Ukrainaga dronlarning tungi hujumi: qurbonlar bor
22 martga o‘tar kechasi Rossiya kuchlari Ukrainaning bir qancha hududlariga Eron dronlari orqali yoppasiga hujum uyushtirdi. Kiyev oblastida hujum oqibatida ikki yotoqxona qisman vayron bo‘lgan, qurbonlar bor.
«Bu tun, 22 mart kuni, dushman Shahed-136 uchuvchisiz uchish qurilmalari bilan navbatdagi yoppasiga aviatsiya zarbasini yo‘lladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 21 drondan 16 tasi bizning himoyachilarimiz tomonidan yakson etilgan», deyiladi Ukraina bosh shtabi xabarida.
Kiyev oblasti harbiy ma’muriyati dastlab dronlarning tungi hujumi oqibatida fuqarolik obekti shikastlangani, uch kishi halok bo‘lib, yetti kishi yaralangani haqida xabar bergandi.
Keyinroq Kiyev oblasti politsiyasi rahbari Andriy Nebitov dron zarbasidan vayron bo‘lgan binoning beshinchi qavati xarobalari orasidan 40 yoshli kishi jasadi chiqarib olinganini xabar qildi.
Qurbonlar orasida — tez yordam haydovchisi ham bor. U dron zarbasi berilgan joyga chaqiruv bo‘yicha yetib kelgandi.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati aniqlik kiritishicha, bu Rjishchev shahrida ro‘y bergan: ikki besh qavatli yotoqxonaning to‘rtinchi va beshinchi qavatlari qisman shikastlangan, kasb-hunar kollejining uch qavatli o‘quv binosi korpusida yong‘in chiqqan.
Hududiy politsiya ma’lumotiga ko‘ra, jami 20 dan ortiq kishi jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan, ulardan biri 11 yoshli bola. Yana besh kishining taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.
Voqea joyida politsiyachilar, qutqaruvchilar va boshqa favqulodda xizmatlar ishlamoqda, jabrlanganlarga yordam ko‘rsatilmoqda.
Ukraina FVDX Kiyev oblastiga dronlarning tungi hujumi oqibatlari aks etgan bir qancha fotosuratlarni namoyish etdi.
Tunda Kiyev shahri, Kiyev oblasti va Ukrainaning boshqa regionlarida havo trevogasi e’lon qilingan. Kiyev hukumati havo hujumidan mudofaa tizimi ishlayotganini xabar qilgan. Shuningdek, Jitomir va Xmelnitskiy oblastlarida ham havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari ishga tushgan.
Jitomir oblastida ham infratuzilma obekti shikastlangan. Jitomir oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Vitaliy Bunechko o‘z telegram-kanalida xabar qilishicha, havo hujumidan mudofaa kuchlari oblast osmonida harakatlangan uchta dronni urib tushirgan. Hujum oqibatida jarohatlanganlar yo‘q.
Odessa viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Yuriy Kruk 22 martga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini oblast hududiga raketalar bilan hujum qilgani haqida xabar bergan. Zarba oqibatida tinch aholi uylari shikastlangan va bir necha kishi tan jarohati olgan, qurbonlar yo‘q.
Mavzuga oid
14:45 / 26.12.2024
Zaxarova: Ukraina mustaqil ravishda yadro qurolini yaratishga qodir emas
11:53 / 26.12.2024
Zelenskiy Ukrainaning Germaniyadagi elchisini almashtirishga qaror qildi
08:05 / 26.12.2024
Bayden Pentagonga Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirishni buyurdi
21:53 / 25.12.2024