Sport | 16:29 / 20.03.2023
43910
32 daqiqa o‘qiladi

Holandda yana het-trik, Messiga hushtakbozlik. Hafta o‘yinlari yakunlari

«Arsenal» chempionlik sari ketmoqda, Italiyada chempionlik masalasi yopildi, Germaniyada «Bavariya» yetakchilikni boy berdi. Dam olish kunlarida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar.

Foto: Getty Images

Angliya: «Tottenhem» uchun triller, «Arsenal» oradagi farqni oshirmoqda

Sauthempton – Tottenhem 3:3
Gollar: 0:1 – 45 Porro, 1:1 – 46 Adams, 1:2 – 65 Keyn, 1:3 – 74 Perishich, 2:3 – 77 Uolkott, 3:3 – 90+3, penalti Uord-Prouz.
Sauthempton – Bazunu, Uoker-Piters, Bednarek (Meytlend-Naylz, 34), Bella-Kochap (Salisu, 8), Perro, Armstrong (Alkaras, 70), Elyunussi (Sulemana, 70), Uord-Prouz, Lavia, Uolkott, Adams (Mara, 70).
Tottenhem – Forster, Porro (Emerson, 86), Dayyer, Langle, Romero, Devis (Perishich, 37), Heyberg, Skipp, Son Hyon Min, Keyn, Risharlison (Kulusevski, 5; Sarr, 86).

«Nyukasl»ning juma kungi g‘alabasi («Notinghem» 2:1 hisobida taslim etildi) «Tottenhem»ni xato qilish huquqidan mahrum etdi, chunki londonliklar endilikda bitta zaxira o‘yiniga ega bo‘lgan «qarg‘alar»dan faqat bir ochkoga oldinda edi. Va maydonda barchasi Antonio Konte ssenariysi bo‘yicha boshlandi. Uning jamoasi birinchi bo‘limni ustunlikda yakunladi, Pedro Porroning o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasi avvaliga darvoza to‘siniga, keyin darvozabonning yelkasiga tegib to‘rdan joy oldi.

Ammo jamoalar kiyim almashtirish xonasidan qaytishi bilan qanotdan berilgan uzatmaga vaqtida yetishga ulgurgan Adams muvozanatni saqladi. Turnir jadvalining oxirgi o‘rnida borayotgan «Sauthempton» yana bir bor top-klublarga muammo tug‘dirishga qodirligini namoyish etdi. Jamoa birinchi davrada peshqadam «Arsenal» bilan ochkolarni bo‘lishib olgan, so‘nggi bir oy ichida «Chelsi»ni mag‘lub etgan va «Old Trafford»da durangga erishgandi. Bu safar esa «avliyolar» o‘yin oxiridagi dramatizm bilan bir ochko ilib ketishdi.

Keynning joriy mavsumda bosh bilan urilgan to‘qqizinchi goli ham, Perishichning jarima maydoni chizig‘i atrofida turib yerga cho‘pchitib bergan zarbasi ham mezbonlar g‘alabasini ta’minlay olmadi. «Sauthempton» tezda hisobni qisqartirdi, zaxiradan o‘yinga tushgan Sarr esa qo‘shimcha daqiqalarda «Tottenhem»ni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. U to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtirishga urinib, ortdan kelgan Meytlend-Naylzning oyog‘iga tepib yubordi va hal qiluvchi penaltiga sababchi bo‘ldi. Bunday sur’atda Konte jamoasi to‘rtlikdan yana chiqib ketishi mumkin.

Chelsi – Everton 2:2
Gollar: 1:0 – 52 Joau Feliks, 1:1 – 69 Dukure, 2:1 – 76, penalti Haverts, 2:2 – 89 Simms.
Chelsi – Arrisabalaga, Jyeyms, Kulibali, Badyashil, Fofana (Chaloba, 87), Chiluell, Kovachich (Loftus-Chik, 81), Fernandes, Pulishich (Gallaher, 62), Haverts, Joau Feliks (Chukvuemeka, 86).
Everton – Pikford, Koulmen (Mikolenko, 84), Tarkovski, Kin, Godfri, Guyye (Simms, 79), Dukure, Onana, Ivobi, Grey, Maknil.
Ogohlantirishlar: Guyye (29), Maknil (45), Kulibali (57), Jyeyms (74).

O‘yindan oldin «Chelsi»ning o‘ziga ishonchi yuqori edi va barcha turnirlar doirasidagi qatorasiga to‘rtinchi g‘alabani nishonlashga tayyor edi. Ko‘klar tanaffusgacha hisobni ocha olmagani — bir tushunmovchilikdek ko‘rindi. Buni Grem Potter jamoasida vaziyatlardan foydalanish bo‘yicha surunkali muammolar bilan ham, Shon Daych tomonidan jonlantirilgan «Everton»ning murosasizligi bilan ham izohlash mumkin.

