O‘zbekiston | 16:11 / 15.03.2023
13537
10 daqiqa o‘qiladi

“Ta’limni rivojlantirish milliy harakatga aylanishi kerak” - ekspertlar bilan intervyu

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston maktablarida o‘quvchilarning o‘qituvchilar tomonidan kaltaklanishi, mojaroga ota-onalarning aralashuvi, uning kattalashib OAVda bo‘y ko‘rsatayotgani holatlariga tez-tez guvoh bo‘lmoqdamiz.

Kun.uz muxbiri o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida yuzaga kelayotgan shu kabi mojarolar, ta’limda kuch ishlatish fenomeni, O‘zbekistonda o‘qituvchilar tayyorlashdagi sifat masalalari atrofida intervyu o‘tkazdi.

Intervyu mehmonlari ta’lim ekspertlari – Bahodir G‘aniyev, Ulug‘bek Qosimxo‘jayev va Toshkentdagi “Erudit” xususiy maktabi direktori Gulbahor Muratova bo‘ldi.

— So‘nggi paytlarda maktablarda o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasida ziddiyatli vaziyatlarga ko‘p guvoh bo‘lyapmiz. Bu oxirgi yillarda ko‘paygan holatmi yoki axborot va ijtimoiy tarmoqlar rivojlanishi bilan bog‘liqmi?

Ijtimoiy tarmoqlar rivoji bilan bu holatlarni ko‘rayotgandirmiz. Lekin mana shunday ziddiyatli vaziyatlarning yuzaga kelish sabablari, umuman, bunday keskinlik sabablari nima?

Ulug‘bek Qosimxo‘jayev:

— Yoshlarning katta avlod bilan qaysidir darajada dunyoqarashi to‘g‘ri kelmasligi ko‘p jamiyatlarni o‘ylantiradi. Biz o‘qigan 90-yillarda ham qandaydir ziddiyatlar bo‘lardi. Lekin o‘sha paytda internet rivojlanmagan, hammada telefon bo‘lmagan, shuning uchun har bitta holatga e’tibor bo‘lmagan, menimcha. Shu bilan bir qatorda, bu muammo mavjud va uning bir nechta ildizlari bor. Fikrimcha, asosiy muammolardan biri shuncha yildan buyon ta’lim tizimiga e’tibor kam bo‘lgani. Aksariyat o‘qituvchilar auditoriyani boshqara olmaydi, bilimlarni qiziqarli yetkazib berolmaydi. Yana bir muammo – 1,2 mln o‘quvchiga yetarli darajada maktablar yo‘q. Bir sinfda 40-45 bola o‘qisa, bunday auditoriyani boshqarish qiyin masala.

Ochiqlik, so‘z erkinligi davriga o‘tdik, deyapmiz, shu narsa jamiyatga va aynan maktablarga ham ta’sir qilyapti. Maktab o‘quvchilari internet orqali jahonda nima bo‘layotganini ko‘rishyapti, qaysidir tarmoqdagi narsalarga taqlid qilmoqchi ham bo‘lyapti.

Bahodir G‘aniyev:

— Men 4 ta sabab ko‘rsatgan bo‘lardim. Birinchisi — bolalar tarbiyasi bilan ota-onalar shug‘ullanishi tobora kamayib boryapti, ular malakasiz. Ya’ni o‘z ota-onasi bolaga ta’sir qilmay qo‘ygan holatlar ko‘p. Masalan, o‘zim kecha darsga yaxshi qatnashmaydigan, xalaqit beradigan o‘quvchining ota-onasi bilan gaplashdim. Uyda profilaktika bo‘lmasa, qo‘shimcha shug‘ullanilmasa, bolani yil oxirida maktabdan chetlatishga majbur bo‘lishimizni aytdim. Bola faqat o‘zi emas, sinfni ham orqaga tortadi.

Ikkinchisi — davlat maktablarida bolalar soni 30 tadan 40 tagacha. Bunday auditoriyani boshqarish qiyin. O‘zim shaxsiy maktabda 20 ta bolaga dars o‘tishga qiynalib qolaman. Sinfda 40 ta bola o‘tiribdimi, u yerdan ta’limni kutib bo‘lmaydi. Buncha bolaga qiziqarli, malakali dars o‘tishning imkoni yo‘q.

