O‘zbekiston | 16:38 / 13.03.2023
12046
4 daqiqa o‘qiladi

“Mahalliy amaldorlar endi o‘qituvchini tekin xizmatkorga aylantirolmaydi” – deputat

Yangi tahrirdagi konstitutsiyaga o‘qituvchilar bilan bog‘liq modda kiritilmoqda. Unda davlat o‘qituvchilarning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi belgilab qo‘yilyapti. 

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Yangi tahrirdagi konstitutsiyada o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash, boyitishning asosi sifatida e’tirof etilyapti. Konstitutsiyaga o‘qituvchilar bilan bog‘liq modda kiritilayotganini jamiyatda ushbu kasb egalariga nisbatan yillar davomida shakllangan munosabatni ijobiy tomonga o‘zgartirish yo‘lida tashlangan qadam, deya baholash mumkin. Chunki ta’lim sifatining orqaga ketishi o‘qituvchining mehnati qadrsiz bo‘lgani bilan bevosita bog‘liq. 

Yaqin yillargacha ijtimoiy soha vakillari, xususan o‘qituvchilarning obro‘si va mavqeyi sezilarli darajada past edi. Oylik maoshlari, ish sharoitlari haminqadar bo‘lganining ustiga ular turli qo‘shimcha yumushlarga jalb etilardi. O‘qituvchining bunday sharoitda ishlashi uning sifatli ta’lim berishiga ta’sir qilardi.

Vaziyatni o‘nglash uchun so‘nggi yillarda qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Birinchi navbatda o‘qituvchilar majburiy mehnatdan, xususan, paxta terimi va obodonlashtirish ishlaridan xalos qilindi.Ta’lim dargohlaridagi ortiqcha qog‘ozbozlikka ham chek qo‘yildi. Maktablarda sinf rahbarlar va fan o‘qituvchilari 18 ta jadval hisobot hamdahujjatlarni to‘ldirardi. Buning oqibatida ularning o‘quvchilarga ta’lim berishga vaqt yetmasdi. Endilikda qonunchilikda belgilangan 6ta ish hujjatidan boshqa hisobot va taqvimlar yuritilishi qat’iyan man qilindi.Qog‘ozbozlikdan ozod qilish, hisobotlarniqo‘lda yozish, har bir dars bo‘yicha har yili qayta-qayta ko‘chiriladigan dars rejalarini qayta yozishga chek qo‘yish uchun “Kundalik” elektron ta’lim platformasi joriy qilindi.

Eng asosiysi, o‘qituvchilarning oylik maoshlari muttasil oshirib borilmoqda. Umumta’lim fanlari bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oy qo‘shimcha 20 foizdan 50 foizgacha ustama to‘lanadi. O‘qituvchilarga imtiyozli iste’mol kreditlarini berish, olis hududlarga borib ishlayotgan yuqori malakali pedagoglar uchun ustamalar belgilash joriy etildi.

Shuningdek, 2022 yil 1 sentabrdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalari kutubxonalari va bolalar kutubxonalari xodimlarining lavozim maoshi miqdori 1,2 baravarga oshirildi.

Mazkur norma davlat organlari va boshqa tashkilotlarning pedagoglarning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, ularning mehnatga majburlanishiga, ta’lim-tarbiya jarayoniga to‘sqinlik qilishning har qanday shakllariga, o‘qituvchilarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni ko‘rishga xizmat qiladi. Respublikada faoliyat yuritayotgan 685 ming nafardan ortiq o‘qituvchining davlat tomonidan professional o‘sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishini ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi va obro‘sini yanada oshirishga olib keladi.

O‘qituvchilarning aksariyati budjetdan maosh oladigan insonlar. Ularni mahalliy amaldorlar yana tekin xizmatkorga aylantirib qo‘ymasligi uchun ham ushbu norma juda muhim. Konstitutsiya orqali ularning maqomi oshirilishi o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiromni va ushbu kasbning qanchalik qadrli ekanini ko‘rsatadi.

G‘ayrat Abdiyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Mavzuga oid