«Irislar»ni faqat g‘ayrioddiy harakat bilan hayron qoldirish mumkin  edi va buni to‘pni rikoshet orqali uzoq ustun tomon yo‘llagan Joau Feliks amalga oshirdi. Mehmonlar esa taslim bo‘lishmadi va burchak zarbasidan maksimum natija chiqarib olishdi — Tarkovski to‘pni bosh bilan Dukurega tashlab berdi, Kepaning ortida paydo bo‘lgan Havers esa to‘pni u darvoza chizig‘ini kesib o‘tganidan keyingina qaytardi. Germaniyalik futbolchi baribir o‘zini ko‘rsatdi va penaltini aniq bajarib, londonliklarni yana hisobda oldinga olib chiqdi, ammo Daych o‘tkazilgan goldan keyinoq hujumchi Simmsni maydonga tushirdi va yana topqirlik qildi - ushbu futbolchi APLdagi ilk goli bilan «Everton»ni qutqarib qoldi.

Arsenal — Kristal Pelas 4:1
Gollar: Martinelli (28), Saka (43, 74), Jaka (55) — Shlyupp (63).
Arsenal – Remsdeyl, Uayt (Jorjino, 83), Holding, Gabriel (Kiver, 86), Zinchenko (Tirni, 65), Jaka, Parti, Edegor, Saka, Trossard (Jyezus, 65), Martinelli (Smit-Rou, 83).
Kristal Pelas – Uituort, Uord, Tomkins, Geyi, Mitchell, Milivoyevich (Hyuz, 65), Shlupp (Ahamada, 82), Dukure, Olise (Eze, 82), Zaa, Eduar (Ayyu, 65).
Ogohlantirish: Tomkins (59).

Yakshanba kuni APL doirasidagi yagona o‘yinda «Arsenal» kutilganidek «Kristal Pelas»ni mag‘lub etdi, yangi yilda inqirozli holatga tushib qolgan va qatorasiga 12 o‘yinda g‘alaba qozona olmagan London jamoasi bosh murabbiy Patrik Viyeyrani iste’foga chiqargandi. O‘yin debyutida «kanonir»lar safida Yevropa Ligasida jamoani uyaltirgan futbolchilar o‘zini ko‘rsatishga harakat qilishdi. «Sporting»ga qarshi o‘yinda maydon markazidan yo‘llangan zarbani o‘tkazib yuborgan Ramsdeyl hisob 0:0 holatida yakkama-yakka vaziyatda raqib hujumchisidan ustun keldi, o‘yinda hisob esa payshanba kungi o‘yinda penaltilar seriyasida xato qilgan Gabriel Martinelli tomonidan ochildi.

Lekin u urgan golgacha ham o‘yin mezbonlar g‘alabasi bilan yakunlanishiga deyarli hech kimda shubha yo‘q edi. Bo‘lim oxirida Saka mavsumdagi 11-golini urib, o‘yin masalasiga uzil-kesil nuqta qo‘ydi. Ikkinchi bo‘limda dublni rasmiylashtirgan yosh futbolchi «gol+pas» tizimidagi ballarini 22 taga yetkazdi (12+10) va bu borada faqat Holand (28+5) va Keyndan (21+2) ortda qolmoqda. Mikel Arteta jamoasi o‘yinni yirik hisob bilan yakunladi va endilikda turnir jadvalida «Manchester Siti»ni sakkiz ochkoga ortda qoldirmoqda. «Arsenal» hozirning o‘zida g‘alabalar soni bo‘yicha o‘tgan mavsum oxirigacha qayd etgan natijasini takrorlab ulgurdi (22).

Angliya kubogi. 1/4 final
Manchester Siti – Bernli 6:0
Gollar: 1:0 – 32 Holand, 2:0 – 35 Holand, 3:0 – 59 Holand, 4:0 – 62 Alvares, 5:0 – 68 Palmer, 6:0 – 73 Alvares.
Manchester Siti – Ortega, Uoker, Laport, Ruben Diash (Akanji, 63), Lyuis (Serxio Gomes, 66), de Bryuyne (Grilish, 89), Rodri (Fillips, 66), Foden, Marez, Holand (Palmer, 63), Alvares.
Bernli – Pikok-Farrell, Robers, Bayyer, Al-Daxil, Matsen (Teylor, 77), Vitino (Basten, 77), Gudmundsson (Kork, 46), Kallen, Tella (Obafemi, 64), Zaruri, Foster (Barns, 46).

«Manchester Siti» YeChLda «Leypsig» yirik hisobda tor-mor etilganidan (7:0) keyin Angliya Kubogi o‘yinida bo‘shashishi va «Byornli» sensatsiya ko‘rsatishi mumkinligiga umid qilganlar qattiq adashdi. YeChL o‘yinida besh gol urganidan keyin ikkinchi bo‘lim boshida Xosep Gvardiola tomonidan zaxiraga olingan Holand esa bu o‘yinda «nafsini qondirdi» va mavsumdagi oltinchi het-trigini amalga oshirdi. Uning bu barcha «tryuk»lari «Etihad»da ijro etilgan.

