Jahon | 01:28 / 14.03.2023
17238
3 daqiqa o‘qiladi

Eron va Saudiya Arabistoni «yarashuvi» Yamandagi urushni to‘xtatishi mumkin

Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi keskinlikka barham berilishi eng dahshatli gumanitar inqirozni tugatishi kutilmoqda.

Foto: Reuters

Eronning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi missiyasi bayonotiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni bilan ikki tomonlama aloqalarni tiklash bo‘yicha erishilgan kelishuv Yamandagi ko‘p yillik urushni siyosiy yo‘l bilan hal qilishga yordam beradi. Bu haqda Eron davlat matbuotiga tayanib Arab News xabar berdi.

O‘tgan haftada Eron va Saudiya Arabistoni yetti yillik keskinlikdan so‘ng diplomatik munosabatlarni tiklash va o‘z elchixonalarini qayta ochishga kelishib olgan edi.

G‘arb hukumatlari va BMT ekspertlari uzoq vaqtdan beri Eronni Yamandagi husiylarga qurol yetkazib berishda ayblab keladi. G‘arb harbiylari Qizil dengizda Yamanga ketayotgan kemalarni Eron qurollari bilan bir necha bor qo‘lga tushirgan.

Tehron husiylarni qurollantirish haqidagi ayblovlarni rad etadi.

Tehron va Ar-Riyod o‘rtasida yirik diplomatik yutuqni amalga oshirishga Xitoy vositachilik qildi, endi bu mintaqaviy raqiblar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita to‘qnashuvlar ehtimolini kamaytiradi.

Eronning IRNA axborot agentligiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni bilan kelishuv natijasida muddati tugagan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bitim yangilanishi mumkin. Bu «milliy muloqotni boshlash va Yamanda inklyuziv milliy hukumatni shakllantirishga yordam beradi».

Yaman mojarosidagi eng uzun sulh 2022 yil oktyabr oyida yakuniga yetdi. Biroq, ikkala tomon ham husiylar va Saudiya Arabistoni o‘rtasida kelishuvni uzaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani sababli jangovar harakatlar boshlanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan keskinlikdan tiyildi.

Husiylar kelishuvni olqishlagandek tuyulmoqda, bir vaqtning o‘zida ular Eronning asosiy dushmanlari bo‘lmish AQSh va Isroilni qattiq qoralamoqda.

Inson huquqlari tashkilotlarining aytishicha, Yamandagi urush dunyodagi eng dahshatli gumanitar inqirozlardan biriga sabab bo‘lgan va millionlab odamlarni ochlik yoqasiga olib kelgan.

Mavzuga oid