Uchinchisi — o‘qituvchilarning auditoriyani boshqarish malakasida kamchiliklar bor, tan olish kerak. 30-40 bolani boshqarish uchun malaka lozim. Bola psixologiyasini bilmagan o‘qituvchi boshqara olmaydi.

To‘rtinchi jiddiy muammo — bolalar darsni buzishiga, o‘qituvchilarni behurmat qilishiga asos berib qo‘yayotganimiz. Davlat maktablarida jazolash mexanizmi yo‘q. Faqat qanaqadir jiddiy huquqbuzarlik qilsa, militsiya chaqiradi. Lekin darsdagi bezoriliklar uchun jazolash yo‘q. Jazolash mexanizmi haqida chuqur o‘ylash kerak. Masalan, maktabda ta’lim jarayonida ishtirok etishni xohlamayotgan o‘quvchidan voz kechish imkoniyati bo‘lishi kerak. Chunki 40 talik sinfda bitta shunday bola bo‘lsa, qolgan 39 tasiga ham salbiy ta’sir qiladi. Butun qonunchilikni ham qayta ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi. Keyin, profilaktika inspektorlarining malakasi masalasi bor, chunki faqatgina hisobga qo‘yib qo‘yishi emas, bola bilan ishlashi kerak. Ota-onalarni ma’muriy jazolash maktabga berish imkoniyatlari ham bo‘lishi kerak. Bolasini tarbiya qilmayaptimi, u ota-onani jazolashga maktab xaqli bo‘lishi kerak.

Gulbahor Murodova:

— Bu hozir paydo bo‘lgan muammo emas. Oldindan bor. Hozir internet tarmoqlari orqali ma’lumot tarqalishi imkoniyati katta. Umumiy olganda, o‘qituvchi va o‘quvchi munosabati krizis paytiga keldi. Hozirgi o‘quvchi biladiki, o‘qituvchi gapirayotgan narsani internetdan topa oladi o‘zi. Shuning uchun ham o‘qituvchi fikrini, metodni o‘zgartirishi kerak. O‘qituvchi bola bilan birga ilm izlaydigan boshqaruvchiga aylanishi lozim. O‘qituvchi shu narsani tan olmasa, qiyin bo‘ladi dars berish. Hamma ma’lumotni internet orqali tez qabul qiladigan bola va odatiy dars beruvchi o‘qituvchi o‘rtasida zidlik paydo bo‘lyapti. Jim o‘tir, doskada tushuntiraman, o‘rgan, degan narsani hozirgi o‘quvchi qabul qilolmaydi. Internetda o‘qituvchilar uchun katta resurslar bor. Chet el bilan tajriba almashinish tashkil etilyapti. Ammo necha foiz o‘qituvchi shularni o‘zlashtiryapti? Ko‘pchilik tushunmayapti, tarbiyani qattiq qilish, bolalarni haydash kerak, degan fikrlar bor, bu — noto‘g‘ri.

— Sobiq ittifoq davri yoki mustaqillikning ilk yillarida maktabda o‘qiganlar «Bizam maktabda o‘qiganmiz, kaltak yeganmiz. Hozirgi bolalar bo‘shang chiqdi» degan gaplarni aytadi. Bu avloddagi qarash qanchalik to‘g‘ri? O‘qituvchi o‘quvchiga qo‘l ko‘tarishi, kuch ishlatishi ta’lim sifatiga qanchalik kerak yoki ta’siri bor? Ta’limi rivojlangan g‘arb mamlakatlarida bu masalaga qanday qaraladi?