Ya’ni «shaharliklar» muxlislari bu mavsumda ushbu norvegiyalikning het-trik qayd etgan o‘yinlariga u maydonni golsiz tark etgan o‘yinlardan (5) ko‘proq guvoh bo‘lishgan. Holandning bu shiddati bilan APLda yana bir rekord qulashiga shubha yo‘q. Hozircha u bir mavsumda barcha turnirlardagi o‘yinlar qo‘shib hisoblanganda 40 dan oshiq gol urgan (41) oltinchi futbolchi bo‘lib oldi. Erling 2002/03 yillar mavsumida 44 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol etib, tarixiy natija qayd etgan Ruud van Nistelroyga yetib olishi uchun yana bir het-trik qayd etishi kifoya.

Manchester Yunayted — Fulhem 3:1
Gollar: Fernandesh (75, 90+6), Zabitser (77) — Mitrovich (50). 
Manchester Yunayted – De Xea, Uan-Bissaka, Maguayr, Martines, Shou, Zabitser, Fernandesh, Maktominey (Antoni, 58), Sancho, Vegorst, Reshford (Fred, 83).
Fulhem – Leno, Tete (Soaresh, 89), Rim, Diop, Robinson, Rid (Jyeyms, 89), Pereyra (Kerni, 90), Palinya, Villian, Dekordova-Rid (Solomon, 89), Mitrovich.
Ogohlantirishlar: Pereyra (18), Maguayr (21), Robinson (67).
Chetlatishlar: Villian (72), Mitrovich (72).

Fevral oxirida Angliya ligasi kubogi uchun finalda «Nyukasl»ni mag‘lub etib, so‘nggi olti yillikdagi ilk sovrinini qo‘lga kiritgan, o‘tgan hafta o‘rtasida esa «Betis»ga qarshi javob o‘yinida ham «Betis»ni mag‘lub etib (4:1, 1:0), Yevropa Ligasi chorakfinaliga yo‘llanma olgan «MYu» yana bir bor kubok o‘yinlaridagi xarakterini namoyish etdi. Yoki shunchaki xarakterini. Bunda mohiyat o‘zgarmaydi — «qizil iblislar»ga o‘yinda burilish yasash uchun birgina epizod yetarli bo‘ladi. Barchasi Villianning «so‘nggi umid foli» tufayli chetlatilishidan boshlandi, shundan keyin o‘yindagi birinchi gol muallifi Mitrovich «o‘zini ko‘rsatdi» va hakamga baqirib, uni turtib yubordi. Natijada serbiyalik to‘purarga haqli ravishda qizil kartochka ko‘rsatildi, «Fulhem» bosh murabbiyi Marku Silva ham hakam jazosidan benasib qolmadi. Natijada — mojaro boshlanishidan 265 soniya o‘tib mezbonlar 0:1 hisobini 2:1 ko‘rinishiga keltirishdi va yarimfinal yo‘llanmasini rasmiylashtirishdi.

Shuningdek, «Brayton» «Grimsbi Taun»ni (5:0), «Sheffild Yunayted» esa «Blekbern Rovers»ni (3:2) yengib, keyingi bosqichga yo‘l olishdi. «Uembli»da o‘tadigan yarimfinal o‘yinlarida 22 aprel kuni «Manchester Siti» «Sheffild»ni sinovdan o‘tkazsa, 23 aprelda «MYu» «Brayton»ga qarshi maydonga chiqadi.

Ispaniya: Grizmannda «10+10» va to‘rtinchi o‘rin uchun poyga

Atletiko — Valensiya 3:0
Gollar: Grizmann (23), Karrasko (49), Lemar (67).
Atletiko – Oblak, Molina, Savich, Ximenes, Ermoso, Karrasko (Korrea, 70), Koke (Vitsel, 77), De Pol (Lemar, 64), Liorente (Barrios, 70), Grizmann, Depay (Morata, 64).
Valensiya – Mamardashvili, Terri Korreyya (Lino, 63), Fulke, Jyemert, O‘zkajar, Gayya, Gilyamon, Niko Gonsales (Almeyda, 71), Musa (Moriba, 63), Duro (Kavani, 71), Klyuyvert (Kastilexo, 77).
Ogohlantirishlar: Grizmann (4), Liorente (42).

