33,1 foiz) foydalanishi ma’lum bo‘lgan.
So‘rovda ishtirok etgan poytaxt aholisining 74 foizi tirbandlikni asosiy muammolardan biri, 21 foizi o‘rta darajadagi muammo va 5 foizi boshqa muammolar qatorida unchalik muhim emas, deb hisoblashini bildirgan.
Tirbandlikdan avtobus va mikroavtobus yo‘lovchilari boshqalarga qaraganda ko‘proq aziyat chekmoqda. Shu bois avtobusdan foydalanuvchilarning 82,9 foizi, mikroavtobus yo‘lovchilarining 83,3 foizi tirbandlikni poytaxtning asosiy muammolaridan biri sifatida qayd etgan.
So‘rovda qatnashganlarning 62,2 foizi tartibsiz haydovchilar, qoidabuzarliklar, noto‘g‘ri parkovka, 57,6 foizi yo‘llardagi nosozliklar, 46,8 foizi o‘qishga qatnovchilar hamda 41,2 foizi ishga qatnovchilar tufayli faollik ortishini tirbandlikni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablar sifatida qayd etgan.
Respondentlar birinchi o‘rinda kichik halqa yo‘li (136 marotaba) va Bunyodkor shohko‘chasidagi chorrahalarni (106 marotaba) tartibga keltirish lozimligini qayd etgan.
So‘rov ishtirokchilarining 41,8 foizi tirbandlik tufayli yo‘l uchun ko‘proq vaqt rejalashtirishini, 39,1 foizi tirbandlik yo‘q yo‘llardan yurishini, 16,9 foizi tirbandlik kamayishini kutishini aytgan.
Bildirgan fikrlar orasida jamoat transporti (avtobuslar) uchun infratuzilmalarni yaxshilash, parkovkalarni to‘g‘ri shakllantirish, ko‘pqavatli avtoturargohlar, piyodalar uchun yerosti o‘tish yo‘llari va ko‘priklar qurish, metro liniyalarini kengaytirish, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilinishini ta’minlash, raqamli boshqaruvga o‘tish kabi takliflar ko‘p uchragan.
Prezidentning 2023 yil 16 fevraldagi qaroriga asosan, Toshkent shahri jamoat transporti uchun tabiiy gaz vositasida harakatlanuvchi 700 dona avtobus va 300 dona elektrobus xarid qilish belgilangan. Mart oyi yakuniga qadar Xitoydan 110 dona avtobus va 150 dona elektrobus yetkazib berilishi kutilmoqda.
Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, ushbu sa’y-harakat tirbandlik muammosini hal etishda yordam berishi bilan bir qatorda poytaxtdagi ekologik vaziyat uchun ham ijobiy ahamiyatga ega.
Mavzuga oid
16:35 / 23.12.2024
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
16:14 / 14.12.2024
Toshkent avtobuslarida naqd shaklda to‘lov qabul qilish to‘xtatiladi
17:00 / 07.12.2024
Toshkent shahri avtobuslarida naqd pul o‘rniga qanday to‘lov qilish mumkinligi tushuntirildi
12:29 / 30.11.2024