O‘zbekiston | 18:31 / 11.03.2023
7807
3 daqiqa o‘qiladi

Ibrohim Abdurahmonov YuNeSKOning xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi

O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov tabiiy fanlar sohasida YuNeSKOning xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi. Taqdirlash marosimi Ekvatorial Gvineyaning Jibloho shahrida bo‘lib o‘tdi. 350 ming dollarlik mukofot summasi to‘rt laureat o‘rtasida taqsimlanadi.

Foto: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, genetik, biologiya fanlari doktori Ibrohim Abdurahmonov molekulyar genomika sohasidagi yutuqlari jamlanmasi bilan tabiiy fanlar sohasidagi YuNeSKO – Ekvatorial Gvineya xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi.

Ayni paytda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri sifatida faoliyat yuritayotgan olimga ushbu mukofot kecha, 10 mart kuni Ekvatorial Gvineyaning Jibloho shahrida tantanali ravishda topshirildi.

Ibrohim Abdurahmonov g‘o‘zaning kasalliklarga chidamliligi, tola sifati va hosildorligi kabi foydali xususiyatlarini aniqlash imkonini beradigan molekulyar markerlarni ishlab chiqqani uchun mukofotlandi.

Mukofot 350 ming AQSh dollariga teng bo‘lib, tanlovda muvaffaqiyatli qatnashgan to‘rt nomzod o‘rtasida teng taqsimlanadi va diplom hamda haykalcha bilan taqdirlanadi. Tanlov Ekvatorial Gvineya Respublikasi tomonidan moliyalashtiriladi.

2023 yilgi mukofotga laureatlar qatorida Misr Milliy tadqiqot markazining Oziq-ovqat toksikologiyasi va ifloslantiruvchi moddalar kafedrasi professori Musad Attia Abdul-Vahob, Litvaning Vilnyus universiteti Nanotexnologiya va materialshunoslik markazi rahbari Almira Ramanaviciyen, Xitoyning birinchi xususiy tadqiqotga yo‘naltirilgan universiteti – Westlake University asoschisi Yigong Shi ham bor.

YuNESKO – Ekvatorial Gvineyaning tabiiy fanlar bo‘yicha tadqiqotlar uchun xalqaro mukofoti 2012 yilda YuNESKO tomonidan inson hayoti sifatini yaxshilashga olib keladigan ilmiy tadqiqotlarni mukofotlash uchun ta’sis etilgan.

Mukofotning asosiy maqsadi – YuNESKO tashkilotiga a’zo davlatlarda alohida shaxslar, institutlar va nodavlat tashkilotlar tomonidan inson hayoti yaxshilanishiga salmoqli hissa qo‘shgan ilmiy tadqiqot loyihalari va faoliyatlarini mukofotlashdan iborat.

Mukofot YuNESKO Ijroiya kengashi tomonidan 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibiga, shuningdek, YuNESKOning global ustuvorliklariga erishishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ta’sis etilgan. Mukofotga loyiq nomzodlar xalqaro hay’at tavsiyasi asosida YuNESKO Bosh direktori tomonidan tanlab olinadi.

G‘oliblar 2012 yildan boshlab har 2 yilda aniqlab kelinadi. Ibrohim Abdurahmonov ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan Markaziy Osiyodagi ilk olim bo‘ldi.

Mavzuga oid