Tezlik olgan va uchinchi o‘rinni hech kimga berib qo‘ymasligi aniq bo‘lib borayotgan «Atletiko» tanaffusga qadar o‘yin masalasini hal etib qo‘yishi mumkin edi. Depay bir necha vaziyatlarni yo‘qqa chiqardi, keyin esa boshqalar uchun yaratib bergan vaziyatlari yo‘qqa chiqaverganidan hafsalasi pir bo‘lgan Grizmann o‘zi gol urdi. Ortdan yetkazib berilgan to‘pni tovoni bilan chapga tashlab olib, uni darvoza burchagiga joylashtirgan fransuz futbolchisi chempionatdagi 10-golini urdi, u «gol+pas» tizimida ikkitalik raqamlar (10+10) qayd etish bo‘yicha «Real» forvardi Vinisius Junior va «Vilyarreal» vingeri Chukvuyezedan keyingi uchinchi futbolchiga aylandi.

«Valensiya»ga javob golini urish uchun bo‘lim davomida bir marta darvoza sohasiga aniq zarba yo‘llashi kifoya qildi. Ammo VAR xonasidagilar  Duroning golini bekor qildi. Videotakrordan keyin «ko‘rshapalaklar» goli urilgan hujum boshlanishida Depayga fol ishlatilgani tasdiqlandi. Ammo gol bekor qilingan bo‘lsa-da, bu Diyego Simeone uchun ogohlik signali vazifasini o‘tadi va jamoa ikkinchi bo‘limni gol bilan boshladi, «matraschilar» shundan keyin o‘yinni xotirjamlik bilan g‘alabaga olib borishdi, o‘yindagi keyingi ikki golda ham Grizmann golli pasdan oldingi hal qiluvchi paslar muallifi bo‘ldi. Bu g‘alaba Simeone uchun la ligadagi 260-g‘alaba bo‘ldi va bu jamoa tarixida Luis Aragones (344) va Migel Munyos (323)dan keyingi uchinchi natijadir.

«Valensiya» esa «Elche» va «Almeriya» bilan bir qatorda (18-o‘rinda) turnirni tark etishga asosiy da’vogar jamoalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Betis — Malorka 1:0
Gol: Iglesias (48). 

Klasiko boshlanguncha la ligada kun intrigasi Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi to‘rtinchi o‘rin uchun kechayotgan kurash bilan bog‘liq edi. Birinchi qadamni «Betis» tashladi va klubning to‘purar futbolchisi Borxa Iglesias 12-golini urib, «Real Sosedad»ga bosim yukladi. Yashil-oqlar to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha basklar bilan tenglashib oldi, ammo birinchi davradagi o‘zaro o‘yindagi g‘alaba hisobiga turnir jadvalida to‘rtinchi o‘ringa joylashdi.

Real Sosedad — Elche 2:0
Gollar: Kubo (48), Barrenechea (90). 

Shunday ekan, San-Sebastyan jamoasi finishga bu raqibdan ko‘proq ochko jamg‘argan holda yetib borishi talab etiladi. Bu turda Imanola Alguasilya shogirdlari o‘z qarshisidagi vazifani bajarib, 13 fevraldan buyon ilk g‘alabasiga erishdi. O‘yinda hal qiluvchi omil David Silvaning uquvli harakati bo‘ldi, u yil boshidan buyon to‘rtinchi golli pas berdi va Kubo hisobni ochdi. «Sosedad» yana to‘rtinchi o‘ringa qaytdi.

Italiya: Xvicha neapolliklarni chempionlikka yetaklamoqda

Udineze — Milan 3:1
Gollar: Pereyra (9), Betu (45+6), Exizibue (70) — Ibrahimovich (45+4,  penalti).

Ibrahimovich «Milan»ning boshlang‘ich tarkibiga qaytdi va gol urdi. To‘g‘ri, uning ijrosidagi birinchi penalti zarbasini darvozabon burchakdan olib chiqdi, ammo arbitr Zlatanga ikkinchi urinishni taqdim etdi va Silvestri bu safar ham o‘sha burchakka tashlandi, to‘p esa markazdan yo‘llandi. Shu tariqa tarix yozildi — Ibra 41 yoshu 166 kunligida gol muallifiga aylanib, A Seriya tarixida gol urgan eng keksa yoshli futbolchiga aylandi, u milanliklarning boshqa afsonaviy futbolchisi — Alessandro Kostakurtadan o‘zib ketdi.

Lekin bu natija rossonerilar o‘yini bilan mos ravishda ro‘y bermadi. Amaldagi chempion maydon markazida to‘p yo‘qotilgach, tezkor gol qo‘yib yuborgandi, keyin esa Ibrahimovichning golidan ikki daqiqa o‘tmay, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalar oxirida Betu gol urishiga yo‘l qo‘yib berildi. «Zebralar» uchinchi bor Menyan darvozasini ishg‘ol etganida esa, Stefano Pioli jamoasida o‘yinni qutqarish imkoniyati yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Natijada milanliklar to‘rtinchi o‘rinni ham xavf ostida qoldirishmoqda.

Torino — Napoli 0:4
Gollar: Osimhen (9, 51), Kvaratsxeliya (35, penalti), Ndombele (68). 

Bu uchrashuv Rossiya chempionatining sobiq vakillari Miranchuk va Kvaratsxeliyaning qarama-qarshiligi sifatida taqdim etilishi mumkin edi, ammo rossiyalik yarimhimoyachi jarohati tufayli o‘yin qaydnomasiga ham kiritilmadi. Uning o‘rni bir oy o‘ynamagan va jarohatidan tuzalib safga qaytgan, Rossiya chempionatining yana bir sobiq vakili Vlashich bilan to‘ldirildi. Xorvatiyalik futbolchi tanaffusga qadar A Seriyaning eng yaxshi to‘purari Osimhenning 20-goliga munosib javob qaytarishga uringan «Torino»ning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘ldi.

Ammo Sanabriya bir metr masofadan turib to‘pni ustunga qarata tepdi. «Napoli»ga qarshi o‘yinda golli imkoniyatlar ko‘p bo‘lmaydi, lekin yuzaga kelgan kam sonli vaziyatlar boy berilsa — raqib buning uchun albatta jazolaydi. Xvicha bo‘limning ikkinchi qismida penalti ishladi va uni aniq ijro etib, YeChLda «Ayntraxt»ga qarshi birinchi uchrashuvda yo‘l qo‘ygan xatosini tuzatdi. Gurjistonlik vinger uchinchi golli hujumda ham muhim ishni bajardi — uning tovoni bilan bergan pasidan keyin Olivera to‘pni Osimhenning boshiga qo‘ndirib berdi. Tortning bezagi esa Kvaratsxeliyaning Ndombelega golli uzatmasi bo‘ldi. Ushbu futbolchi Italiyadagi ilk mavsumidayoq jamoasining muhim futbolchisiga aylandi va «gol+pas» tizimida 22 ball (23 o‘yinda 12+10) ishlab ulgurdi.

Bo‘lajak chempionlar Turinda shou uyushtirishdi va ikkinchi o‘rindagi jamoa («Latsio») bilan 19 ochkolik farqqa ega. 

Latsio — Roma 1:0
Gol: Dzakkani (65).
Latsio – Provedel, Marushich, Romanoli, Kazale, Hyusay, Luis Alberto, Kataldi, Milinkovich-Savich, Felipe Anderson, Dzakkani (Kancheleri, 81), Pedro (Bashich, 89).
Roma – Patrisiu, Smolling, Manchini, Rojyer, Spinatssola, Veynaldum (Matich, 67), Kristante, Pellegrini (Solbakken, 84), Zalevski, Dibala (Lorente, 46; Al-Sha’roviy, 78), Belotti (Abraham, 67).
Ogohlantirishlar: Rojyer (8), Luis Alberto (25), Romanoli (59), Kristante (71), Manchini (80), Kancheleri (89), Bashich (90+2).
Chetlatishlar: Rojyer (32), Marushich (o‘yindan keyin), Kristante (o‘yindan keyin).

Turning birinchi top-o‘yini shiddatli kechdi. Arbitr uch futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatdi, ulardan birinchisi birinchi bo‘limda raqib oyog‘iga butsasining ostki qismi bilan tashlangan Rojyer Ibanes bo‘ldi. Marushich va Kristante esa o‘yin tugayotganida jazolandi, qolaversa, birinchi bo‘lim oxirida hakam murabbiylar shtabi vakillarini ham tribunaga jo‘natdi.

Dzakkanining ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida olis ustun tomon yo‘llagan aniq zarbasi yagonaligini saqlab qoldi, «Roma»ning javob goli hisobga olinmadi. Natijada «bo‘rilar» «Milan»dan to‘rtinchi o‘rinni olib qo‘ya olishmadi, 11 yil ichida ilk bor mavsumdagi ikki derbida ham g‘alaba qozongan «Latsio» esa kamida «Inter»ning o‘yiniga qadar ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi (keyinroq bu o‘rinni o‘zida saqlab qoldi).

Inter — Yuventus 0:1
Gol: Kostich (23).
Inter – Onana, Dumfris (Bellanova, 83), Darmian (Korrea, 79), de Vrey, Acherbi, Dimarko (D`Ambrozio, 63), Brozovich, Chalxono‘g‘li, Barella (Mxitaryan, 63), Lukaku (Jyeko, 79), Martines.
Yuventus – Shchensni, De Shilo (Kuadrado, 75), Danilo, Bremer, Gatti, Kostich, Rabo, Lokatelli, Fajoli, Soule (Keza, 66; Paredes, 83), Vlahovich.
Ogohlantirishlar: Barella (30), Gatti (31), Rabo (71), Danilo (88), Paredes (90+1), D'Ambrozio (90+7), Brozovich (90+7).

