Jahon | 16:25 / 13.03.2023
6167
2 daqiqa o‘qiladi

Tixanovskaya: Lukashenko - Ukrainaga qarshi urushda «sherik» 

Foto: Reuters

Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya Aleksandr Lukashenkoni Ukrainaga qarshi agressiv urushda Kremlning «sherigi» deb atadi

«U Putinning barcha buyruqlarini bajaradi», dedi u Deutschlandfunk radiostansiyasiga bergan intervyusida hamda Belarus rahbarining roziligisiz Ukrainaga hujumlar amalga oshirilmasligini qo‘shimcha qildi. 

Tixanovskayaning so‘zlariga ko‘ra, Lukashenko «o‘z mamlakati mustaqilligini qismlarga bo‘lib sotmoqda». 

«Biz Rossiya tomonidan okkupatsiyani nafaqat harbiy jihatdan, balki ular ommaviy axborot vositalarida, iqtisodiy sohada ham Belarusni egallab olganini ko‘ryapmiz, – dedi Belarus prezidentligiga sobiq nomzod. – Bugun Lukashenko Belarus ichida hamon nazorat qilayotgan yagona narsa - repressiyalar».

Bundan oldin Minsk shahar sudi Svetlana Tixanovskayani 15 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi. Tixanovskaya, sud qaroriga ko‘ra, jazoni umumiy rejimli koloniyada o‘tashi kerak. Shuningdek, u 800 bazaviy ko‘rsatkich (qariyb 127 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortildi. Unga sirtdan hukm chiqarildi. 

Svetlana Tixanovskaya sud hukmini izohlar ekan, o‘z siyosiy faoliyatini davom ettirishini ma’lum qildi. 

«Ular «hukm» orqali menga nima demoqchi ekani haqida o‘ylamayapman. Biz hukm yoki hukmsiz o‘z ishimizni davom ettiramiz. Men va demokratik kuchlar siyosiy mahkumlarni ozod qilish va davlatimizni demokratik o‘zgarishlarga olib kelish uchun harakat qildik va bundan buyon ham harakat qilamiz», dedi u.

Mavzuga oid