O‘zbekiston | 17:54 / 17.03.2023
11109
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda qum bo‘ronlari yo‘lini to‘sish boshlandi

Foto: UzA

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 13 mart kuni Surxondaryo viloyatiga safari chog‘ida vohaning cho‘l hududlarida saksovulzorlarni kengaytirish yuzasidan muhim vazifalarni belgilab berdi. Shunga muvofiq viloyatda 1 ming 500 gektar maydonda saksovulzor barpo etish rejalashtirib olindi.

O‘zA xabariga ko‘ra, saksovulzorlar vohada tez-tez sodir bo‘lib turadigan “afg‘on” shamoli nomi bilan mashhur chang–to‘zon va qum bo‘ronlari ta’sirini kamaytirishda muhim o‘rin tutadi. 3 yillik saksovulzor qum ko‘chishini 55 foizga, 5 yilligi 79,5 foizga kamaytiradi. Yetti yillik saksovulzorlar qum ko‘chishini to‘liq to‘xtatadi. Sho‘rxok yer va suvsizlikka chidamli bu o‘simlik ildizi juda baquvvat bo‘lib, bir tup saksovul 10 tonnagacha qumni mustahkamlab, uning ko‘chishiga yo‘l bermaydi.  

Foto: UzA

Topshiriq ijrosini ta’minlash uchun Termiz va Angor tumanlari tutashgan “Kattaqum” massivida saksovul ko‘chatlarini ekish va urug‘ini sepish ishlari boshlandi. Vohada yangi saksovulzorlar tashkil etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 100 ming tup saksovul ko‘chati va 15 tonna urug‘i olib kelindi. Tadbir doirasida 10 gektar maydonga 12 mingdan ortiq saksovul ko‘chati o‘tqazilib, urug‘i sepildi.

Foto: UzA

Saksovulzorlar yerning ustki qismida qum ko‘chishi oldini olish barobarida shamol tezligini ham sezilarli darajada kamaytiradi. Ildizi tuproqqa chuqur kirib borib, gorizontal yo‘nalishda sakkiz metrgacha yetadi. Fanda 1 gektar yerdagi saksovulzorning bir yilda 1 ming 135 kilogramm karbonat angidrid gazini yutib, 835 kilogramm kislorod ajratib berishi isbotlangan. 

Foto: UzA

Mavzuga oid