«Inter» va «Yuventus» uchrashuviga turlicha qarash mumkin edi. Jumladan, Italiya Kubogi yarimfinalida ikki uchrashuvdan iborat qarama-qarshilik uchun repetitsiya sifatida ham. Chempionlar ligasiga yo‘llanma uchun kurash sifatida ham, chunki Massimiliano Allegri hamon apellyatsiya «Keksa Sinora»ga jamoadan tortib olingan 15 ochko qaytarilishiga yordam berishidan umid qilmoqda.

Bunga ishonish qiyin bo‘lsa-da, turinliklarga bu motivatsiya bermoqda. Natija uchun o‘ynashni esa «byankoneri» ko‘pchilikdan yaxshiroq uddalaydi. Bu vaziyatlarga nisbatan ehtiyotkorlik bilan yondashishda ham ifodalanadi. Hisob 0:0 ekanida Lukaku va Barellaning kombinatsiyasi Shchensnining seyvi bilan tugallandi. Lekin bu hujumda zarba darvozabon turgan tomonga kelgandi, Kostich esa deyarli shu tarzda amalga oshirilgan javob hujumida uzoq burchakni nishonga olib, Onanaga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.

Bu turinliklarning A Seriya o‘yinlarida «Inter»ga safarda urilgan 100-goli bo‘ldi, bungacha bunday natijaga faqat «Milan» erishgandi. Lekin gol bir necha daqiqadan keyingina hisobga olindi. Bu vaqt mobaynida jamoalar va hakam VAR qarorini kutishdi, videotakror orqali hujum davomida Rabio va Vlahovich qo‘l bilan o‘ynagan-o‘ynamagani tekshirildi. Yakunda «Yuve» foydasiga qaror chiqarildi va bu mavsumdagi ikki «Italiya derbi»sida ham olti ochko olish uchun yetarli bo‘lib chiqdi. «Yuventus» so‘nggi 8 o‘yinning 7 tasida g‘alaba qozongan, bu o‘yinlarning 5 tasida darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. Agar jamoa 15 ochkodan mahrum etilmaganida hozirda 56 ochko bilan «Napoli»ning asosiy ta’qibchisi sifatida ikkinchi o‘rinda borayotgan bo‘lardi (turinliklar yanvar oyida moliyaviy qalloblikda ayblanib, 15 ochkodan mahrum etilgan va 10-o‘ringa tushib ketgandi).

Germaniya: «Bavariya» yetakchilikni boy berdi

Borussiya D – Kyoln 6:1
Gollar: 1:0 – 15 Gerreyru, 2:0 – 17 Aller, 3:0 – 32 Roys, 4:0 – 36 Malen, 4:1 – 42 Zelke, 5:1 – 69 Aller, 6:1 – 70 Roys.
Borussiya D – Mayyer, Zyule, Shlotterbek, Ryuerson (Rote, 79), Gerreyru, Daud (Hummels, 79), Bellingem, Volf, Roys (Reyna, 72), Aller (Modest, 72), Malen (Menyye, 72).
Keln – Shvebe, Shmits, Shabo (Martel, 58), Hyubers, Hektor, Kayns (Husaynbashich, 58), Shiri, Lyubichich (Shindler, 83), Olesen, Adamyan (Mayna, 58), Zelke (Tigges, 69).

«Borussiya»ga birinchi o‘ringa chiqib olish uchun birinchi bo‘limning o‘zi yetarli bo‘ldi. Endi 1 aprel kuni — terma jamoalar o‘yinlari munosabati bilan qilinadigan tanaffusdan keyin — bundesligada «Bavariya»ga qarshi yil o‘yini bo‘lib o‘tadi. Myunxenda anchadan buyon g‘alaba qozona olmayotgan «asalarilar»ga ko‘p narsa bog‘liq — Germaniyada avvalgi mavsumlarda kuzatilmagan chempionlik intrigasi saqlanib qoladimi?.

Bu turdagi o‘yinda esa asosiy masala tezda hal qilindi. Dortmundliklar hujumlarni tindirmadi va istalgan ko‘rinishda gol urishdi. Eng chiroyli gol Roysning birinchi aniq zarbasi bo‘ldi. Bu haqda bahslashish mumkin, ammo uning ikkinchi goli tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Roys uchun bu jamoa safidagi 160-gol bo‘ldi va u klubning hozirgi sport direktori Mixael Tsorkni ortda qoldirib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha klub rekordchisiga aylandi.