Ulug‘bek Qosimxo‘jayev:

— O‘sha qattiqqo‘llik bilan nimaga erishdik? Rivojlanib ketganimiz yo‘q ilm-fanda. Xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganganmiz. Finlandiya ta’lim tizimida o‘qituvchi bolaga qo‘l ko‘tarishi xayolga ham keladigan narsa emas. O‘qituvchi kuch bilan, bosim bilan ushlab turishi kerak emas. Undan ko‘ra, bolaning ichidagi qobiliyatini, xohish-irodasini chiqarishi kerak. Maktabdagi bir nechta bezori bolani deb qolgan o‘quvchilar ham qiynalishi kerak emas. Umuman, o‘sha bezori bolalarga ham qandaydir ta’sir o‘tkazish imkoniyati bo‘ladi.

Bahodir G‘aniyev:

— Yuqorida ta’sir mexanizmi deganimda, bolalarni qanaqadir huquq organlariga ro‘baro‘ qilishni nazarda tutganim yo‘q. Aytmoqchimanki, bolalar ichida o‘qituvchiga quloq solmaydigan, darsga xalaqit beradigan o‘quvchilarga ta’sir mexanizmi bo‘lishi shart. Bunda jismoniy kuch ishlatish bo‘lishi kerak emas, mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Hozirgi holatda boshqa mexanizm bo‘lganda edi, o‘sha kuch ishlatayotgan o‘qituvchilar ham shunday qilmas edi. Hozir bu yerda maktabdagi erkin bilim olish huquqi xaqida emas, ma’lum doiradagi quloqsiz o‘quvchilar haqida gap ketyapti.

Masalan, men 2 yil davomida 3 ta o‘quvchini chetlatdim. Boshqa iloj yo‘q, chunki ta’sir mexanizm yo‘q boshqa. Demokratiyada sening huquqing boshqa inson huquqi boshlangan joyda to‘xtaydi, degan gap bor. Ya’ni bunday bolalarga ta’sir mexanizmi yo‘q degani uning atrofida o‘qiyotgan bolalarning huquqi buzilyapti degani. Agar o‘sha chetlatilgan bolalarni olib qolganimda, qolgan bolalar tarbiyasi ham buzilishiga yo‘l qo‘yishim mumkin edi.

Biz xususiy maktab bo‘lganimiz uchun shartnomani bekor qila olamiz, bizning ta’sir mexanizm shu. Lekin davlat maktabida bunday mexanizm yo‘q. Profilaktika inspektorlari, psixologlar biriktirilgandir, lekin ular oddiy suhbatdan u yog‘ida o‘tishi qiyin. O‘z huquqini bilmaydigan maktablar ham bor.

Ulug‘bek Qosimxo‘jayev: — Xususiy maktab haqida gap ketdi yuqorida. Lekin respublika bo‘yicha 99,8 foiz bola davlat maktabiga boradi. Agar shunday jazolash imkoni berilsa, kimlardir bundan noto‘g‘ri foydalanishi mumkin. O‘qituvchiga katta vakolat berilsa, o‘sha o‘qituvchi hammani o‘z yo‘liga boshqarishi mumkin. O‘zi 14-17 yosh oralig‘ida bolalar isyonkor bo‘ladi. Ko‘p narsa yoqmaydi ularga. Ota-onalar ham bu davrda qiynaladi.

Gulbahor Murodova:

— Qandaydir chegaradan chiqqan o‘quvchilarni jazolash haqida gapirilyapti. O‘sha chegaraning o‘zi ko‘rsatilgani yo‘q. Shuning uchun bizning maqsad bolalarning chegarasini nazorat qilish emas, o‘qitish bo‘lishi kerak. To‘liq bilimni berolmaymiz faqatgina maktabda. Biz ilm yo‘lini ko‘rsatamiz, bu esa qo‘rqmay, ochiq fikrlashdan kelib chiqadi. Agar chegaralar qo‘ysak, bolaning fikrlashini ham chegaralab qo‘yamiz. Bola uyida qanday, maktabda qanday — bu narsa butkul qorong‘i bo‘ladi bizga keyin. Biz bolani qaytaga bemalol gapirishga o‘rgatishimiz kerak. Agar biz bolaga jismoniy, ma’naviy ta’sir o‘tkazadigan bo‘lsak, o‘sha bola ham o‘zidan zaiflarga shunday qilishi mumkin ekanini o‘rgatgan bo‘lamiz.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid