O‘zbekiston | 14:30 / 25.03.2023
29365
6 daqiqa o‘qiladi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari qamoqqa olingani aytilmoqda

Afzal Ermatov shu yilning yanvarida tergov organi tomonidan so‘roqqa chaqirilgan. Agentlikdagilar uning yil boshidan buyon ishga chiqmayotganini tasdiqlashdi. Ma’lumot uchun, Afzal Ermatov 2018 yilda juda ko‘p miqdordagi firibgarlik va juda ko‘p miqdorda pora berish kabi jinoyatlarda ayblanib, sudlangan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari Afzal Ermatov Jinoyat kodeksining 205-moddasida (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda gumonlanmoqda. U ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Bu ma’lumotni Kun.uz'ning hukumatdagi manbasi tasdiqladi.

Agentlik matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov rahbarining yanvar oyidan buyon ishga chiqmaganini tasdiqlar ekan, jinoyat ishi va ilgari surilayotgan ayblov haqida ma’lumotga ega emasligini ta’kidladi.

Xorijiy nashrlarda qayd etilishicha, Migratsiya agentligi mansabdorlariga qarshi ochilgan jinoyat ishi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan qo‘zg‘atilgan va 3 yanvar kuni agentlik binosida tintuv o‘tkazilgan. Jinoyat ishi doirasida yana uch mulozim so‘roqqa chaqirilgan, ularning ayrimlari hibsga olingan.

Shu yilning boshida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Migratsiya agentligi ustidan nazorat qilishga mas’ul boshqarma boshlig‘i qamoqqa olingan edi. U migrantlarga aviachipta ustiga narx qo‘yib sotish orqali firibgarlik qilganlikda gumonlanayotgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, agentlikdagi hibsga olishlar bilan vazirlik mulozimining qamoqqa olinishi Janubiy Koreyaga ishga yuborish jarayonida yo‘lga qo‘yilgan korrupsion sxemaning fosh bo‘lishi bilan bog‘liq. Biroq na Mehnat vazirligi va na tergov organi bu haqda hech qanday bayonot bergani yo‘q.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi axborot xizmati Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mansabdorlariga qarshi ochilgan jinoyat ishi kim tomonidan qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, shu organ ma’lumot berishi kerakligi, ayni paytda prokuratura organlari ish yurituvida bunday ish yo‘qligini bildirdi.

2010 yildan 2013 yilgacha Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida rahbar bo‘lib ishlagan, 2022 yilning martidan yana ushbu lavozimga qaytgan Afzal Ermatov 2018 yilda Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a” bandi va 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan ayblanib, jarima jazosiga hukm qilingan.

2022 yil 17 martdan boshliq vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan va 2022 yil 1 noyabrdan rasman to‘laqonli boshliqqa aylangan. Avvalroq Kun.uz u v.b. qo‘shimchasidan xalos bo‘lgani haqida hech qayerda ma’lumot berilmaganiga e’tibor qaratgandi. 8 noyabrdan kuchga kirgan qonunga asosan, muqaddam korrupsion jinoyatda aybdor deb topilganlar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinishi mumkin emas.

Afzal Ermatov – Migratsiya agentligining 5 yil ichidagi yettinchi rahbari hisoblanadi.

2017 yil mart va aprel oylarida Janubiy Koreyada ishlashni istovchilarni ro‘yxatga olish bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlarida kuzatilgan mojaro ortidan agentlikning o‘sha paytdagi rahbari Ulug‘bek Nazarov o‘z lavozimini tark etgandi. 2018 yilning bahorida uning o‘rniga Hojibaxlil Asamov tayinlangandi. Keyinchalik Asomov lavozimini Ravshan Ibragimovga bo‘shatib berdi. Biroq u qamalgach, 2019 yil oxirida agentlikka Baxtiyor Tursunov kelgandi. U 2020 yil yozida lavozimini tark etdi va uning o‘rnini Muhammadzokir Mamatxonov egalladi. Muhammadzokir Mamatxonov 2021 yil fevralida Namangan viloyatining Uychi tumani hokimi sifatida ish boshlagach, agentlik rahbarligiga Xayrulla Umarov tayinlangandi.

“Eng korrupsiyalashgan agentlik”

Har yili minglab o‘zbekistonliklar Janubiy Koreyaga ishlash uchun yuboriladi.

Mahalliy kuzatuvchilar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi nazorat qiladigan jarayonning o‘ta korrupsiyalashganini aytishadi.

Koreyaga ishlash uchun jo‘natish maqsadida odamlardan pora olgan shaxslar va bandlik xizmati xodimlari bilan bog‘liq o‘nlab jinoyat ishlari haqida ma’lumotlar bor.

Ikki yil avval Oliy Majlis deputatlaridan biri agentlikning rahbarlarini korrupsiyada ayblab chiqqandi.

“Avvalo, tashqi migratsiya borasida bir narsani ochiq aytay. Bu gapim uchun har qanday joyda javobimni bera olaman. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi – eng korrupsiyalashgan organdir. Agentlikning rahbarlari ham korrupsionerlar.

Men chet elga shu agentlik orqali chiqib ketayotgan migrantlar haqida gapirmoqchiman. Bu agentlik o‘sha ketayotganlardan noqonuniy ravishda millionlab pul o‘maradi”, – degandi deputat Boymurod Yusupov.

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiya agentligiga qarshi tergov harakatlari birinchi marta bo‘layotgani yo‘q.

To‘rt yil avval agentlikning o‘sha paytdagi rahbarlari uzoq muddatlarga qamalgan. Ular 2018 yilning noyabr oyida katta miqdorda pora olganlikda ayblanib qo‘lga olindi, keyin 12 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Ba’zi manbalar Migratsiya agentligining 20ga yaqin rasmiysi Janubiy Koreyaga ishga ketayotganlardan umumiy 20 million dollar pora olganlikda gumonlanayotgani haqida yozgan edi. Mazkur xabarni oradan bir necha kun o‘tgach, Bosh prokuratura ham tasdiqlagandi.

Janubiy Koreyaga Tashqi migratsiya agentligi orqali ishga ketish kvotasi 5000, yiliga Koreyaga ketish uchun hujjat topshiruvchilar soni esa 100 ming nafardan ko‘proqni tashkil etadi.

Tanlov jaraënining shaffof emasligi tanqidlarga sabab bo‘lib keladi.

Avvalroq Kun.uz 2022 yilda Janubiy Koreyaga ishga yuborish uchun jami 4 ta imtihon o‘tkazilgan bo‘lib, ularning ikkitasi ommaga e’lon qilinmay o‘tkazib yuborilgani haqida yozgandi.

Mavzuga oid