Lekin bu Opta statistikasi bo‘yicha — professional darajada. «Borussiya» esa Alfred Preyslerni o‘z tarixidagi eng yaxshi to‘purar deb hisoblaydi. Bu ikki futbolchi o‘ynagan turnirlar darajasi turlicha, qolaversa, turli manbalar uning Dortmundda Ikkinchi jahon urushigacha va urushdan keyin o‘tkazgan o‘yinlari sonini turlicha ko‘rsatadi. Ammo yaqinda klub o‘tmishdagi futbolchisini eng yaxshi to‘purari sifatida rasman e’lon qilibgina qolmasdan, uning hisobidagi gollar soni 177 ta ekanini ma’lum qildi.

Bayyer — Bavariya 2:1 
Gollar: Palasios (55 penalti, 73 penalti) — Kimmix (22). 
Bayyer – Gradetski, Frimpong (Fosu-Mensa, 90+5), Tapsoba, Kossunu, Inkapie, Demirbay, Andrix, Palasios, Virts (Glojyek, 84), Diabi (Ta, 90+1), Adli (Bakker, 84).
Bavariya – Zommer, Kanselu (Koman, 46), Upamekano, Pavar (Stanishich, 56), de Ligt, Goretska (Tel, 76), Kimmix, Myuller (Musiala, 46), Mane (Gnabri, 46), Sane, Devis.
Ogohlantirishlar: Frimpong (39), Pavar (43), Stanishich (64), Upamekano (73), Inkapie (83).

«Bavariya»dan ishdan bo‘shatilgan murabbiylar darvozaboni Toni Tapalovich Noyyerga murabbiylar shtabidan ma’lumot sizdirishda ayblangandi. Ammo muammo jiddiyroq bo‘lib chiqdi. Yulian Nagelsmann bir oy oldin «Bohum»ga qarshi o‘yin (3:0) uchun batafsil taktik reja matbuotga qanday chiqib ketganini topa olmaganini tan oldi.

Qisqacha aytganda, Leverkuzenga tashrif arafasida jamoadagi ichki muhit joyida emasdi. Mavsumning birinchi qismini muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan «Bayyer» endi oldingi holatiga faqat keyingi mavsumida qaytishi mumkin. Ammo hozir ham Xabi Alonso tomonidan jonlantirilgan «aspirinchilar» istalgan raqibga muammo tug‘dira olmoqda. Chempionlar bunga amin bo‘lishdi va Kimmix tomonidan urilgan gol evaziga qo‘lga kiritilgan ustunlik o‘z darvozasiga belgilangan ikki penalti tufayli yo‘qqa chiqdi.

Natijada — «Borussiya» tanaffusga turnir jadvali peshqadami sifatida yo‘l oldi. Dortmundliklar 2019/20 yillar mavsumidan buyon ikkinchi davrada peshqadamlikni ko‘rishmagandi. Endi 1 aprel kuni Myunxenda kechadigan o‘ziga xos klasikoda «Bavariya»ni faqat g‘alaba qanoatlantiradi. Germaniya chempionatida intriga kuchaymoqda.

Fransiya: Messining safari qarimoqdami?

PSJ — Renn 0:2
Gollar: Ekambi (45), Kalimuendo (48). 
PSJ – Donnarumma, Pembele (Zair-Emeri, 46), Bernat (Sanshesh, 55), Bitshiabu, Danilu Pereyra, Mendesh, Verratti, Fabian Ruis (Ekitik, 56), Vitinya, Messi, Mbappe.
Renn – Mandanda, Spens (Traore, 78), Vu, Teate, Omari, Tryuffer (Meling, 5), Due (Guiri, 71), Burijo, Ugoshukvu (Santamariya, 78), Kalimuendo (Sala, 78), Toko-Ekambi.
Ogohlantirishlar: Vu (52), Zair-Emeri (80).

O‘yindan oldin «PSJ» ultra-fanatlarining bir qismi jamoa Chempionlar ligasini tark etishiga asosiy aybdorlardan biri sifatida Messiga hushtakbozlik qilishni rejalashtirayotgani haqida mish-mishlar paydo bo‘ldi. Tarkiblar e’lon qilinayotganida shunday ham bo‘ldi. Bu navbatdagi yoqimsiz vaziyat edi, undan oldinroq Leo Kristofor Galte bilan gaplashib olgach, o‘zini noqulay his qilayotgani uchun mashg‘ulotlarni tark etgani shov-shuv keltirib chiqargandi. Fransuz matbuotida futbolchi va murabbiy suhbati boshqacha talqin etilib, Leo taklif etilayotgan mashqlardan norozi ekani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi.

Bularning bari Leo «Barselona»ga qaytishga qaror qilishi uchun turtki bo‘lmoqda, ayni vaqtda bu amalga oshishiga faqatgina katalonlar klubidagi moliyaviy muammo to‘siq bo‘lib turibdi. To‘g‘ri, Parijdagi tarixga nuqta qo‘yishga ham hali erta. Messi maoshini oshirishni talab qilmaydi, lekin u tushunishni istamoqda: yangi mavsumda «PSJ» qanday holatda bo‘ladi?

Hozirgi jamoa esa barqaror emas, yetakchilar jarohat olishi — haqiqiy falokatga aylanadi. Galte «Renn» bilan o‘yin davomida jamoasi o‘yinini kuchaytirish uchun vositalarga ega bo‘lmaganini aytganida haq edi. Lekin Mbappe o‘zida yuzaga kelgan vaziyatlardan hech bo‘lmasa bittasidan foydalanganida barchasi butkul boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. Ammo u vaziyatlarni yo‘qqa chiqarayotgan va Messining uzatmalaridan foydalana olmayotganida, Burigo to‘pni himoyachilar ortiga tashlab berdi va Toko Ekambi vaziyatdan qanday foydalanish kerakligini ko‘rsatib berdi.

Kalimuendo-Muinga ijrosidagi ikkinchi gol esa — parijliklar uchun og‘riqli zarba bo‘ldi. «PSJ»ning ushbu tarbiyalanuvchisi o‘tgan mavsumda sensatsiya ko‘rsatgan «Lans» tarkibida ajoyib o‘yinlar o‘tkazgandi. Ammo parijliklar ushbu forvardni ijaradan qaytarishdi va «Renn»ga sotib yuborishdi. Natijasi esa — tabloda. Bu turnir jadvalida ham aks etdi, qizil-qoralar chempionlarga qarshi mavsumdagi ikki o‘yinda ham g‘olib chiqishdi.

«PSJ» chempionatda o‘z uyida 2021 yil aprelidan buyon ilk bor yutqazdi. «Park de Prens» egalarining uy uchrashuvlaridagi 35 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasini aynan «Renn» buzgani bejiz emas. «PSJ» qatarliklar qo‘liga o‘tgandan keyin chempionatning uch mavsumida «Renn»ga har ikki davrada yutqazgan.

Messi esa, shu kuni sardorlik bog‘ichida o‘ynagan Mbappedan farqli ravishda, hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagidan keyin muxlislarni olqishlash va ulardan uzr so‘rashga emas, kiyim almashtirish xonasiga yo‘l oldi.

Messi 3 o‘yindan beri gol urolmayapti. Bunaqasi 2022 yil sentabridan so‘ng ilk marta sodir bo‘ldi. 

Kun statistikasi

  • «Oser» darvozaboni Radu o‘z darvozasiga belgilangan 2 penaltining ikkisini ham qaytardi. Liga 1 ning boshqa vakili «Monpelyye» darvozaboni Lekom ham shunday natija qayd etgan.
  • «Rayo Valekano» qatorasiga 3 penaltini aniq ijro eta olmadi. Bu joriy mavsumda top-5 ligalaridagi eng yomon ko‘rsatkich.
  • «Trua» bosh murabbiyi Patrik Kisnorbo 13 o‘yinda 7 ochko jamg‘ardi. Bu Fransiya chempionatida XXI asrda kuzatilgan eng yomon murabbiylik debyutidir.
  • Angliya Kubogida 8 yil ichida APL vakili bo‘lmagan klub birinchi bor yarimfinalga chiqdi, bu chempionshipda 2-o‘rinda borayotgan «Sheffild Yunayted» klubidir.
  • «Benfika» yarimhimoyachisi Joau Mariu joriy mavsumda 12 bor penaltini aniq ijro etdi. Bu borada lissabonliklar afsonasi Eysebio undan yaxshiroq natija qayd etgan — 14 (1966/67).
  • «Jirona» o‘zi hisobda ortda borgan o‘yinlarda vaziyatni o‘nglash orqali jami 13 ochko to‘plagan. Bu la ligada joriy mavsumdagi eng yaxshi ko‘rsatkich.
  • Yevropadagi top-10 ligalarda eng samarador himoyachi «Reyndjers» sardori Tavernyyer bo‘ldi — 19 ball (13+6).
  • 23 yilu 16 kun — «Lids» darvozaboni Melyye APLda 100 o‘yin o‘tkazgan eng yosh darvozabonga aylandi.
  • «Selta»ning joriy mavsumidagi 31 golidan 67,7 foizini Yago Aspas (12) va Gabri Veyga (9) urishgan.
  • «Vilyarreal» tarixida eng katta yoshli dubl muallifi hujumchi Morales bo‘ldi — 35 yoshu 39 kun.
  • 164 o‘yin — 2014 yil avgustidan buyon — «Ayaks» Niderlandiya chempionatida birinchi bo‘limda tanaffusga g‘olib holda chiqib ketganidan keyin o‘yin oxirigacha g‘alabani qo‘ldan boy bermagandi. Bu seriyaga «Feyyenoord» barham berdi, himoyachi Gertrudia esa 89-daqiqada rotterdamliklarning 1969 yildan buyon klasikolardagi eng kecha g‘alaba goli muallifiga aylandi.

Mavzuga oid